Raqamli markirovka marketpleyslarda: onlayn xaridlar qanday qilib xavfsizroq bo‘lmoqda

Onlayn xarid qilish iste’molchilar ongini o‘zgartirdi va chakana sotuvchilarning biznesini qayta shakllantirdi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xususiy sotuvchilarga bozorga oson kirish imkoniyatini yaratdi. Internet-do‘konlar juda keng turdagi mahsulotlarni taklif qiladi, shuning uchun «divanda o‘tirib xarid qilish» zamonaviy inson hayotining ajralmas qismiga aylandi. Ammo reklamadagi tovar surati har doim ham oxir-oqibat buyurtmachining qo‘liga yetib boradigan mahsulotga o‘xshamasligi mumkin.
Bunday hollarda ishlab chiqaruvchi xaridorlarning ishonchini qanday qilib yo‘qotmasligi mumkin, ayniqsa bu mijozlar eng yuqori sifatni kutayotgan jahon brendlariga tegishli maishiy texnikani sotishga taaluqli bo‘lsa? Internetda taklif qilinayotgan tovarlarga qanchalik ishonish mumkin?
Bugungi kunda raqamli markirovka marketpleyslarga bo‘lgan ishonchni oshirishning samarali vositasiga aylanmoqda. U takliflarning xilma-xilligida qiyinchiliksiz mo‘ljal olish va faqat sinalgan tovarlar va ishonchli sotuvchilar foydasiga tanlov qilish imkonini beradi.
Ayni paytda O‘zbekistonda 50 dan ortiq marketpleyslar faoliyat yuritmoqda, ularning 17 tasida maishiy texnika sotiladi. «Asl Belgisi» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil uchun markirovkali texnika savdosi bo‘yicha yetakchi o‘rinlar mahalliy platformalarga tegishli - Uzum Market (138 412 dona), Alif Shop (210 174 dona) va Zood Mall (11 095 dona).
Onlayn platformalarda ishlab chiqaruvchi korxonalar, distribyutorlar, maishiy texnika importchilari, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi «Maishiy texnika vositalarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi 148-son qaroriga muvofiq, marketpleysda ro‘yxatdan o‘tishda tadbirkorlar quyidagi qonunga rioya qilishlari shart: savdo xavfsizligini ta’minlash uchun faqat markirovkalangan maishiy texnika vositalarini sotish. Chakana savdo korxonasi majburiy tartibda sotish chog‘ida beriladigan chekda markirovka kodini aks ettirishi kerak.
Raqamli markirovka iste’molchilarga nafaqat kontrafaktdan himoyalanishga, balki ishonchli tovarlarni ishonch bilan tanlashga yordam beradi. U onlayn xaridlarni shaffof qiladi va soxta mahsulotlarni sotib olish xavfini kamaytiradi.
Mahsulotni sotib olishdan oldin uni qanday tekshirish kerak?
Xaridorlar «Asl Belgisi» (Android / iOS) mobil ilovasini yuklab olish orqali maishiy texnikani olish paytida haqiqiyligini tez va oson tekshirishlari mumkin. Uning funksiyasi juda oddiy: Data Matrix kodini skanerlash kerak va bu ishlab chiqaruvchi va mahsulotning o‘zi haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘qish imkonini beradi. Data Matrix kodlari faqat asl mahsulotga qo‘llaniladi. Import haqida gapiradigan bo‘lsak, faqat mamlakatga qonuniy ravishda olib kirilgan mahsulotlarga qo‘llaniladi. Data Matrix kodini qalbakilashtirishning iloji yo‘q. Shuning uchun, agar kod o‘qilmasa yoki umuman qo‘llanilmagan bo‘lsa, bu bunday mahsulotni sotib olish va uning sifati haqida o‘ylanib qolishga sabab bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, «Asl Belgisi» mobil ilovasi jamoatchilik nazoratining samarali vositasi hamdir. Uning funksiyalari yordamida iste’molchi nafaqat maishiy texnika, balki dori vositalari, pivo va alkogol mahsulotlari, tamaki, shuningdek, shirin ichimliklar va suvning haqiqiyligini tekshirishi mumkin. Bu qonunga rioya qiluvchi ishlab chiqaruvchilarning huquqlarini himoya qilishga, bozorni «oqlashga» va sog‘lom raqobatni yaratishga yordam beradi.
Xavfsizlik - birinchi navbatda
Kontrafaktni sotib olmaslik uchun ehtiyot bo‘lish va xarid qilinayotgan mahsulotdagi markirovka kodiga e’tibor berish kerak, u dazmol yoki kir yuvish mashinasi bo‘lsin. Kodning yo‘qligi ehtiyot bo‘lish uchun sabab. Bu maishiy texnika noqonuniy olib kirilgani, sotuvchi esa qonunni buzganini anglatadi. Bunday holda, xarid qilishdan voz kechish va uni qaytarishni rasmiylashtirish yaxshiroqdir.
Onlayn xarid xavfsizligi nafaqat sotuvchining mas’uliyati, balki sizning ehtiyotkorligingiz hamdir. Uchta oddiy qadam - kodni skanerlash, ma’lumotni tekshirish va tasdiqlangan mahsulot foydasiga tanlov qilish - sizni moliyaviy yo‘qotishlardan asraydi va vaqtingizni tejaydi. Xaridni amalga oshirishga oqilona yondashuv xavflarni kamaytirishga va onlayn xaridni iloji boricha yoqimli qilishga yordam beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter