Rasul Kusherbayev qamoqxonalarda qiynoqlar aniqlanmayotgani sababini aytdi
Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Inson huquqlari bo‘yicha vakil — Ombudsmanning 2020-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Unda deputat Rasul Kusherbayev Ombudsmanning 2019-yilgi hisobotida 139 mahbusdan qiynoqlar yuzasidan shikoyat kelib tushgani, lekin bu holatlar tasdiqlanmaganini aytib o‘tdi.
«2019-yilgi Ombudsmanning hisobotiga ko‘ra, 139 nafar mahbusdan qiynoqlar bilan bog‘liq shikoyat kelgan. Ombudsman «biz buni prokuraturaga chiqarib, o‘rgandik, lekin birorta holat aniqlanmadi» degandi. Shu yerda masala ochiq qolgan edi. Go‘yoki «mahbuslar bizni qiynayapti» deb, yolg‘on axborot berayapti yoki aldayapti. Ichki ishlarni qamoqxonalar bo‘yicha mas’ul rahbaridan qiynoq holatini tasdiqlanishini asosiy fakti nima deb so‘ragan edim, bu o‘sha yerdagi tibbiy xizmat beradigan ma’lumotnoma bilan ekan. Keyin «Qamoqxonalardagi tibbiy xizmat kimga bo‘ysunadi?» deb so‘radik. Shunda u «qamoqxonani o‘ziga bo‘ysunadi» dedi. Bu o‘z-o‘zidan qiynoqlar aniqlanmayotganiga javob bo‘ldi», — deya ta’kidladi Kusherbayev.
Deputat o‘tgan yilgi hisobotda Ombudsman bu boradagi IIVning yo‘riqnomasini bekor qilish va u yerdagi tibbiyot xizmatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazishni taklif qilganiga to‘xtaldi.
«Haligacha, shu masala ochiq qolib ketdi. Bizga qamoqxonalardagi tibbiy xizmatni ichki ishlardan olib, o‘zini egasiga, Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazishga nima xalaqit beryapti?», — dedi quyi palata deputati.
Ombudsman Feruza Eshmatova o‘tgan yilgi hisobotlarda o‘zi ishtirok etmaganini aytib, bu taklif va tashabbusdan bexabarligini, holat bo‘yicha mas’ul xodimlar javob berishini qayd etdi. «Agar o‘rganishlar bo‘lmagan bo‘lsa, bu yil biz shu masalani o‘rganib chiqamiz», — dedi Eshmatova.
Bu masalada Ombudsman kotibiyat mudiri Saidbek Azimov tushuntirish berdi.
«Bu yerda sog‘liqni saqlash va ichki ishlar, asosan bu ularning kelishuviga bog‘liq. Lekin biz hozir ham shu fikrdamiz, sog‘liqni saqlashni o‘ziga o‘tkazish kerak. Agar Qonunchilik palatasi shu masalani ko‘tarib, qo‘llab-quvvatlasa, muammo o‘z-o‘zidan yechiladi. Yaqinda 13-koloniyaga ham borib keldik. Oylik juda ham past. Tibbiyot xodimlari u yerda fuqaro qatorida, ularni o‘zini muhiti bor. Shu uchun ularni o‘zlarini chaqirib turib, taklifini inobatga olib, yechimini topsa bo‘ladi», — dedi Saidbek Azimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter