Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shrabotdagi fermer xo‘jaliklarining yerlarini optimallashtirish paytida qanday «o‘yinlar» kuzatilmoqda?

Qo‘shrabotdagi fermer xo‘jaliklarining yerlarini optimallashtirish paytida qanday «o‘yinlar» kuzatilmoqda?

Foto: «Telegraf.com.ua»

Yer davlatniki, shuning uchun unga egalik huquqini berish faqat davlat organlariga yuklatilgan. Endilikda yerga egalik qilish, uni tasarruf etishda tender amaliyoti qo‘llanib, yer eng munosib nomzodlarga ijaraga berilmoqda.

Yer haqiqiy egasini topsa, har bir qarichidan katta daromad olinadi. Shukur Davirov ana shunday insonlardan biri. U o‘tgan asrning 60-yillarida, ayni navqiron yigitlik chog‘ida Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda qatnashib, katta tajriba to‘pladi. Yer bilan tillashish, uni bog‘-rog‘ga aylantirish hadisini oldi. 1980-yillarda ona qishlog‘i Yuqorisaroyga qaytib keldi. To‘g‘risi, bu yerda ham o‘zlashtirishga muhtoj joylar, bog‘ va tokzorlarga aylantirishga munosib qir-adirlar oz emas. Shukur aka yigitlik kuch-quvvatimni o‘z ona qishlog‘imni bog‘u bo‘stonga aylantirishga baxsh etaman deb o‘yladi. Tinimsiz mehnat qilib, yer o‘zlashtirdi, to‘rt chaqirim naridagi Xo‘jabuloqdan ariq qazib suv olib keldi. Ming tupdan ziyod mevali daraxt ko‘chati, bir necha yuz tup tok qalamchalari o‘tqazdi. Mana, hozir bu yerlar ulkan bog‘ va uzumzorga aylangan.

Yaqinda Shukur aka yana bir ishga qo‘l urdi: O‘rtacho‘l degan joydan qarovsiz yotgan yerni o‘zlashtirib, yangi bog‘ barpo etmoqchi bo‘ldi. Artezian quduq qazdi, biroq 180 metr chuqurlikdan ham suv chiqmadi.

Sakson yoshni qoralayotgan bo‘lsa-da, hali ham vujudidan yigitlik g‘ayrati arimagan, zamonaviy bog‘ yaratish ishtiyoqida yonayotgan otaxonni gapga solib so‘rayman:

— Shuncha rejalaringiz bor ekan, nega hokimiyatdan o‘zingizga mos, bog‘ yaratishga loyiq maydon so‘ramayapsiz? Bunday tashabbus hamma joyda qo‘llab-quvvatlanadi-ku?

— E, nimasini aytasiz? — deydi u norozi bir ohangda.

Otaxonning og‘riq nuqtasiga tegib ketdim shekilli, hozirgina tabassum yog‘ilib turgan chehrasi birdan tundlashdi.

— Bizda hamma yer egallangan. Bir qarich ham ortiqcha yer qolmagan...

Otaxonning bu gapi meni masalaning ichiga chuqurroq kirishga undadi. Axir mamlakatimizda har yili yirik fermer xo‘jaliklarini optimallashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ulardan yer maydonlarining ma’lum bir qismi zaxiraga olinib, tanlov asosida ishbilarmonlarga berilayapti. Binobarin, Qo‘shrabot tumanida ham shunday bo‘lishi aniq. Xo‘sh, zaxiraga olingan yerlar kimlarga nasib etmoqda? Mazkur savolga javob qidirib tumanda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan tanlov hujjatlari bilan tanishdim.

2015-yil. «Zarmitan» shirkat xo‘jaligi hududidagi «Zafar» fermer xo‘jaligidan 200 gektar g‘alla maydoni zaxiraga olingan va tenderga qo‘yilgan. Unda «Zarmitan unumdor zamin» fermer xo‘jaligi g‘olib topilib, yer uning tasarrufiga berilgan. Bir qarashda hammasi qonuniydek. Lekin kosa tagida nimkosa deganlaridek, tenderda g‘olib deb topilgan «Zarmitan unumdor zamin» fermer xo‘jaligining ta’sischisi Zarif Akmalovich Nurmatov yerni zaxiraga topshirgan «Zafar» fermer xo‘jaligi ta’sischisi Akmal Nurmatovich Usmonovning o‘g‘li ekanini hamma ham bilavermaydi. Jumladan, tender komissiyaning a’zolari ham bundan voqif bo‘lganmi yoki yo‘q, bizga qorong‘i.

Aynan shunga o‘xshash holat «Nekboy Elshod» fermer xo‘jaligi(Abduvali Sirojevich Pardayev)ning tevaragida ham amalga oshirilgan. Fermer xo‘jaligidan zaxiraga olingan yer o‘g‘li (Elshod Abduvaliyevich Sirojev) nomidagi «Elshod dalasi» fermer xo‘jaligiga o‘tkazilgan. Boshqacha aytganda, qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga qabilida yer otadan bolaga o‘tgan, xolos. Vaholanki, tender tanlovlarini o‘tkazish yuzasidan Samarqand viloyati hokimi imzolagan yo‘riqnomada zaxiraga olingan yerlarning tanlov asosida otadan bolaga o‘tkazilishi qat’iy taqiqlangan. Ammo viloyat hokimi ko‘rsatmasini bajarmaslikka tuman tender komissiyasining qanday haddi sig‘di?

Afsuski, tumandagi barcha hududlarda aynan shunday yoki boshqa ko‘rinishda o‘yinlar sodir bo‘lmoqda. Masalan, «Jo‘raqul Qambar» fermer xo‘jaligi tasarrufida ming gektar yer yastanib yotibdi. Shundan 500 gektari fermerga rasman xatlab berilgan, 500 gektariga esa u norasmiy egalik qilmoqda. Shuncha yerning 350 gektariga shartnoma asosida g‘alla ekiladi, xolos. Qolgan qismi negadir e’tibordan chetda, xalqqa naf keltirmaydi. Mutasaddilarning aytishicha, bu yerlar zaxiraga olinib tanlovga qo‘yilganu, lekin talabgor chiqmagan. Bu gapga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmaysan kishi. Chunki yer olaman, fermerlik qilaman degan odam kammi hozir?

Har holda bu yerlar ham bo‘sh qolayotgani yo‘q: no‘xat va shunga o‘xshash serdaromad ekinlar ekilmoqda. Biroq olingan foyda davlatga emas, fermerning hamyoniga tushmoqda. Buni mutasaddi rahbarlar ko‘rib-bilib tursa-da, negadir indamaydi. Holbuki, bu yerlar zaxiraga olinib, tanlovga qo‘yilgani haqida ovoza qilinganda Shukur ota Davirov singari yerga talabgor, yerni e’zozlaydigan usta bog‘bonlar bizda «bir qarich ham ortiqcha yer qolmagan» deb noumid yurmasdi.


Maqola «Jamiyat» gazetasining 2018-yil 19-yanvar sonida e’lon qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring