Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shmachi bilan ko‘ngilxushlik qilib, kamiga pul talab qilgan IIB xodimiga hukm o‘qildi

Qo‘shmachi bilan ko‘ngilxushlik qilib, kamiga pul talab qilgan IIB xodimiga hukm o‘qildi

Foto:«Xabar.uz»

Farg‘onada qo‘shmachi bilan ko‘ngilxushlik qila-qila, kamiga undan pul ham talab qilgan ichki ishlar organi xodimiga hukm o‘qildi.

Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi raisi F. Abduraimov yozmoqda. Unga ko‘ra, 2020-yil 19-aprel kuni Farg‘ona shahar IIO FMB xodimlari tomonidan «Oriyat» tadbiri o‘tkaziladi. Mazkur tadbirda shaharning «Yangi Asr» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi, muqaddam odam savdosi jinoyati uchun sudlangan va jazo muddatini o‘tayotgan (shartli jazo berilgan bo‘lsa kerak - tahr.) Shoira Fayzimatova (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘z uyida  qo‘shmachilik qilayotgani aniqlanadi. Natijada unga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Ayni tadbirda Farg‘ona shahar IIO FMB boshqarmasi katta tezkor vakili Dilmurod Abdullajonov ham ishtirok etadi (bundan D. Abdullajonov jinoyat-qidiruv bo‘limida ishlashi anglashiladi - tahr.). O‘sha kunning o‘zida voqelikdan xabar topgan Shoiraning qadrdonlaridan biri Gulyora Jalilova IIB tezkor vakili D. Abdullajonovga qo‘ng‘iroq qilib, dugonasiga yordam berishini iltimos qiladi.

Qo‘shmachiga «yordam berish uchun astoydil yer shimargan tezkor vakil ishni «huquqiy tushuntirish» berishdan boshlaydi: «Avval odam savdosi jinoyati bilan sudlangan ekansiz. Qo‘shmachilik ham shunga o‘xshash holat. Shuning uchun tergov jarayonida sizni qamab qo‘ymasligini tergovchi bilan gaplashib berishim mumkin. Faqat buning evaziga unga ikki ming dollar berish kerak

Ayol rozi bo‘ladi. Keyingi uchrashuvda «hojatbaror» ayolga jinsiy aloqa qilishni taklif etadi. Shoirada tanlov yo‘q edi...

Shundan so‘ng tezkor xodimning vaqti-vaqti bilan Shoiraning uyida «mehmon» bo‘lishi odatga aylanadi.  Har gal «nosqovoq bo‘shab», kalla joyiga kelgach, ayoldan pul qistashga o‘tadi. Gap orasida qilayotgan ayshu ishrat ayolning foydasiga ishlashi mumkinligini ham qistirib qo‘yadi, deng: «...homilador bo‘lib olsangiz, sudda sizga ancha yengillik  bo‘ladi, omaley...» 

«Ko‘rsatayotgan xizmati» talab qilinayotgan pul o‘rniga o‘tmasligiga amin bo‘lgach, Sh. Fayzimatova ikki nafsi ham och bo‘lgan  tezkor xodimning adabini berib qo‘yish payiga tushadi. Va DXX  Farg‘ona viloyat bosh­qarmasiga murojaat qiladi.

2020-yil 3-may kuni D.Abdullajonov ayoldan  o‘zi talab qilgan pulni olayotgan paytga qo‘lga tushadi...

Qisqasi,  Farg‘ona shahar IIO FMB tezkor vakili Dilmurod Abdullajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «a»-bandi, 28,211-moddasi (pora berishga sui’qasd qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. 

Mazkur ishni ko‘rib chiqqan sud raisi sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tayinlanganini aytsa-da, biroq muddatini ochiqlamagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring