Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘rquv va zulmdan qochganlar: Buxorodagi ayollar maskani

Qo‘rquv va zulmdan qochganlar: Buxorodagi ayollar maskani

Foto: Xabar.uz

«Oydin nur» Buxoro viloyati oilani ijtimoiy-huquqiy himoyalash markaziga panoh izlab, 6 oylik chaqalog‘i bilan kirib kelgan 19 yoshli ona e’tiborni tortdi. Ushbu markaz huquqi toptalgan ayollarni  vaqtinchalik yashash joyi – boshpana bilan ta’minlaydi.

Endigina 19 yoshga kirgan ona 6 oylik chaqalog‘ini bag‘riga bosadi. Emizikli bola ko‘krakka talpinadi, tamshanadi. Yosh ona suti yo‘qligidan, bolasining qornini to‘yg‘aza olmayotganidan yum-yum yig‘laydi. Aksiga havo salqin, go‘dagi yupun. Qishloqning qop-qorong‘u kechasida bolasini mahkam quchoqlab olgan onaning yuragiga daraxtlarning shovullashi vahm soladi.

«Tonggacha yetib olishim kerak, tonggacha sog‘-salomat yetib olishim kerak»,—egnidagi nimchasini yechib, bolasini o‘rab olgan ona takror-takror pichirlaydi. O‘zi «dir-dir» titraydi.

«Bah!»—nimqorong‘uda panoh izlab o‘tirgan ona-bola oldiga qo‘qqisdan shu qishloqning chekasida yashovchi Rappi devona paydo bo‘ladi,-ha-a, jinmisan, arvohmisan yoki ochmisan, non yeysanmi, ma!»

Yosh ona o‘takasi yorilgudek qo‘rqib ketadi.

«Rappi devona, deyishadi Rahmon amakini. Bolaligidan ruhiy kasal. O‘shanda qo‘rqib ketdim. Ammo, «non yeysanmi, ma!» deganiga biroz tinchlandim. Qo‘lidagi nonini hovliqib olib  yedim, juda och edim»-deydi peshko‘lik kelinchak X.K.

X.K. «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda 17 yoshga to‘lib-to‘lmay, ota-onasiz, yaqin qarindoshlarining qaramog‘ida ulg‘aygan Ya.D. ismli bolaga turmushga chiqqani, kuyov tomondan ko‘p aziyat chekkanini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, X.K.ning o‘zi ham ota-onasiz, buvisining qo‘lida o‘sgan. Mehrga tashna, ota-onasi diydoridan yiroqda katta bo‘lgan qiz jismoniy nuqsoni bor tengdoshiga uzatilgan. Oilada erining yaqin qarindoshlari tomonidan xo‘rlangan, kaltaklangan. Na o‘z oilasida, na turmush o‘rtog‘ining xonadonida halovat topgan va o‘smirlik davridan endigina ostona hatlab o‘tgan qiz bir necha marta buvisining uyiga qochib-qochib ketavergan. Ayniqsa, jismoniy nuqsoni bor turmush o‘rtog‘ining ham uning yonini olmay, yaqinlarining gap-so‘zlariga ishonib, ozor beraverishlaridan charchagan.

«Yoshgina kelinchak ta’sirlardan ruhiy zo‘riqavergach, erining uyidan sayoq chiqib ketaveradigan odat chiqardi. Mahalla-ko‘y maslahat berib, bir necha marta yarashtirib qo‘ydik ham. Ammo, turmush o‘rtog‘i Ya.D. aqlu-qarashda biroz zaifroq, bolalarcha fikrlash bilan qolib ketgani boismi, muammolar kelib chiqaverdi-da»,—deydi mahalla raisi Sanam Jumayeva.

Ota-onasiz o‘sgan bo‘lsa-da, jismonan va ruhan sog‘lom X.K.ning maktabni tugatiboq, nega bunday taqdirga ro‘paro‘ etilganiga qiziqdik. Eng og‘riqlisi, muammoni yechish qiyinlashganda, kelinchakni himoyalash o‘rnida uni yengiltaklikka ayblashga urinishlar eng oson yo‘l bo‘lgan. Har qanday holatda ham hech kimning zo‘ravonlik qilishga haqi yo‘q.

Ma’lum bo‘lishicha, X.K.ning ota-onasi go‘dakligida ajrashib ketishgan. Onasi turmushga chiqqan. Otasi boshqa ayolga uylangan. O‘gay ona qo‘lida o‘sgan qiz taqdiri buvisini xavotirga solgan va uni erta turmushga uzatishgan. Shirin hayoti uzoqqa cho‘zilmagan X.K. turmush zarbalariga chidolmay, eri uyidan qochib, tez-tez buvisinikiga ketgan. «Er uradi, xotin sabrli bo‘lish kerak. Mening yoshim bir joyga yetib qoldi, men o‘lgach, sen kimlarga qolib ketasan»,-deya nevarasini kuyovining hovlisiga qiyin-qistov bilan qaytarib yuboravergan. Erining uyiga qaytgan kezlari esa kaltaklar ostiga qolgan. Na eri, na buvisi va na o‘gay ona hovlisiga siqqan yosh kelinchak bolasini bag‘irlagancha, qishloqdan chiqib ketgan.

«Bu yerda xotirjamman. Erimning uyidan qizalog‘imni bittagina ko‘ylakchada olib chiqdim. Rappi devona o‘sha tunda menga non berdi. Ustidagi po‘stinini ham berib turdi. O‘zi esa qo‘riqbonlik qildi. U bizga ziyon yetkazmadi. Faqat har zamon-har zamonda : «Bah, bah» qo‘rqittimmi?» -deya qah-qah otib kulib ketib, ariq bo‘yidagi it-mushuklar bilan quvalashib chiqdi. Tong g‘ira-shirasida meni shahar yo‘liga qo‘riqlab chiqarib qo‘ydi. Ko‘z o‘ngimdan uning bir menga, bir bolamga qarab yig‘lashlari ketmaydi. «Devona» deb yurgan odamlari menga achindiyu, boshqalar holimga achinmadi...»,—dedi X.K.

«Oydin nur» Buxoro viloyati oilani ijtimoiy-huquqiy himoyalash markazi direktori Shahnoza Ixtiyorovaning so‘ziga ko‘ra, X.K. markazga juda ayanchli ahvolda kelgan. U kaltaklangan, ko‘z atroflari ko‘kargan bo‘lgan, yuz va badanlari shilingan bo‘lgan.

«X.K.juda stress holatda keldi. Zo‘ravonlik tufayli tushkunlik, qo‘rquv va umidsizlik holatida bo‘lgan ayol o‘zini himoyalay olmagan.  Jussasi kichikkina yosh onaning hikoyasini tingladik. Keyin mahallasi, hudud inspektorlari bilan bog‘landik. Ruhiy zarba va zardalar iskanjasida qolgan bu kelinchakni ushbu markazda vaqtinchalik saqlab kelmoqdamiz. X.K.singari  og‘ir turmush sharoitiga ega ko‘plab qiz-juvonlar bu yerga panoh izlab kelishadi. Ularga vaqtinchalik boshpana berib, baholiqudrat oilasini ham qayta tiklanishi uchun harakat qilamiz. Lekin oilaviy sharoitidagi og‘ir vaziyatni inobatga olib, ayol tomon istamasa, yarashtirishga majburlamaymiz»,—dedi Shahnoza Ixtiyorova.

«Oydin nur» oilalarni ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi o‘z faoliyatini 1999 yilda boshlagan. Nodavlat-notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari gender tenglik masalalarini ilgari surishdan iborat.

«Markazimiz og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, himoyaga muhtoj, oilaviy, maishiy tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin - qizlar, odam savdosi qurboni, jabr ko‘rgan mehnat muhojirlari, ilgari sudlangan, yakka- yolg‘iz ayollar, voyaga yetmagan yetim o‘g‘il-qizlarga bepul xizmat ko‘rsatadi. Vaqtinchalik yashash joyi – boshpana bilan ta’minlaydi. Shunday toifadagi 1280 nafardan ortiq ayol va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaz boshpanasidan yangi hayotga «yo‘llanma» olishgan»,—dedi Shahnoza Ixtiyorova.

Markaz faoliyatini boshlaganidan bugungi kunga qadar ishonch telefoni xizmati orqali 18 818 ta qo‘ng‘iroq qabul qilingan. Inqiroz holatiga tushgan ayollarga psixologik madad xizmati orqali 3 349 dan ortiq maslahatlar berilgan. 

Sudda oilaviy nizolardan jabrlangan ayollar manfaati advokatlar orqali himoyalangan. 2009 yildan hozirga qadar 251 nafar ayollar haq-huquqlari tiklangan. Sud jarayonlarining 90 foizi ayollar foydasiga hal qilingan. 

«Markaz ayollarimiz kasb-hunarga o‘rgatiladi va ularga daromad keltiruvchi kichik biznesini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi.  Bugungacha 250 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol turli xil o‘quv kurslarida o‘qitildi. 113 nafari o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun kerakli  jihozlar bilan ta’minlandi»,—deydi suhbatdosh.

Xo‘sh, ushbu markazda shart-sharoit, yaratilgan imkoniyatlar qanday? Ayollar haq-huquqlarini himoyalash qo‘rg‘oni qanday holatda?

Bir necha yilcha ilgari «Oydin nur» oilalarni ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi joylashgan bino xaroba va e’tiborga muhtoj holatda bo‘lgan.

«Sal tegib ketsa, devoralari yiqilib tushib ketgudek ahvolda bo‘lishiga qaramay, eski binomizda ham chorasizlikdan eshik qoqib kelgan qiz-juvonlarning keti uzilmasdi. Hatto, ularning xavfsizligidan xavotir olib, o‘z yashash xonadonimizga olib ketib, boshpana berib, boshini silagan paytlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam, xayrli ishimizdan to‘xtamasligimiz, ayollar huquq-manfaatlarini himoyalovchi va ularga suyaguvchi qo‘rg‘on bo‘lishimiz shart, degan maqsad bizni ilgarilashga undadi. Turli grant loyihalar, dasturlar ishlab chiqdik. Mahalliy hamda xalqaro tashkilotlar ko‘magida faoliyatdan to‘xtamadik. Fransiyaning texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi (ACTED), AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi kichik loyihalar dasturi, USAIDning O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar dasturlari, Germaniyaning “FRIDRIX EBERT” nomli jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Xelsenki inson huquqi jamg‘armasi, Yevropadagi xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OSCE), BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), IOM ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Vinrok xalqaro instituti notijorat tashkilotining filiali shular jumlasidandir»,-dedi markaz direktori.

Yaqinda besh yil davomida markaz hududidagi 100 kvadrat metr maydonda qurilgan yashash va kasb-hunarga o‘rgatish binosining foydalanishga topshirilgani X.K.singari yuzlab jabrdiyda ayollarning xotirjamligiga xizmat qilsa, ehtimol.

BMT aholishunoslik jamg‘armasining (UNFP) O‘zbekistondagi rahbari janob Yu Yu boshchiligidagi vakillar ham ushbu yangi binoning ochilish marosimiga qatnashishdi.

Bildirilishicha, mazkur xalqaro tashkilot ko‘p yillardan beri ayollar markazini har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Jamg‘arma boshpanadagi ayollarga oziq-ovqat, gigiyena vositalari va dori-darmonlar uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan. Bundan tashkari, UNFP jamg‘armasi tomonidan 4ta kompyuter, tikuv mashinalari ajratilgan.

«Bizdan najot istab keladigan ayollar taqdirining vaziyati har xil. Yechim yo‘llari ham turlicha. Lekin har biriga maksimal darajada ko‘mak berishga harakat qilamiz. Ayrim holatlarda juda ko‘p ayollarni sud qarori bilan  erining uyiga kiritganmiz. Lekin eri va uning oila a’zolari ayolga o‘rni kelganda, kun berishmagan. Natijada u yana chiqib ketishga majbur bo‘ladi.  Bizning maqsadimiz xotin-qizlarni himoyalash, ularga nisbatan har kanday zo‘ravonlik oqlanishi mumkin emasligini tushuntirishdan iborat»,—dedi Shahnoza Ixtiyorova.

«Oydin nur» Buxoro viloyati oilani ijtimoiy-huquqiy himoyalash markazidan chiqar ekanmiz, Qashqadaryo viloyati, Muborak tumanidan Kogon tumanidagi Qasri Orifon qishlog‘iga turmushga chiqib kelgan ayolga yuzlanamiz. 4 yoshli o‘g‘li bilan ko‘cha-ko‘yda sarson bo‘lgan ayol K.Sh. hali qonuniy nikohidan ajralmay turib, eri boshqa ayolga uylangani va o‘zini hovliga kiritishmayotganidan aziyatda qolgan. Eri tomon yaqin qarindoshlarning tazyiqi bilan K.Sh.ning turmush o‘rtog‘i A.T. u bilan sud orqali ajrashishga majbur bo‘lgan.

«Bolamni yetim qilmaslik uchun ajralmaslikka harakat qildim. Axir hech kim ajrashish uchun turmushga chiqmaydi. Ammo, nima bo‘lgan taqdirda ham erim boshqaga uylangan bo‘lsa-da,  men bilan o‘g‘limga boshpana qilib berishini so‘rayman»,-deydi K.Sh.

Suhbatdoshning yonidagi o‘g‘liga yuzlanamiz:

— Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?

—Bolasini tashlab ketmaydigan dada bo‘lishni istayman...

Bolaning javobi beixtiyor ko‘zlarimizni yoshlatdi...

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring