Qozog‘istonda supermarket egalari pandemiyadan 280 million dollar zarar ko‘rdi

Qozog‘istonda supermarket egalari koronavirus pandemiyasidan 280 million dollar zarar ko‘rdi. Natijada ular hukumatdan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan.
COVID -19 pandemiyasi sababli favqulodda holat e’lon qilinganidan beri Qozog‘istondagi savdo tarmoqlari 120 milliard tenge (280,6 million dollar) yo‘qotdi. Bu haqda 20 ta chakana savdo tarmog‘ini birlashtiruvchi Qozog‘iston savdo tarmoqlari birlashmasi respublika bosh vaziri Asqar Maminga yo‘llagan ochiq xatda aytiladi.
Supermarket vakillarining ta’kidlashicha, har kuni savdo-sotiq daromadlari yo‘qotilishi sezilarli darajada o‘smoqda. Aylanma mablag‘larning yetishmasligi ish haqini to‘lashga, banklar va yetkazib beruvchilar oldidagi majburiyatlarni bajarishga imkon bermayapti. Ish soatlari qisqarishi, odamlar va transport vositalarining harakatlanishi cheklanganligi va yetkazib berishni to‘xtatilishi tufayli oziq-ovqat zanjirlari yo‘qotilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, pandemiyagacha Qozog‘istonda savdo sektori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 17 foizni tashkil etayotgandi. Sohada 1,4 million kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter