Rasul Kusherbayev: «Mas’ullarga to‘rtta iltimos»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yana bir bor «snos»lar bilan bog‘liq og‘riqli masalani ko‘tardi va «uy buzishda faol» bo‘lgan mas’ullarga iltimos bilan murojaat qildi.
Boshpana qurish oson ish emas. Inson yillar davomida mablag‘ jamg‘arib quradi, uyi bitsa dovondan o‘tgani uchun «uy to‘yi» qiladi.
Biroq so‘nggi vaqtlarda «uy to‘yi» ayrim yurtdoshlarimizga tatimayapti. «Uy buz-uy buz» ishlari avjiga chiqayotgani xalqimizdagi mardlik va bag‘rikenglik sifatlari ayrim mas’ullarda yetishmayotganligini ko‘rsatmoqda. Baxona tayyor – qishloq xo‘jaligi uchun sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalikdan tozalash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.
Ammo qishloqda uy qurgan odam tomorqasidan foydalanib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shadi. Buni ko‘rishga esa ochiq ko‘z kerak.
Alamli joyi bir qaysidir mas’ulning qarori bilan qonuniy, deb berilgan ayrim yer uchastkalari kimningdir aybi bilan sug‘oriladigan yer toifasida qolib ketgani uchun fuqaro aybdor bo‘lib chiqayapti. O‘sha vaqtda yer ajratishga qaror chiqargan shaxslar esa bugun «adashganlar».
Bu bugungi avlod mas’ullarining ikkiyuzlamachiligi emasmi? Davlat rahbarining odamlarni rozi qilish yo‘lidagi shuncha sa’y-harakatlariga mas’ullarning shunday javob qilishi qaysi qolipga sig‘adigan ish?
Bu ham mayli, «sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz... Har bir insonning taqdirini hal etishda ongimizda – adolat, tilimizda – haqiqat, dilimizda esa poklik ustuvor bo‘ladi», deya bag‘rikeng xalqimizga murojaat qilgan O‘zbekiston sud’yalarining ayrimlari «ochko» olish niyatidagi hokim, prokuror «bu yer sug‘oriladigan yer», deb mushtlab da’vo qilganiga shart uyni buzishga qaror chiqaraversa, haqligini isbotlashga uringanni og‘zini ochtirmasa, odamlar dodini kimga aytsin?! Allohning inoyati, tabiat sahovati bo‘lgan ona yer bag‘rida yashash uchun uy qurmoqchi bo‘lgan odamni jinoyatchiga chiqarish adolatdanmi o‘zi?
Bir qator viloyatlar qatori Toshkent viloyatining tumanlarida avjiga chiqqan bunday ishlar ongimizda shakllangan inson qadri aziz, degan tushunchaning yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘layotgani achinarli.
Mayli asosiy masalaga o‘tsam.
Qisqasi «uy buzishda faol» bo‘lgan mas’ullardan to‘rtta iltimosim bor.
Birinchisi, kimningdir uy-joyini qishloq ho‘jaligidagi sug‘oriladigan yer, deb buzishga qaror chiqarishda, avvalo, farzandlaringiz, oilangiz yashayotgan uy-joyning qanday yerdaligi va qancha katta maydonni egallab turganini bir tanangizdan his qilib ko‘rib qaror chiqaring. Aks holda sizning ishingiz kambag‘alga nisbatan zulm qilishdek gap. Chunki siz zo‘r berib buzayotganingiz boyni emas, kambag‘alni uyi bo‘lib chiqayapti.
Ikkinchisi, yo‘l bo‘ylarida biznes uchun qishloq xo‘jaligi yerlaridan yuzlab «zapravka», savdo do‘konlariga ko‘z yumib ajratib berayotgan yerlar ko‘zingizga oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid bo‘lib ko‘rinmaganidek, oddiy inson yashash uchun qurayotgan uy-joylarga ham ana shunday qarich bilan qarang. Ularga ham yerni qiymatini to‘lab, uylarini buzilishdan saqlab qolishiga imkon bering. Bo‘lmasa tenglik buziladi.
Uchinchisi, o‘z davrida aholiga uy joyga yer berish ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, bugun sug‘oriladigan yerlarni qaytarish ustuvordir balki. Biroq bu ustuvorlik davlatni lafzidan qaytadigan qilib ko‘rsatish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Mas’ullar o‘zgarsa ham, davlatning fuqarolar oldidagi lafzi qat’iy va o‘zgarmasligiga amal qiling.
To‘rtinchisi, fuqarolarning ko‘chmas mulklarini o‘zboshimcha, deb topishda qonunlarimizdagi adolat tamoyilidan kelib chiqib, birinchi navbatda ularning aybsizligini isbotlashga urinish va «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etishni unutmang. Zero, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonunning 59-moddasida «Agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim» deb belgilab qo‘yilgan.
Men bilgan qonunlarimizning mohiyatida odamlarga yengillik yaratish, ularning harakatida aybsizlikni isbotlash yotadi. Agar buning aksi bo‘lsa ko‘chada turgan simyog‘ochdan ham ayb topish mumkin.
Gapim qaysidir hokim, prokuror, sudya va boshqalarga tegib ketgan bo‘lsa, ulardan uzr so‘ramayman. Tegmaganlardan uzr, — deb yozadi deputat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter