Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qornimga emas, qadrimga yig‘ladim...»

«Qornimga emas, qadrimga yig‘ladim...»

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Bugun yurtimizning turli go‘shalarida tadbirkorlik ishlarini yo‘lga qo‘ygan yurtdoshlarimizga havas qiladi kishi. Ishbilarmonligi, tadbirkorligi ortidan ham hurmat, ham davlat topayotgan insonlar har qancha havasu ehtiromga munosibdirlar.

Ammo... Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Biz ikki gapining birida tadbirkorlarning, xususiy mulk egalarining erishayotgan muvaffaqiyatlari, yutuq va zafarlari haqida og‘iz ko‘pirtiryapmiz, maqtovu hamdlarga ko‘mib tashlayapmiz-u, biroq ularning bu qadar obro‘-e’tiborga, boylikka, to‘kin va farovon turmushga erishishlariga katta hissa qo‘shayotgan, zahmatkash ishchilar haqida unutib qo‘yayotgandekmiz...

Sir emaski, aksariyat tadbirkorlar yollanma ishchi kuchidan foydalanib o‘zlarining ishbilarmonlik faoliyatlarini rivojlantirmoqdalar. Ayniqsa, tikuv sexlari, qandolat mahsulotlari va shirinliklar ishlab chiqaradigan sexlar, sut mahsulotlarini qayta ishlash kichik korxonalari, har xil darajadagi yemakxonalarda ishlaydigan ishchilarning aksariyati yollanib ishlamoqdalar. Ularning ko‘p qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi: «Xususiy korxonalarda yollanib ishlayotgan xotin-qizlarning huquqi qay darajada muhofaza qilinadi? Ularning mehnati har doim ham munosib baholanadimi? Ish beruvchi yollanma mehnat asosida ishlaydigan xodimini himoya qiladimi?»

«Qornimga emas, qadrimga yig‘ladim...»

– Salomatligim yaxshi emas, – deydi andijonlik Sh. ismli qiz. – Tez-tez davolanib turmasam bo‘lmaydi. Shu sababdan poytaxtga kelib, tikuv sexiga ishga kirdim. Boshida har oy tikadigan narsamizga qarab 500 mingdan 800 mingacha oylik berishini aytishgandi. Bir yarim yildan beri ishayman, to‘rt yuz-to‘rt yuz ellik ming so‘mdan ortiq maosh olmadim. Bayram-hayitlarda ham ishchilarni xursand qilishni o‘ylashmaydi. Bu orada betob bo‘lib, bir oy ishga chiqolmadim. Dori-darmonga yordam so‘rab murojaat qilgandim, sex egasi imkoniyati yo‘qligini aytdi. Juda dilim og‘ridi. «Qornimga emas, qadrimga yig‘layman» degan gap ma’nisini o‘sha kunlarda angladim...

Munofiqlik – «ishbilarmonlik»mi?

Qo‘l ostida ishlaydigan ishchisi betob, ehtiyojmandligini inobatga olmaydigan, hatto bayramu hayitlarda ham ishchilarini rag‘batlantirmaydigan tadbirkorning ishbilarmonligidan kimga naf?..

Hozir ikkita odam gaplashib qolsa, asosiy mavzu moddiy daromad masalasida bo‘ladi. Yo‘lovchi mashinada uch-to‘rt ayolning suhbatiga guvoh bo‘ldim.

– Xususiy firmada ishlayman. Budjet tashkilotlarida har yili ikki marta ish haqi ikki oshadi. Bizning ishxonamiz esa almisoqdan qolgan ish haqi tariflari bilan yuribdi, – deya zorlandi bir ayol. – Har gal oylik oshganda, umid bilan «shef»ga termulamiz. Qayda? «Bu qarorning bizga taalluqli joyi yo‘q, budjet tashkilotlari uchun qabul qilingan», deydi tap tortmay...

Ikkinchi ayol bunaqa holatlarga ko‘p guvoh bo‘lgan chog‘i, odatiy gapni gapirgandek:
– Men ham xususiy firmada ishlayman. Shu kunlarda oyligimiz uch yuz ming-uch yuz ellik ming so‘mlar atrofida, xolos, – dedi. – Boshliqqa ish haqimiz ozligidan shikoyat qilsak, «Men ham to‘rt yuz ming so‘m maosh olaman-ku, rahbar bo‘lsam ham sizlardan maoshim hech qancha farq qilmaydi», deb o‘shqiradi. Uyini ko‘rsangiz, naq saroymi, koshonami deysiz! Xotini, qizlari-yu, kelinlari tillolarga, zebu ziynatlarga ko‘milib yurishadiki, asti qo‘yavering. Ana shunaqa ular!

– Keyin iztirob bilan kesatdi: – Aslida bundaylarning shu turishini ishbilarmon deyishsa kerak-da!..

Darhaqiqat, tadbirkorlarimizning mol-davlati, uy-joyining dabdabasiyu hashamati ko‘zni qamashtiradi, hasad qilmaymiz, ziyoda bo‘lsin. Ammo ajabki, ularning qonunan («vedomost»ga qo‘l qo‘yib) oladigan maoshlariga chumchuqni ham to‘ydirib bo‘lmaydi. Bu riyo kimga kerak? Ertadan kechgacha tinim bilmay ishlaydigan, oyligi bolasining qorniga yetsa egniga, egniga yetsa daftar-kitobiga yetmaydigan ishchilarning ko‘zini shamg‘alat qilishgami? Axir tadbirkorning davlatiga davlat qo‘shayotgan – shu bechora ishchilarning mehnati-ku!

«Yeganin osh demang yolg‘iz ayolning...»

– Turmushim buzilgach, ikki bolamni boqish o‘zimga qolib ketdi, – deydi jizzaxlik D. ismli ayol. – Qishloqda ish yo‘q, «Toshkent – non shahri» deb rizq istab poytaxtga keldim. Qo‘lida biror kasb-hunari bo‘lmagan ayol qayerga ish so‘rab borardi, yo oshxonalarga boradi yoki xususiy sexlarga boradi. Tanish ayolning maslahati bilan shirinlik va pishiriqlar tayyorlanadigan sexga ish so‘rab bordim. «Bir oy sinov muddatida ishlaysiz. Agar ishingiz ma’qul bo‘lsa, ishga olamiz» deyishdi. Pazandalikdan oz-moz xabarim bor edi. Ayol kishiga yaxshi ish ekan, deb qunt qilib sexda bajariladigan ishlarni o‘rgandim. Erta kelib, kech ketib ishladim. Bu orada ijaraga pul sarfladim, yo‘l kira, tushlik o‘z hisobimdan bo‘ldi. Bir oydan so‘ng «Ishingiz ma’qul bo‘lmadi» deyishdi. Ancha payt ish izlab bir oshxonadan ofitsiant bo‘lib ishlashga rozi bo‘ldim. Bu yerda ham avvalgi ishlagan joylarimdagi holat ekan. Hech kim xizmatchini himoya qilmaydi. Ish haqini bermaydi. Buning ustiga, mijozlar ofitsiant ayollarga axloqsizga qaraganday qarashadi. Oshxona egasi bunga parvo ham qilmaydi. Bevaning ko‘rgan kuni qursin, yegani osh emas, zahar bo‘lar ekan...

Mulohaza: Hukumatimiz tadbirkorlarga barcha shart-sharoitlarni muhayyo qilib, ularning faoliyatiga keng yo‘l ochib qo‘ygan. Lekin bu – tadbirkorlar o‘z ishchilariga istagan muomalasini qilaverishi mumkin, degani emasligini ba’zi o‘zbilarmon «ishbilarmon»larimiz anglamaganlar shekilli.

Ommaviy axborot vositalarida chiqish qiladigan xususiy tadbirkor borki, «Korxonamiz tashkil etilganidan buyon faloncha ishchi o‘rniga ega bo‘ldik, pismadoncha yigit-qiz ish bilan ta’minlandi», deb og‘iz ko‘pirtiradi. Keyinini surishtirsangiz, uch-to‘rt oy, boringki, bir yil ishlab ham tuzukroq maosh ololmagan ishchilar birin-ketin  u korxonani tark etishadi.

«Man faqat»ga aylangan manfaat

Bugun zamonaviy qullik – odam savdosi haqda tinmay bong urilyapti. Xorijga ish izlab bormoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimizni odam savdosiga yo‘liqishdan  qayta-qayta ogohlantiryapmiz. Ammo bu muammoning  u yoki-bu ko‘rinishi o‘zimizda, o‘z yurtimizda, ko‘z o‘ngimizda ro‘y bermoqda. Tadbirkor nomi ostida o‘z foydasini ko‘zlab, manfaat so‘zini «man faqat» deya tushungan «ishbilarmon»lar himoyasiz, muhtoj ojizalarni ishlatib, haqini bermayotgani insonga qulday muomala qilgani emasmi?

Xulosa

Bugungi fikrlarimiz bilan yurtimizdagi hamma tadbirkorlarni xudbin, boylikparastga chiqarish niyatimiz yo‘q. Faqat xususiy korxonalar rahbarlarining qo‘l ostida ishlayotgan ayollarga e’tiborli bo‘lishlarini, ularning mehnatini munosib taqdirlab, holidan xabardor bo‘lib turishlarini astoydil istayotganimizni bildirib qo‘ymoqchimiz, xolos. Unutmang, ishchining ham uvoli bor!

Kubro BUYUK

Manba: azon.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring