Qotil aka: ta’ziyaga aylangan bayram haqida hikoya
- Men sening himoyaching bo‘laman. Seni yana kimdir xafa qilsa, meni qarshisida ko‘radi!- Ilyos ukasi Erkinning yelkasiga qo‘l tashlab, uni ovutgan bo‘ldi,- ma, ol, qara, sen darsda payting ammam novvot bilan mayiz olib kelgandi, ataylab senga olib qo‘ydim.
Ilyos ukasini ovutish uchun hamma narsaga tayyor edi. Endigina o‘n yoshga to‘lgan bo‘lsa ham o‘zini yoshi kattalardek tutardi. Ukasi uchun burchli ekanini his qilardi.
Bir ko‘rpa ostida ulg‘ayishdi. Bir kosada ovqat yeyishdi. Bitta konfet topishsa ham bo‘lishishdi. Maktabni tugatishdi, turli kollejlarni bitirishdi. Uylanib, uyli-joyli, ro‘zg‘orli bo‘lishdi. Oqibatni yo‘qotishmadi. Birodarlikni unutishmadi...
Oradan yillar o‘tdi. Afsuski, mastlik hammasiga chek qo‘ydi...
Joriy yilning izg‘irinli sovug‘ida Erkin tong saharda, ko‘zi oldidan o‘tdimi, akasini mehmonga chaqirdi: «Keling, aka, yoshlikni, bolalikni eslashamiz. Dasturxon boshida dardlashamiz. Sizni sog‘indim, aka!»
«Menam seni sog‘indim, ukajon. Boraman, albatta!»-dedi Ilyos.
Aka bozor-o‘char, jiyanlariga qand-qurs olib, ukasining xonadoniga keldi, darvozasini qoqdi. Negadir, bu gal uni ukasi emas, kelini Mavluda qarshiladi. Kelini uni noxohishgina kutdi. Tuzuk hol-ahvol so‘ramadi. «Har safar shu-ku! Ammo, nima qilaman kayfiyatimni buzib yoki kelining fe’lini ukamga bildirib qo‘yib...» - Ilyos hech nima sezdirmay, tomorqada o‘tin yorayotgan ukasining yoniga keldi. Bir oycha ilgari ko‘rishishgan aka-ukalar xuddi bir necha yil ko‘rishmagandek bag‘irlashdi.
- Bilasan, ancha olisda, Xorazmda ishlayman, yashayman. Sendan tez-tez xabar ololmayman. Qanday yumushing bo‘lsa, ayt, birgalashamiz!-dedi aka.
- Xo‘p, aka, sizsiz bir ish qilarmidim. Oldin tushlik qilaylik, keliningiz osh damlagan, keyin gul ko‘chat o‘tqazamiz. Bahorda kurtaklaydi, xudo xohlasa,-dedi Ilyos.
Tezda dasturxon tuzashdi. Bu orada kelinning onasi ham mehmonga kelib qoldi. Qavm-qarindoshlar bayramona kayfiyatda o‘tirishdi. Spirtli ichimlik ham iste’mol qilishdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, spirtli ichimlik iste’mol qilgan aka-ukalar tomorqaga gul ko‘chatlari o‘tqazishga chiqishgan. Bular gul ko‘chatlar o‘tqazishayotganda, darvoza taqillab, bir ayol kirib kelgan va Erkinning turmush o‘rtog‘i Mavludaga qaynakasi undan qarzdor ekani, Xorazmdan qaytgani daragini eshitib, ularning xonadoniga kelganini aytgan. Mavluda erini chaqirib, unga bu gapni yetkazgan.
- Bechora akam qarzdor ekanu, menga bildirmagan. Hozir uning sharoitida biroz yetishmovchilik bor, o‘sha qarzni o‘zim to‘lab qo‘yaman. Akamga bu haqda bildirma va u ayolni sekingina chiqarib yubor. Ikki-uch kunda o‘zing mani nomimdan akamning qarzini to‘lab kelasan!-degan.
Mavluda turmush o‘rtog‘ining bu gapidan vajohatga tushib, eriga baqirib-chaqirgan. Qaynakasining qarzini nega u to‘lashi kerakligini, pul o‘zlariga ham kerakligini aytib, qasddan jaljal chiqara boshlagan.
- Ovozingni o‘chir va sen bizni oramizga aralashma!-deya xotinini ichkari uyga kirib o‘tirib, qaytib chiqmaslikni buyurgan.
Shunga qaramay, xotin oradan bir yarim soatlarcha vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘i xonaga kirib ketganidan foydalanib, tomorqaga, qaynakasi ishlab turgan yerga kelgan. Tomorqadagi tut daraxtini kesib tashlash va uni kesib tashlamaslik ustida tortishishgan. Kelin hurmatsizlik ko‘rsatgan. Bo‘lmag‘ur so‘zlar bilan qaynakasining oriyatiga tekkan. Ilyos jahl ustida kelinini siltab urgan va tomorqadagi so‘ri ustiga itarib yuborib, bo‘g‘moqchi bo‘lgan. Mavluda uyiga mehmon bo‘lib kelgan onasi va erini yordamga chaqirgan. Uka tomorqadagi shovqinni eshitib, yugurib chiqqan. Bu paytda akasi bilan yerda yotgan kostryulka bilan kelinining boshiga urgan. Erkin jahllanib, akasi bilan yoqalashib ketgan. Spirtli ichimlik iste’mol qilib, mastligi natijasida bir-biriga xuddi ayovsiz raqiblardek yopishishgan. Hech kim ajrata olmagan. Erkin oshxonaga qarab yugurgan. Uning ortidan akasi ham vajohat bilan kirib kelgan va oshxona stoli ustida turgan pichoqni olib, ukasiga qarab otilgan.... O‘zi anglamagan holda Erkinning o‘ng qo‘l bilan yuqori uchi sohasi va ko‘krak qafasiga urib, ohir tan jarohati yetkazgan. Pichoqning tig‘li o‘tkir uchi Erkinning ko‘krak qafasiga sinib qolgan bo‘lgan...
Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Erkin Hakimovning o‘limi ichki va tashqi qon ketish hamda o‘tkir yurak qon-tomir faoliyati yetishmovchiligi bilan asoratlangan ko‘krak bo‘shlig‘iga kirib borgan. Yurak o‘ng qorinchasi orqa bo‘lmacha va qorincha devori orqali o‘ng bo‘lmachani teshishi sababli yuzaga kelgan. Ko‘krak qafasi o‘ng bo‘lmacha hamda qorinchasida sanchma-kesma jarohatlarning borligi, gemoperikaditni bo‘lgani, og‘irlik darajasi bo‘yicha og‘ir tan jarohati toifasiga kirgani qayd etilgan.
Erkin ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, kasalxonada vafot etgan.
«Xotinlarning aka-uka o‘rtasiga aralashuvi, o‘rni kelganda, nayrangu hiylalari o‘z yo‘lida. Ammo, men 48 yil davomida kaftimda avaylab-asrab kelgan ukamning umriga bir kunda, bir necha daqiqa ichida o‘z qo‘llarim bilan zomin bo‘ldim. Agar tirik bo‘lsam, qonun meni bir kun avf etar, ammo, o‘zim o‘zimni kechira olmayman. Men ukamni o‘zimning besh nafar farzandimdan ham ziyoda ko‘rardim. O‘zimga nisbatan qo‘llaniladigan har qanday jazoga tayyorman»,-degan sud zalida Ilyos Hakimov.
Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi sudyasi Asliddin Norbekovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Ilyos Hakimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qotillik) bilan jazolangan. Unga nisbatang o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter