Qozog‘istonda koronavirus vaksinasini ishlab chiqaradigan zavod quriladi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasi ishlab chiqaradigan zavod qurilishini ma’lum qildi. Bu haqda «Sputnik Kazaxstan» xabar berdi.
«Men Rossiya prezidenti bilan vaksina ishlab chiqaradigan zavod qurish to‘g‘risida kelishuvga erishdim. Hukumat allaqachon ushbu zarur loyihaga sarmoya jalb qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan», — dedi To‘qayev.
Shuningdek, prezident parlamentning joriy sessiyasi tugagunga qadar deputatlar biologik xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi.
29-avgust kuni Moskva va Nur-Sulton Rossiyaning koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini Qozog‘istonga yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolagandilar. Shuningdek, xavfli guruhga kiruvchi qozog‘istonliklar uchun emlash bepul va ixtiyoriy bo‘lib, klinik sinovlarning barcha bosqichlari tugagandan so‘ng o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 121 051 ta koronavirus infeksiyasiga chalinish holati qayd etilgan, 109 944 kishi tuzalgan, 1899 bemor vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter