Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramazon aytib keldik eshigingizga...

Ramazon aytib keldik eshigingizga...

Beixtiyor o‘zimiz ham qo‘shilib ijro etardik: «Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga!»

Bu galgi Ramazonning ilk iftori meni uzoq o‘yga toldirdi. Yaratganga shu muborak va sinovli kunlarga yetkazgani uchun shukur bildirib, fotiha o‘qidik. Avvallari dasturxon yig‘ishtirilmasidan odatda mahalla bolalarining quvnoq (borgan sari baland) ovozlari yangrardi.

Ha, barchamiz uchun qadrdon hamda beg‘ubor damlarni yodga soluvchi bu xalq ijodiyoti qo‘shig‘i qutlug‘ oy kirib kelishi bilan qalblarimizdan joy egallardi. Onaxonlarimiz, opa-singillarimiz shomdan keyin eshik taqillatuvchi qo‘shnilarning farzandlariga atab non, turshak, qand-qurs, meva va boshqa yeguliklar tayyorlab qo‘yishardi, saxiy otalarimiz, aka-ukalarimiz esa ozroq pul ajratishardi.

Bugun iftorlik tugagach, karantin tartibi xayolimdan ko‘tarilib, shoshib darvoza tomonga qaradim. Oldinlari esa ayni vaqtlarda atrofdan katta-kichik bolakaylarning ovozi eshitilardi. Endi esa hammadan ko‘ra ularga qiyin bo‘lyapti, zerikishyapti, o‘rtoqlari bilan o‘ynolmayapti, deb dillab o‘tirganimda birdan 6 yoshli o‘g‘lim Ibratbek qo‘limni ushlab, «Dada, yuring, mana belbog‘, Ramazon aytaylik!» desa bo‘ladimi.

Darrov unga «Polvonim, vaziyatni ko‘rib turibsan-ku, ko‘chaga chiqish mumkinmas. Xudo xohlasa, hayit bayramida yaqinlarnikiga, shaharga, bozorga borishimiz uchun yaxshi niyat bilan duo qilaylik. Kel, menda zo‘r taklif tug‘ildi, hozir narigi xonadagi bobong va buvinglarni hayratlantirib, oldilariga «Ramazon»ni kuylab aytib kiramiz», deganimdan so‘ng chehrasi ochilib, «Urra!» deya chopqillab ketdi. Ixchamgina belbog‘imizga yuqorida sanaganlarimiz qo‘sha-qo‘sha tashlashdi, ularni hozir o‘g‘lim yoniga qo‘yib, xursand holda uyquga yotdi. Xullas, ikkimizning chiroyli maqsadimiz hosil bo‘ldi, kichkintoyning nozik ko‘ngli ko‘tarildi...

Baribir shoirning she’ri yana esimga tushadi:

Kimsasiz ko‘chalar, bo‘m-bo‘sh bog‘larda

Achchiq bir haqiqat kezar ohlarday.

Bolalar yayrashi kerak chog‘larda

Ko‘rgani hadikli dunyodir endi.

Sen – ne imtihondan omon o‘tgan xalq,

Boshidan ne yaxshi-yomon o‘tgan xalq,

Qoningdan qonimga imon o‘tgan, xalq,

Bir-birovga mehring shifodir endi.

Orifjon Jo‘rayev, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring