Qulog‘iga lag‘mon osgan deputatning «boshida yong‘oq chaqish» boshlandi
Rossiya kommunistik partiyasining Samara viloyati dumasidagi deputati Mixail Abdalkin prezident Putinning Federal majlisga murojaatini quloqlariga lag‘mon osib tomosha qilgandi.
«Lag‘mon voqeasi» qimmatga tushdi — armiyani «diskreditatsiya» qilishda (qasddan obro‘sizlantirishda) ayblangan Abdalkin ustidan ish ochildi, deb xabar berdi «Mediazona».
Samara viloyatining Novokuybishevsk shahar sudi saytida bu haqda ma’lumot joylandi.
Eslatib o‘tamiz, hamkasblari Rossiya prezidentining an’anaviy yillik murojaatini tomosha qilishni tavsiya etishganidan so‘ng, kommunist Abdalkin monitor qarshisida quloqlariga qaynatilgan spagettini osib o‘tirgan, keyin ushbu holat videosini internetda tarqatgan.
Deputatning o‘zi aytishicha, qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish bo‘yicha ishni aynan shu videosi uchun ochishgan. «Daxlsizligimiz va aybsizligimizni isbotlash uchun kurashamiz», — deb yozdi u «VKontakte»da politsiyachilar bilan kabinetda tushgan suratini ilova qilib.
Avvalroq Samara viloyati dumasi Abdalkinning xatti-harakatini nomaqbul deb topgan va oshkora qoralagan, RFKP hududiy bo‘limiga uni partiyadan haydash masalasini kiritgandi.
Bundan tashqari, deputatlar Abdalkinning ishini huquq organlariga jo‘natishni so‘rashmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter