Rafiqasi va farzandlaridan ayrilgan jurnalist bu gal to‘ng‘ich o‘g‘lini qabrga qo‘ydi
7 yanvar kuni G‘azo sektorida Isroil bombardimoni oqibatida falastinlik ikki jurnalist – 27 yoshli Hamza Dahduh hamda 20 yoshli Mustafo Turayya halok bo‘ldi. Palestine Today telekanalining ikki jurnalisti esa jarohatlangan. Gumanitar hudud deb belgilangan hududda ketayotgan OAV xodimlarining avtomobiliga Isroil armiyasi raketa bilan zarba bergan. Ular tinch aholi vakillaridan intervyu olgani ketayotgan edi.
Hamza Dahduh «Al-Jazira»ning taniqli jurnalisti, telekanalning G‘azodagi muxbirlik byurosi rahbari Voil Dahduhning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. G‘azoda urush boshlangandan buyon Voil Dahduh o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishlarga uchramoqda. 2023 yil 25 oktyabr kuni Isroil aviahujumi oqibatida uning rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasi halok bo‘lgan edi. Ular xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra daxlsiz sanalgan qochqinlar lagerida jon saqlayotgan edi.
Dekabr oyida esa Isroil hujumi oqibatida Voil Dahduhning o‘zi jarohatlangan.
To‘ng‘ich o‘g‘lini ham tuproqqa qo‘ygan jurnalist musibat va yo‘qotishlarga qaramay, dunyo ahliga G‘azoda ro‘y berayotgan hodisalarni ko‘rsatishda davom etishini ma’lum qilgan.
«Al-Jazira» rahbariyati jurnalistlarga qilingan suiqasdni keskin qoralagan va aybdorlarni jazolashga chaqirgan.
The New York Times gazetasi xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi tomonidan jurnalistlarning o‘ldirilishi haqiqatni yashirish yo‘lidagi harakat deb baholangan.
Yaqinlaridan ayrilganiga qaramay, iroda va imon kuchini namoyish etib, jurnalistlik faoliyatini davom ettirayotgan Voil Dahduh Falastin xalqining jasorati va matonati timsoliga aylandi.
G‘azo sektori jurnalistlar va ularning yaqinlari uchun dunyodagi eng xavfli hudud bo‘lib qolmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda 109 nafar falastinlik jurnalist halok bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, 20 yil davomida Vetnam urushida 63 nafar va 6 yil ichida Ikkinchi jahon urushida 69 nafar OAV xodimi dunyodan ko‘z yumgandi.
Avval xabar berganimizdek, 2023 yil dekabr oyi boshida Isroil tashlagan bombadan «Anadolu» axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning o‘nlab yaqinlari vafot etdi.
Jabaliya qochqinlar lageri bombalanishi oqibatida esa «Al-Jazira» telekanali Arab xizmati muxbiri Mo‘min al-Sharafiyning 22 nafar oila a’zosi – ota-onasi, aka-singillari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari halok bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter