Rasmiy Anqara: O‘zbekiston qo‘shilgach, Turkiy kengash yanada qudratli tuzilmaga aylanadi
Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashi o‘tgan yillar davomida dunyo hamjamiyatida mustahkamga o‘ringa ega bo‘ldi. Bu haqda mazkur tuzilma tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan Turkiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotda so‘z boradi.
Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston yetakchilari 2009-yil 3-oktyabrda turkiy tilli davlatlarning o‘ziga xos ittifoqi tamal toshini qo‘ygan edi.
«Joriy yil 15-oktyabrda Boku shahrida o‘tadigan Turkiy kengashning VII sammiti tashkilot uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ushbu sammitda O‘zbekiston tashkilotining teng huquqli a’zosi sifatida qabul qilinadi. Tashkilot uchun yana bir muhim hodisa bu Turkiy kengashning Yevropa idorasi ochilishidir», – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan 10 yil ichida ittifoqning tarkibiy tuzilmasi shakllandi. Xususan, Parlament assambleyasi, Turk madaniyati xalqaro tashkiloti, Turk akademiyasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi, Turk biznes kengashi hamda Turk savdo-sanoat qo‘shma palatasi ta’sis etildi.
«Qardosh va do‘st mamlakatlarning madaniyat, tarix va til borasidagi mushtarak ildizlariga asoslangan Turkiy kengash Yevroosiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo‘shish maqsadida kelajak sari dadil odim otmoqda», – deyiladi Turkiya tashqi siyosat mahkamasi bayonotida.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2018-yili yurtimizga rasmiy tashrifi davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo bo‘lishini taklif qilgan edi.
Shu tariqa 2018-yil 3-sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Shavkat Mirziyoyev birinchi marta O‘zbekiston nomidan faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Joriy yil 13-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasini qabul qildi. Demak, O‘zbekiston ushbu tuzilmaga beshinchi a’zo sifatida qo‘shilmoqda.
Kuni kecha Turkiyaning yurtimizdagi elchisi Mehmet Surayya Er mahalliy matbuotga bergan intervyusida O‘zbekiston qo‘shilishi bilan Turkiy kengash yanada qudratli bo‘lishini ta’kidladi.
«O‘zining boy tarixi, aholisi va dinamikasi bilan O‘zbekiston Turkiy kengashga salmoqli hissa qo‘shishi aniq. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi O‘zbekistonni jalb etgan holda, iqtisodiyot, ta’lim, yoshlar va sport, turizm hamda transport sohalarida yanada turfa va samarali loyihalarni amalga oshirish uchun o‘ziga xos salohiyatga ega bo‘ladi», – dedi turk diplomati.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilotdir. Uning faoliyati turkiyzabon mamlakatlar o‘rtasida qardoshlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter