Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ilk bor buyrak ko‘chirish operatsiyasi o‘tkazildi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ilk bor buyrak ko‘chirish operatsiyasi o‘tkazildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘tgan yildan e’tiboran Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, joriy yildan ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi yuqori natija bilan o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari kundalik amaliyotlar qatoridan joy olgan. O‘tgan qisqa vaqt ichida qirq nafardan ortiq bemorga uning yaqinlaridan buyrak ko‘chirib o‘tkazildi. Bundan tashqari, markaz olimlari tomonidan salomatlik bilan bog‘liq o‘ta murakkab vaziyatlarda ham to‘g‘ri qaror qabul qilinib, inson hayoti saqlab qolinayotgani quvonarli. Yaqinda buyrak yetishmovchiligi bilan birga, qandli diabet xastaligidan ham aziyat chekayotgan bemorda xuddi shunday amaliyot bajarildi. Ushbu jarayon shifokorlardan nihoyatda katta mas’uliyat va tajriba talab qilishi bilan ajralib turdi.

Shunday murakkab amaliyotlardan biri Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida ham o‘tkazib kelinmoqda. Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi — o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi.

Bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda yangiyullik 14 yoshli bemor Umidjon Abdumadjidovga 35 yoshli otasi Ilgor Abduqayumov donorligida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi.

— Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar AQSh, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajarilardi, xolos, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xadjibayev. — Mana, bugun yurtimiz tibbiyoti ham ana shu ilg‘or mamlakatlar qatoridan joy oldi. Markazimizda birinchi marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bajardik. Bu operatsiya o‘ta murakkab va noyob usul hisoblanadi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xorij tajribasini o‘rgandik. Shundan so‘ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantatsiyasi bajarildi. Amaliyot Bashkent tibbiyot universiteti rektori, Jahon trnasplantologlari jamiyati prezidenti Mexmet Xaberal bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Operatsiya jarayonida turkiyalik va o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.

Ma’lumot uchun, Mexmet Xaberal Turkiya va Yevropaning bir qator davlatlarida transplantologiya yo‘nalishiga asos solgan professordir.  M. Xaberal buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘ycha 1832 ta, jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha 344 ta operatsiyaga bevosita rahbarlik qilgan. Bashkent tibbiyot universitetida jigar va buyrak transplantatsiyasidan tashqari, suyak ko‘migi, yurak transplantatsiyasi ham o‘tkazib kelinmoqda. 

— Yana bir murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik, — deydi professor Mexmet Xaberal. — O‘zbekistondagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak tarnsplantatsiyasini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilgan ekan. Guvohi bo‘ldikki, mutaxassislar malakasi, texnik imkoniyatlar va markaz sharoitlari yuqori darajada. Bemor U.Abdumajidov surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichida edi. Buyrak o‘z ishini to‘liq bajara olmayotgani bois, qoni gamodializ apparati orqali tozalanib kelgan. Amaliyot yaxshi o‘tdi, deyolaman. Hozirgacha bo‘lgan natijalarning barchasi ijobiy. Tez kunlarda bemor va donor sog‘lom hayotga qaytadi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operatsiyalarni bemalol bajara oladi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring