Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston Ozarbayjonga tuhfa hozirladi

Qozog‘iston Ozarbayjonga tuhfa hozirladi

Qozog‘iston Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida bolalar ijodiyoti markazi qurib berdi. Ishg‘oldan ozod etilgan shaharda qurilgan yangi madaniyat maskanining ochilishi marosimida ikki davlat prezidentlari Ilhom Aliyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev ishtirok etdi.

Qurmong‘ozi nomidagi bolalar ijodiyoti markazi BI Group kompaniyasi tomonidan Qozog‘iston xalqaro taraqqiyot agentligi (KazAID) ko‘magida barpo etildi.

«Biz – qardosh xalqlarmiz, ittifoqchilarmiz, strategik hamkorlarmiz. Bu shunchaki gap emas... Ozarbayjonning ushbu muqaddas mintaqasi (Qorabog‘) istiqbolda gullab-yashnashiga shubha yo‘q», – dedi Qozog‘iston yetakchisi Q.To‘qayev.

O‘z navbatida Ozarbayjon prezidenti I.Aliyev Qozog‘iston xalqiga qardoshlik hadyasi uchun minnatdorlik bildirdi. 

«Markazga qozoq xalqining ulug‘ farzandi Qurmong‘ozi nomi berildi. Bu nafaqat bolalar ijodiyoti markazi, balki Qozog‘iston va Ozarbayjon xalqlarning do‘stlik va qardoshlik oshyoniga ham aylanadi», – dedi I.Aliyev.

Qozog‘iston prezidenti tashabbusi bilan boshlangan qurilish qisqa muddatda yakunlandi. Inshootning tamal toshi 2023 yil mart oyida qo‘yilgan edi.

Markaz hududi 1,5 gektarni tashkil etadi. Ikki qavatli binoda 600 nafar bola maktabdan tashqari mashg‘ulotlarda qatnashishi mumkin. Bolalar ijodiyot markazida shaxmatdan tortib haykaltaroshlikka qadar, sportdan  IT-startaplarga qadar – turli yo‘nalishlarda to‘garaklar faoliyat yuritadi.

Ma’lumot o‘rnida, KazAID 2023 yilda Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikistonda ham xayriya loyihalarini amalga oshirgan.

Ozarbayjon qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan Fuzuliy shahrini 2020 yilda ozod qildi va o‘z nazoratiga oldi. Okkupatsiya davrida  «arvoh shahar»ga aylangan hududda hozirda qurilish-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston ham Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurib berdi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktab 2023 yil avgust oyida ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ishtirokida ochilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring