Bir guruh odamlar «soqqa» qilib o‘tiribdi – Rasul Kusherbayev Uzauto Motors haqida keskin gapirdi
Sobiq deputat, ayni paytda Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Uzauto Motors haqida keskin fikrlarni aytib o‘tdi.
«Mashina olaman deb qancha o‘zbek yigitlari chetga chiqib ketyapti, ko‘pchiligining o‘ligi qaytib kelyapti. E’tiroz qilasiz-da! Uzauto Motors va O‘zavtosanoatning hozirgi rahbariyati ham qoyil qilib bir nimani o‘zgartirgani yo‘q. Ular hatto prezident topshirig‘ini ham bajarishmayapti.
Monopoliya bo‘libsan, mayli, shunga yarasha arzon va sifatli qil. Bularniki teskarisi. Demak, undan kim foyda ko‘ryapti, degan savol bor-da. Shu yerning o‘zida bir guruh odamlar yashirin yo‘llar bilan «soqqa» qilib o‘tiribdi-da xalq hisobidan.
Eng yomoni, norozichilik. Ommaviy ravishda odamlarni norozi qilgach, nimaga men undan rozi bo‘lishim kerak?! Menga qolsa, u yerdagi rahbarlarni bir kun ham ishlatmasdim. Zavodni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish kerak.
O‘zi ilojsiz edi-ku, lekin baribir Uzauto Motors bilan sud jarayonida biz qonuniy harakat qildik. Ya’ni boshqalar noqonuniy ishlasa-da, odamlar qonun yo‘li bilan borishi kerak. Shu orqali monopolistlarimiz, sudimiz ahvoli qandayligini bilib olish imkoniyati bo‘ldi», dedi Kusherbayev.
Rasul Kusherbayev suhbatning to‘liq video talqinida unga tish qayragan dushmanlari, so‘z erkinligi va boshqa dolzarb masalalarni ham ko‘targan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter