Rasmiy Boku xalqaro hamjamiyatni «mina terrori»ga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi Terter tumanida mina portlashi oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lgani yuzasidan bayonot berdi.
«Terterdagi mina portlashi uch tomonlama shartnomaning 6-bandini qo‘pol ravishda buzayotgan Armanistonning asosiy maqsadi Ozarbayjonga ishonchli mina xaritalarini bermaslik va Ozarbayjon hududida mina joylashtirish hamda harbiy harakatlarni davom ettirish ekanini yana bir bor ko‘rsatdi», – deyiladi bayonotda.
Rasmiy Boku qo‘shni davlatni urushdan keyingi tiklash ishlariga to‘sqinlik qilishda ham ayblagan.
«Biz xalqaro hamjamiyatni Armanistonning o‘z xalqaro majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzayotgani, jumladan, qasddan mina o‘rnatish siyosatiga ko‘z yummaslikka chaqiramiz», – deyiladi bayonotda.
Joriy yil 28 aprel kuni Terter tumanida mina portlashi natijasida 3 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi. Ozarbayjon bosh prokuraturasi holat yuzasidan jinoiy ish ochgan.
Qayd etilishicha, 2020 yilgi 44 kunlik urushdan keyin mina portlashi oqibatida 54 kishi halok bo‘lgan.
Avvalroq Ozarbayjon Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Sabina Aliyeva ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda mina portlashi oqibatida qurbonlar soni oshib borayotgani yuzasidan xavotir bildirib, bu borada xalqaro hamjamiyatni faollikka undagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter