Qo‘rqinchli dunyoga aylangan orolda qo‘g‘irchoqlar qanday «yashayapti»?

Qo‘g‘irchoq deganda ko‘z oldimizga, avvalo bolalik xotiralari va beg‘ubor bolalar keladi. Shu bois shikastlangan qo‘g‘irchoqlar bizda biroz mahzun kayfiyat uyg‘otadi. Endi tasavvur qiling, jonsiz bo‘lsada bizga yoqimtoy boladek ko‘ringan qo‘g‘irchoqlarning achinarli holatini. Meksika markazidan 18 kilometr uzoqlikda Xochimilko (Xochimilko) kanallari orasida joylashgan kichik orolchada yurakni zirqirlatuvchi manzara kutib oladi: daraxtlarga osilgan yuzlab, hatto minglab eski va abgor qo‘g‘irchoqlar.
(Suratlar ochiq, internet manbalaridan olindi)
Orolning tarixi bir vaqtlar oilasini tashlab, bu yerda yolg‘iz yashagan Don Julian Santana Barreradan boshlangan. Afsonaga ko‘ra, 1950-yilda u kanaldan cho‘kib ketgan qizaloqning jasadini topadi va ko‘p o‘tmay suvda suzib yurgan qo‘g‘irchoqni ko‘radi. O‘yinchoqni marhum qizaloqqa tegishli deb taxmin qiladi (bolaning o‘limi haqida hech qanday dalil topilmagan – ba’zilar buni Julian shunchaki tasavvur qilgan deb hisoblashadi). Erkakning hikoyalariga ko‘ra, u tunda doimo qichqiriqlar, nolalar va qadam tovushlarini eshita boshladi: go‘yo cho‘kib ketgan qizning arvohi yig‘lab, unga yangi qo‘g‘irchoqlarni olib kelishni so‘ragandek. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, qizning o‘limi erkakka qattiq ta’sir qilgan – umrining oxirigacha unga yordam bera olmagani uchun o‘zini kechira olmagan.
Julian 50 yil davomida bu qo‘g‘irchoqlarni turli joylardan keltirdi (o‘zining iqror bo‘lshicha, deyarli ularni kanallardan baliq tutgandek «ovlagan») va qizchaning arvohini «tinchlantirish» uchun ularni daraxtlarga osib qo‘ygan. Shu tariqa Santana butun orolni g‘alati, kimlardir uchun esa qo‘g‘irchoqlar bilan gavjum dahshatli «mo‘’jizalar»ga aylantirdi. Meksikadagi ushbu orol, ehtimol, sayyoramizdagi eng qo‘rqinchli va dahshatli diqqatga sazovor joylardan biri hozirgi kunda.
Orolda bo‘lmasdan turib ham, u qandaydir mistik va qo‘rqinchli, mahzun taassurot qoldiradi shunday emasmi? Aftidan, chol qo‘g‘irchoqlarni ataylab buzmagan yoki ulardan yirtqich hayvonlar yasamagan, balki shunchaki bir vaqtlar quvonch keltirgan narsalarni yig‘ib osib qo‘ygan, ammo keyin beparvolik bilan unutilgan va odamlar tomonidan tashlab ketilgan.
Bu yer turli nomlar bilan ataladi: «o‘lgan qo‘g‘irchoqlar oroli»,«qo‘rqinchli qo‘g‘irchoqlar oroli», «dunyoning eng qo‘rqinchli oroli» yoki shunchaki «qo‘g‘irchoqlar» oroli.
Shu nomlar bilan internetdan orolni izlasangiz bir-biridan qo‘rqinchli suratlar – xuddi «ujas» kinolaridek lavhalar paydo bo‘ladi ko‘z oldingizda. Kinoda kiyimlar, qiyofalar atay yaratilsa, orolda bunga hojat yo‘q, har bir qadamingizda, har bir daraxtda, har bir eski kulbachalarda osilgan, qoqilgan, ilib qo‘yigan, tik turgan, o‘tirgan, qulab, ag‘darilib yotgan qo‘g‘irchoqlarga duch kelasiz. Ushbu qo‘g‘irchoqlarning qoraygan, iflos va g‘ijimlangan yuzlari sayyohlarga yorqin katta-katta ko‘zlari bilan emas, balki «bo‘sh» ko‘zlari bilan qaraydi. Sayohat va tomosha, shuni aytish kerakki, ko‘ngli zaiflar uchun emas. Orolga qadam qo‘yganingizdan so‘ng, siz o‘zingizni bir vaqtlar bolalar uchun katta quvonch bo‘lgan qo‘g‘irchoqlar qoldiqlaridan iborat xunuk dunyodan topasiz.
Hatto, orol haqida maqolalarga qo‘yilgan suratlar shu qadar qo‘rqinchliki, surat ustiga ochib ko‘rish mumkin va mumkin emas, degan belgi qo‘yilgan.
Surat qidirish jarayonida eng «beozor» suratlar deyarli topilmadi, shunchalik dahshatli qo‘g‘irchoqlar ham bor, ularni bu yerga joylash va o‘quvchini seskantirish etikamizga to‘g‘ri kelmaydi.
Hayratlanarlisi shundaki, 2001-yilda Santana qizcha cho‘kib ketgan joydan o‘lik holda topilgani. Erkakning o‘limidan so‘ng uning oilasi orolni sayyohlar uchun katta bir maskanga aylantiradi. Hududda uchta kulba, mahalliy gazetalarda orol va uning sobiq egasi haqidagi maqolalari bilan boyitilgan kichik muzey mavjud.
Bugungi kunda tashrif buyuruvchilar orolga boshlari, qo‘llari va oyoqlari uzilgan, o‘yiq ko‘zlar o‘rnida o‘rgimchak to‘ri o‘ralgan yuzlab qo‘g‘irchoqlarni ko‘rish uchun oshiqishadi. Aytishlaricha, bu dahshatli joyda qo‘g‘irchoqlar har doim mehmonlarni diqqat bilan kuzatib boradilar.
Ba’zi mahalliy aholi va sayyohlar qo‘g‘irchoqlarni ruhlar egallaganiga ishonishadi – ular shivirlashlari, harakat qilishlari va hatto ko‘zlarini ochishlari haqida gapirishadi. Qo‘g‘irchoqlar oroli mahalliy xalq og‘zaki ijodining timsoliga aylandi va insonning yo‘qolgan qalbni hurmat qilish uchun qilgan g‘ayrioddiy harakatlaridan dalolat beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter