Ramzan Qodirov Ukrainadan keyin Polshani «denatsifikatsiya» qilish kerakligini aytdi
Chechiniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainadan keyin Polshani «natsistlardan tozalash va qurolsizlantirish» (denatsifikatsiya va demilitarizatsiya) qilishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozdi.
Ramzan Qodirov Polsha rasmiylarining AQShdan «Polsha Ukrainaga bergan qurol evaziga» yangi qurol so‘raganiga izoh bergan.
«Ukrainani qo‘llab-quvvatlash doirasida Varshava o‘zining harbiy resurslarini tugatib qo‘yib, sarosimaga tushmoqda: agar harbiy harakatlar muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng, Rossiya keyingi mamlakatni denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilishni boshlasa nima bo‘ladi? Axir, xaritada Ukrainadan keyin Polsha turibdi!» – deb yozgan Qodirov.
Shuningdek, u «satanizm»ga qarshi kurash butun Yevropa va birinchi navbatda, Polsha hududida davom etishi kerakligini ta’kidlagan.
Qodirov Rossiya Sileziyada referendum o‘tkazishda «tashkiliy yordam ko‘rsatishi» mumkinligini ta’kidlagan, chunki uning fikricha, Polshaning bu hududi go‘yo «alohida mustaqil maqomga loyiq va u yerda zudlik bilan referendum o‘tkazish zarur». Sileziya Chexiya Respublikasi bilan chegarada joylashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter