Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston rahbari prezident Putinning tagdor shamasiga javob qaytardi

Qozog‘iston rahbari prezident Putinning tagdor shamasiga javob qaytardi

Foto: “Akorda.kz”

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan «Mustaqillik barchasidan qadrli» deb nomlangan maqolasida Rossiya yuqori siyosiy doiralarida bot-bot yangrayotgan hududiy da’volarga munosabat bildirdi.

«Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan muqaddas zaminimiz – bizning bebaho boyligimizdir. Ushbu hududni qozoqlarga xorijdan birov peshkash qilmagan. Bizning bugungi tariximiz 1991 yoki 1936-yillar bilan o‘lchanmaydi. Ona xalqimiz ushbu zaminda Qozoq xonligi davrida, undan avvalroq Oltin o‘rda, Turk xoqonligi, xunlar va saklar davrida umrguzaronlik qilgan. Muxtasar aytganda, tariximiz ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladi», – deb yozadi prezident To‘qayev.   

Qozog‘iston yetakchisi mamlakatning rasmiy chegaralari xalqaro huquqiy me’yorlar doirasida belgilangani, demarkatsiya va delimitatsiya jarayonlari shartnomalar orqali puxta tartibga solinganini ta’kidlar ekan, bu borada hech kim da’vo bilan chiqa olmasligini qayd etgan.

Hududiy da’vo bilan chiqayotgan shaxslarni provokatsion bayonotlardan tiyilishga chaqirgan prezident To‘qayev Qozog‘iston o‘z milliy manfaatlarini himoya qilishga qodir ekanini urg‘ulagan. 

«Biz o‘z milliy manfaatlarimizni ham do‘stona munosabatlar, ham kuch bilan himoya qilishga shaymiz. Ta’kidlaganimdek, chegaralarimiz aniq-tiniq belgilangan. 2018 yilda Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyani imzolaganimizdan keyin nafaqat quruqlikdagi, balki dengizdagi chegaralarimiz bo‘yicha ham savollar qolmadi. Qozog‘iston – yaxlit-yagona davlat», – deya bayonot bergan  Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Qozog‘iston yetakchisi, shuningdek, tarix ilmi bilan siyosatchilar emas, soha olimlari shug‘ullangani ma’qul ekanini ham ta’kidlagan.

Avval xabar berganimizdek, 2020 yilning so‘nggi oylarida Rossiya hamda Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar xiyla taranglashdi. Bunga esa rossiyalik siyosiy arboblarning «katta og‘alik» ruhidagi da’voyu iddaolari sabab bo‘ldi.

Xususan, 2020 yil 10 dekabr kuni Rossiya Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» dasturida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagan deya bayonot berdi. «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir», – dedi u.

Ushbu fikr davlat telekanali dasturida yangragani, boz ustiga, V.Nikonov iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi ekani vajidan bu da’vo Qozog‘iston siyosiy doiralarida katta xavotir ila qarshi olindi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi zudlik bilan Rossiyaning muvaqqat ishlar vakili (vaqtincha elchi) Aleksandr Komarovni chaqirib, diplomatning qo‘liga norozilik notasini tutqazdi.

«Rossiyalik ayrim siyosatchilarning Qozog‘istonga nisbatan provokatsion hamlalari davlatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar keltiradi. Qozog‘iston TIV Rossiyani bunday fikrlarga nisbatan munosib baho berish hamda kelgusida Rossiya Federatsiyasi davlat arboblari tomonidan bu kabi bayonotlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga chaqiradi», – deyiladi TIV norozilik maktubida.

Bu orada Davlat dumasi hamda «Yedinaya Rossiya» partiyasining boshqa bir a’zosi Yevgeniy Fyodorov hamkasbi V.Nikonovning fikrini qo‘llab-quvvatlagan holda, Qozog‘iston Sovet ittifoqiga tegishli hududlarga noqonuniy ravishda egalik qilayotganini da’vo qildi va Qozog‘istondan Verniy – Olmaota shahrini qaytarishni talab qildi.

Hududiy da’vo Qozog‘iston siyosatdonlari hamda ziyolilari tomonidan keskin tanqidlar bilan qabul qilindi. Masalan, siyosatshunos Dosim Satpayev Qozog‘iston rahbariyatini bu kabi jiddiy da’volarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Qayd etilishicha, bunday haqoratomuz va xalqaro huquqqa zid bayonotlar uchun shunchaki diplomatik e’tirozlar bilan cheklanish to‘g‘ri emas. D.Satpayevga ko‘ra, Qozog‘iston o‘z suverenitetini muhofaza etish borasida chora-tadbirlar ko‘rmog‘i lozim. Bu borada eng so‘nggi javob chorasi sifatida Rossiya ishtirokida tuzilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan chiqish, KXShTdagi a’zolikni vaqtincha to‘xtatish taklif etilgan.

Qozog‘iston siyosiy jamoatchiligi rus deputatlarining fikrlaridan junbushga kelgani bejiz emas. Zero, 2020 yil iyun oyida prezident Vladimir Putin «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli filmda SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan edi. O‘sha paytdayoq Rossiya yetakchisi bu o‘rinda Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutayotgani taxmin qilingandi.

2014-yilda esa Putin bu borada yanada ochiqroq fikr bildirgan, qozoqlarda davlatchilik bo‘lmaganini aytgan edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaning katta-kichik doiralarida yangrayotgan hududiy da’voga Qozog‘iston prezidenti darajasida javob qaytarilishi rasmiy Ostona Moskvani jiddiy ogohlantirayotganini anglatadi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring