Ramazon hayitini nishonlash va Hayit namozini o‘qish tartibi e’lon qilindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining 2020-yilgi Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonoti e’lon qildi.
– Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Yurtimizda bu kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etildi.
Qat’iy karantin choralarini qo‘llash bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlariga nisbatan ham, kunlik yangi holatlar ham past darajada saqlanib turibdi. Yurtimiz ushbu ofatdan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishmoqda va vaziyat barqarorlashgani sari karantin choralari sekin-asta yumshatilmoqda. Lekin, butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh vaqt namoz va Ramazon oyidagi tarovih namozini uyda o‘qish haqidagi tavsiyalar ayni Ramazon hayiti namoziga ham tegishlidir.
Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi.
Shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi karantin sharoitida Ramazon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni taqdim etadi:
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosi asosida masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini o‘qish ham mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘ladi.
Yurtdoshlarimizga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.
- Ulamolar va imom-xatiblar tomonidan bugungi vaqtinchalik qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazon hayiti har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayz-u baraka kirishi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risida, ommaviy axborot vositalari, tele, radiokanallar, bosma va elektron nashrlarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari amalga oshirilsin.
- Hayit arafasida va bayram kunlari yoshi ulug‘ keksalarimiz va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlarimiz bilan bog‘liq an’analarimizni karantin talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish tavsiya etilsin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkeng shahri va viloyatlarning markazlarida «Ramazon hayiti – xayru saxovat ayyomi», «Ramazon hayiti – xursandchilik mavsumi», «Iydul fitr – katta shodiyona» mazmunidagi yozuvlar peshlavhalari joylashtirilsin.
- 2020 yil 24 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon hayiti tabrigi yurtimiz ahliga yetkazilsin. Ushbu tabrikdan so‘ng eng tabarruk ulamolar tomonidan Ramazon hayiti fazilatlari to‘g‘risida televideniya orqali intervyular tizimli ravishda davom ettirilsin.
- Ramazon hayiti arafasida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, homiylarni jalb etgan holda «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati keng qamrovli amalga oshirilsin.
- Ramazon hayiti arafasida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko‘rsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro‘li diniy ulamolarimiz tomonidan tashkil qilinsin va keng yoritilsin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, «Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!» mavzusidagi ma’ruzalarni Ramazon hayiti kuni onlayn tarzda berib borish tashkil etilsin.
Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofat-u kulfatlardan, balo-yu qazolardan O‘zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter