Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Rasmiy xabarga ishongan fuqarolarda nima ayb?

Rasmiy xabarga ishongan fuqarolarda nima ayb?

Foto: IIBB

25 mart kuni Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi o‘zining rasmiy sahifalarida «Diqqat! Rasmiy xabar!» degan sarlavha bilan bir xabar tarqatgan edi.

Ushbu xabarda 24 martdan boshlab Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘limida fuqarolar qabuli vaqtincha to‘xtatilganini hamda belgilangan muddatlarda mashinalarini texnik ko‘rikka taqdim qila olmagan fuqarolarga nisbatan vaqtincha ma’muriy choralar ko‘rilmasligini RASMAN e’lon qilishgan edi.

Ammo kecha bo‘lib o‘tgan brifingda fuqaroning stikeri bo‘lsa ham, lekin 10 aprelda texnik ko‘rik muddati tugaganligi sababli, fuqaroning mashinasi jarima maydoniga qo‘yilganini ma’lum qilishdi.

«Shuning uchun bilib qo‘ying, stiker Sizga karantin davomida harakatlanish ruxsatini bergani bilan, boshqa hujjatlaringiz to‘liq bo‘lmasa, Siz jarimaga tortilasiz» deya ta’kidlandi.

Endi menda mutasaddilarga 2 ta savol bor:

1) IIV YHXBBning rasmiy (!) xabarida «texnik ko‘rik muddati o‘tganlarga ma’muriy chora qo‘llamaymiz» deya aytilganiga ishonib, ko‘chaga chiqqan fuqaroda nima ayb? Texnik ko‘rikdan o‘tmaganlarga jarima qo‘llanmasligini biz emas, vazirlikning o‘zi aytgan ediku?

2) karantin tufayli agar texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmatini rasmiylarning o‘zlari to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsa, unda texnik muddati kelgan fuqarolar nima qilishi kerak? O‘zimiz texnik ko‘rikdan o‘tkazishni to‘xtatib, yana o‘zimiz jarima qo‘llasak, mantiqsizlik bo‘lmasmikin?

Izoh-1: «ko‘chada yurmasdan, uyida o‘tirsin» deyishingiz ham mumkin, lekin gap shunchaki ko‘chada aylanib yurganlar haqida emas, aynan stikeri bor, ya’ni rasman avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat berilgan shaxslar haqida ketayotganini unutib qo‘ymaylik.

Izoh-2: 23 mart sanasidan pasport, yashash guvohnomasi olish, almashtirish, propiskani rasmiylashtirish, viza va yashash guvohnomasi muddatini uzaytirish bo‘yicha Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlariga murojaat qila olmagan shaxslar pasport tizimi va bo‘lish qoidasini buzgan deb hisoblanmaydi, deb rasman e’lon qilingan edi. Agar hozirgi analogiyadan kelib chiqsak, pasport muddati o‘tgan yoki vaqtinchalik propiskasi tugaganlarga amalda baribir jarima qo‘llashmasmikin?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring