Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ravshan Haydarov O‘zbekiston terma jamoasini vaqtincha boshqarishi haqidagi xabarlar asossiz

Ravshan Haydarov O‘zbekiston terma jamoasini vaqtincha boshqarishi haqidagi xabarlar asossiz

Foto: «Getty Images»

Portugaliyalik mutaxassis, Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidan so‘ng terma jamoamiz boshqaruvini qabul qiladi. Ammo Keyrushga qadar terma jamoani o‘rtoqlik uchrashuvlariga kim boshlab borishi bugun barcha futbol muxlislarini qiziqtirmoqda.

Ayrim futbol saytlarida olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov boshqarishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatilgan edi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, Haydarov terma jamoani boshqarishi haqidagi xabarlar asossiz.

«Terma jamoani boshqarish? Menga bu haqda hali hech kim gapirgani yo‘q. Buni endi sizdan eshitib turibman. Hozir bor e’tiborim U-23 terma jamoamizni Osiyo o‘yinlariga tayyorlashga qaratilgan. Shu bois boshqa narsani umuman o‘ylayotganim yo‘q. Bilasiz, 21 va 25-mart kunlari vodiyda Saudiya Arabistoniga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazamiz. Men qo‘l ostimdagi jamoani shu o‘yinlarga tayyorlayman», — dedi Ravshan Haydarov «Championat.asia» saytiga bergan intervyusida.

Ushbu masala yuzasidan «Xabar.uz» O‘FA matbuot xizmati bilan bog‘landi. Assosiatsiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, bu borada hali aniq to‘xtamga kelinmagan.

«Milliy terma jamoamiz Marokash va Eron terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Ana shu uchrashuvlarga terma jamoamizni aynan kim tayyorlashi va olib borishi haqida hozircha aniq bir to‘xtamga kelingani yo‘q. Bu Ravshan Haydarov, Ro‘ziqul Berdiyev yoki umuman boshqa mutaxassis bo‘lishi ham mumkin», — dedi O‘FA matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 27-mart kungi Marokash va 18 may kuni Eron terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring