Rasman! Bir qator cheklovlar olinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargayotgani bois 22-apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlagan edi. Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joylardagi vaziyat o‘rganildi. Har bir tarmoq va hokimliklardan asoslangan takliflar olindi.
Yig‘ilishda ushbu taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish sub’yektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.
Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Lekin, koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli, odamlar ko‘p to‘planadigan ob’yektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma’lum muddatgacha saqlanib qoladi.
Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.
– Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter