Reper Ispaniya Qiroliga qarshi
Ispaniyada 32 yoshli reper Pablo Aselning hibsga olinishi kuchli norozilik namoyishlariga sabab bo‘lmoqda va so‘z erkinligi borasida jiddiy bahslarni keltirib chiqardi. Besh kundirki, hukumatga qarshi aholining asosan yoshlar qatlami radikal harakatlari bilan ajralib turibdi.
Musiqachi o‘z qo‘shiqlari matnlarida korrupsiyaga botgan siyosatchilar va monarxni keskin tanqid qilib kelayotgan edi. Qo‘shiqchi o‘z ijodida ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, kapitalizm va AQShning yakkahokimlik siyosatini doim keskin tanqid qilib keladi. Qirollik oilasiga bu yoqmasligi tayin va ijodkorni «xalqning tekintomoq dushmani» deb atagan.
Tanqid va haqorat chegarasi qayerda ekanligini anglashi qiyin bo‘layotgan huquqni muhofaza qilish xodimlari esa uni 16 fevralda qamab qo‘yishi aholini jo‘nbo‘shga keltirdi.
Madrid, Barselona, Granada hamda boshqa shaharlarda ommaviy tartibsizliklar yuzaga keldi. Qahrlangan yoshlar ko‘chalarga olov qo‘ymoqda, transport vositalari, do‘konlarni yoqmoqda, barikadalar qo‘yib, politsiyaga hujum qilmoqda. Hozirga qadar yuzlab kishilar yarador bo‘ldi, o‘nlab fuqaro hibsga olindi.
Pablo Asel aslida 2018 yilda qirol Xuan Karlos Birinchini tanqid qilgani uchun qonunchilikda ko‘zda tutilgan «terrorizmni ulug‘lash» aybi bilan ikki yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. O‘shanga qadar ham bir marta qamalib, yana bir bor katta jarima to‘lab chiqqan edi.
Joriy yil 12 fevralda «odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilgani» va «guvohga tahdid qilganlik» ayblari bilan 9 oyga ozodlikdan mahrum qilinishi bo‘yicha sud qarori chiqarildi.
U sudning bu hukmini bajarishdan bosh tortdi va politsiya chaqirig‘iga borishni istamadi. Leyda universitetida o‘zining 50 nafar tarafdorlari bilan kirib olib, u yerni o‘z qo‘rg‘oniga aylantirdi, qurolli qarshilik ko‘rsatdi. Harbiylar uni kuch vositasida qo‘lga olishga majbur bo‘lishdi.
Ammo kutilmaganda uni himoya qilib, 300 nafar taniqli madaniyat arboblari oyoqqa turdi va murojaatnoma qabul qildi. Ular orasida mashhur rejissyor Pedro Almodovar, aktyor Xaver Bardem va qo‘shiqchi Joan Manuel Serrat ham bor edi.
«Agar biz bugun Pabloni qamalishiga imkon bersak, ertaga oramizdan istagan boshqa bir kishiga bu nomaqulchiliklar daxldor bo‘lib qolishi mumkin», deb xavotir bilan yoziladi xatda.
Reper taqib qilinishini «Amnesty International» xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ham qoraladi va hukmni «adolatsiz» deb atadi.
Odamlar jim yursin...
Bu birinchi misol ham emas. Mayorkalik san’atkor Xosepe Mikele Arenase (taxallusi Valtònyc), politsiya, podshoh va korrupsiyaga botgan siyosatchilarni tanqid qilgani uchun 2018 yilda Madrid Oliy sudi tomonidan uch yarim yil muddatga hukm qilingan edi.
U o‘shanda Belgiyaga qochib ketgan edi. Hanuzgacha rasmiy Bryussel uni tutib berish bo‘yicha Ispaniya talabini qanoatlantirmay keladi. Buni so‘z erkinligini taqib qilish, deb ataydi.
«Terrorizmni ulug‘lash» degan tamg‘a 2015 yilda qabul qilingan Antiterror qonunchiligida aks etgan bo‘lib, bu band konservativ bosh vazir Mariano Raxoy davrida qabul qilingan va xalqaro hamjamiyat tomonidan hanuz tanqid qilib kelinadi.
«Bu qonun odamlarni jim yurishga undaydi», — deydi Nemis-ispan tarixichisi, PEN-markazi sobiq bosh kotibi. – «Chunki hozir basklarning Eta terrorchi harakati yashirin qo‘poruvchilik ishlarini olib borayotgani yo‘q. Tashkilot 2018 yilda o‘zini-o‘zi rasman tarqatib yuborgan».
Ispaniyalik ekspert, Erlangen-Nyurnberg universiteti professori Valter Lyudvig Berneker Ispaniya adliya tizimi hammasini haddan oshirib yubormoqda, deb hisoblaydi.
«Demokratik parlament davlatida haqorat nima? Matbuot har kuni qirollik xonadonidagi korrupsiya haqida ma’lumot berib turganida qo‘shiqchi Aselning bu oilani mafiya to‘dasi deb atashi jazolash uchun asoslimi?
Yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan tanqid bilan haqoratning chegarasini aniqlab olishimiz kerak. Qolaversa, sobiq qirol Xuan Karlosga nisbatan korrupsiya aybi bo‘yicha tergov olib borilayapti.
Ammo uning sudga kelishi mavhum bo‘lib qolmoqda. Agar bu haqiqatdan ham to‘g‘ri bo‘lsa, demak uning so‘zlari chindir», deydi u.
Zamonaviy xonanda Kataloniya g‘arbidagi Lerid shahrida tug‘ilgan. Shu sababli uning hibsga olinishi bo‘yicha noroziliklar, ayniqsa Kataloniyada avjiga chiqmoqda. Qolaversa, reperning Kataloniya mustaqillik tarafdori ekanini ham uning maslakdoshlarini oyoqqa qalqitib turibdi.
Bosh vazir Pedro Sanches norozilik to‘lqinlari tinmayotganidan xavotirga tushib, Ispaniyada so‘z erkinligini himoya qilishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, zo‘ravonliklarga har qanday holatda ham yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.
Guliston Qodirqulova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter