«Turmush o‘rtog‘im tunu kun yig‘lagan...» – bo‘htonlar bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shifokor hikoyasi (video)
Qodir Hotamov olis qishloqlardan birida, oddiy dehqon oilasida voyaga yetdi. Maktabni tugatib, Toshkent tibbiyot institutiga o‘qishga kirib, oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomladi.
Ustozlarning tavsiyasi bilan xirurgiya kafedrasida ish boshladi. Keyinchalik faoliyatini Sirdaryo viloyat shifoxonasida shifokor sifatida davom ettirdi.
Mazkur tibbiyot maskanida bo‘lim mudiri, bosh shifokor muovini, bosh shifokor lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Biroq 2009-2010 yillarda uning boshiga sinovli kunlar keldi. U turli bo‘htonlar bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, tuhmatning «katta o‘chog‘i»da «yoqib yuborildi».
Bu orada turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li og‘ir dardga chalinib, oila mushkul ahvolda qoldi. Qolaversa, sinovlarga bardosh bera olmagan shifokorning ota-onasi berin-ketin vafot etdi.
Biroq adolat baribir qaror topdi. 2019 yil 20 dekabr kuni Oliy sud hukmi bilan u aybsiz deb topildi.
«Xalqchil yondashuv» ko‘rsatuvi orqali shifokor Qodir Hotamov hayotida ro‘y bergan sinovli voqealar haqida batafsil so‘z yuritiladi.
«...Bizni tuhmatning katta o‘chog‘ida yoqib yuborishgandi. Turmush o‘rtog‘im tunu kun yig‘lagan, biror kun uydan chiqmagan. O‘g‘lim institutni bitirgan, o‘sib kelayotgan kadr edi, unga ham tazyiq o‘tkazishgan, qiynashgan. Nega? Chunki bu jinoyatchining ayoli, jinoyatchining o‘g‘li degan tamg‘a bosilgan edi...
Insonning ichida «ro‘shnolik nasib etarmikan» degan umid, yorug‘lik baribir so‘nmas ekan. Baxtimizga yaxshi zamonlar keldi, hamma narsa o‘z yo‘liga tushib, haqiqat qaror topa boshladi. Qaytadan guvohlarni, o‘sha voqea ishtirokchilarini chaqirib, masalaga oydinlik kiritishdi — bu aslida tuhmat ekani, uyushtirilgani isbotlandi. Oliy sud hukmi bilan aybsiz ekanim haqidagi qog‘ozni oldim. Davlat uch yillik ish haqimni qaytardi, ma’naviy zararimga kompensatsiya berdi. 20 dekabr, 2019 yil men qayta tug‘ildim...
Hozir bosh shifokor bo‘lib ishlayapman. Davlat eng zamonaviy asbob-uskunlarni o‘rnatyapti. Ilgari viloyat sharoitida hamma operatsiyalar qilinmasdi — 20 yil oldin qilinadigan ishlar hozir amalga oshirilayotgan ishlarning o‘ndan biri ham emas edi...» – deydi Qodir Hotamov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter