Quvada «Gilos sayli» festivali o‘tkazildi

2025 yil 28 may kuni Farg‘ona viloyati Quva tumanida «Gilos sayli» festivali o‘tkazildi. Tadbir «Mikrokreditbank» ATB hamda «Quva-Agro Star» MChJ tomonidan tashkil etildi. Unda bank rahbariyati, viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, bog‘bonlar, tadbirkorlar, sayyohlar, OAV hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Bank axborot xizmati xabar berishicha, tadbirda mevali bog‘ yaratish istiqbollari, yurtimizda yetishtirilgan mevalarning xorijga eksport qilish imkoniyatlari, erishilgan natijalar, galdagi vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur festival doirasida agrosanoat sohasini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan seminar tashkil etildi.
Shuningdek, «Gilos sayli» doirasida «Mikrokreditbank» ATB mutasaddilari tomonidan so‘nggi oylarda Quva tumanida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi va bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 30 yanvarida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident tomonidan tijorat banklariga aniq hududlar biriktirilib, ular orqali agrar sohani qo‘llab-quvvatlash topshirilgan edi.
Mikrokreditbankka Quva tumani biriktirildi. Shunga muvofiq, Quva tumanida «Quva-Agro Star» MChJ, Farg‘ona tumanida esa «Farg‘ona-Agro Star» loyiha ofisi tashkil qilindi.
Mazkur tuzilmalar orqali:
- agrar sohada o‘quv-seminarlar tashkil etildi (jumladan, turkiyalik mutaxassis va mahalliy agronomlar ishtirokida 10 ta seminar);
- Belorussiyadan xalqaro ekspert jalb etildi;
- aholi tomorqalari va ijara yerlari xatlovdan o‘tkazildi;
- 8 ta, umumiy qiymati 11,2 mlrd so‘mlik (8 mlrd so‘mi kredit) loyihalar shakllantirilib, «Bog‘dorchilik» kredit mahsuloti asosida moliyalashtirildi;
- Quva va boshqa tumanlarda muzlatkichlar, qadoqlash va konservalash infratuzilmalari qurilishi boshlandi.
Bank tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming nafarga yaqin aholi va qishloq xo‘jaligi subektlariga 50 mlrd so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratilib, mevali bog‘lar tashkil etishga yordam berildi.
Bu ishlar hududda eksport salohiyatini oshirishda ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, 2025 yil 27 may holatiga ko‘ra, gilos — 13 ming tonna 23,5 mln dollarlik, o‘rik — 8 ming tonna 6,5 mln dollarlik, quritilgan o‘rik (turshak) — 6,2 ming tonna, 9,2 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Shuningdek, joriy yilning fevral-may oylarida Quva, O‘zbekiston va Beshariq tumanlari hamda Quvasoy shahridagi 236 ta xonadonga 11 ming dona mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib berildi va ekildi.
Xulosa qilib aytganda, Quva tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va aholi farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter