Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston prezidentiga salom yo‘lladi

Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston prezidentiga salom yo‘lladi

19 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Ostona shahrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashdi. Parlament yuqori palatasi rahbari Ostonaga Qozog‘iston raisligida o‘tayotgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti yig‘ilishida qatnashish uchun borgan.

Senat xabariga ko‘ra, uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va O‘zbekiston–Qozog‘iston hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Q.To‘qayev T.Norboyevani qutlar ekan, Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida faol ishtirok etgani va uni qo‘llab-quvvatlagani  uchun minnatdorlik izhor qildi.

Oqo‘rda matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston rahbari ushbu nufuzli tadbirning birinchi majlisi natijalari mintaqalararo hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishi va Markaziy Osiyoda gender tenglik hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqishga imkon berishiga ishonch bildirdi.

«O‘tgan yil dekabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifimiz natijalarini yuqori baholaymiz. Joriy yilning 3 mart kuni Chimkent shahrida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi. Nafaqat hukumat darajasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan ishlar olib borilayotgani, balki parlamentlararo diplomatiya ham faol rivojlanayotgani quvonarli. Shu bois kelasi yili Samarqandda ikkinchi parlamentlararo forum o‘tkazilishini mamnuniyat bilan qabul qilaman», – deb ta’kidladi Q.To‘qayev.

O‘z navbatida T.Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi.

«Sizni Qozog‘istonda butun tizimni siyosiy modernizatsiya qilish imkonini bergan yirik tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklayman. Qozog‘iston ilg‘or islohotlar yo‘lidan ishonch bilan bormoqda va Qozog‘iston xalqi Siz tutgan yo‘lni faol qo‘llab-quvvatlamoqda», – dedi Senat raisi.

Yakunda Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston prezidentiga samimiy salomini aytib, ezgu tilaklarini bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring