Ravshan Haydarov O‘zbekiston Osiyo chempionatida g‘alaba qozonishi uchun yetarli salohiyat borligini aytdi
Ertaga Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati boshlanadi.
Ushbu musobaqada Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi qatnashadi. Osiyo futbol konfederatsiyasining rasmiy saytida terma jamoamizga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. O‘FF rasmiy sayti terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarovning fikrlarini e’lon qildi.
«Saralash bahslaridagi muvaffaqiyatli o‘yinlarimizni Osiyo chempionatida ham namoyish qilmoqchimiz», — deydi Ravshan Haydarov.
Bilasiz, terma jamoamiz o‘tgan yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati saralashida muvaqqiyatli ishtirok etib, Livan, Nepal, BAA terma jamoalarini mag‘lub etgan holda guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgandi
BAAdagi saralashdan keyin o‘tgan 6 oy davomida terma jamoamiz futbolchilari o‘z klublarida yana ancha tajriba to‘plashdi. Ba’zi chiziqlardagi futbolchilar o‘zgargan bo‘lishi mumkin, lekin jamoaning asosi shakllantirilgan. Biz doimiy ravishda har bir chiziqqa eng munosib futbolchilarni saralab bordik.
Birinchi o‘yin hamisha juda muhim. Bizning futbolchilar o‘yinga tayyorlar, musobaqani o‘zimiz istagandek boshlashimizga ishonchim komil. Murabbiyi sifatida Osiyo chempionatida g‘alaba qozonishga salohiyatimiz yetarli, deb hisoblayman. Turnirda g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilishga tayyormiz
Ravshan Haydarov
«Bu turnirda favorit va autsayder yo‘q»
«A» guruhi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh murabbiy barcha jamoalar teng kuchga ega ekanini ta’kidladi.
«Ushbu musobaqada potensial bo‘yicha teng jamoalar yig‘ilgan va musobaqa g‘olibligi uchun barcha terma jamoalar kurashadi. Murabbiy sifatida qaysidir terma jamoaning imkoniyatini yuqori baholamoqchi emasman. Bu turnirda favorit va autsayder yo‘q. Barchaning imkoniyati yuqori va katta salohiyatga ega terma jamoalar ko‘p.
Qatar terma jamoasiga qarshi ilk uchrashuv biz uchun ham, Qatar uchun ham juda muhim. Boisi, musobaqada ilk uchrashuvni g‘alaba bilan boshlash katta ahamiyatga ega. Qatarga qarshi juda ko‘p o‘ynaganmiz. Ammo, bu turli yoshdagi terma jamoalar va turli musobaqalar edi. Aytish mumkin, Qatar juda kuchli va tajribali futbolchilarga ega terma jamoa», — dedi Haydarov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionatidagi dastlabki uchrashuvni 9-yanvar kuni Qatar terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 16:30da boshlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter