Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda shifokorni kaltaklagan shaxs qamoqqa olindi

Andijonda shifokorni kaltaklagan shaxs qamoqqa olindi

Foto: «Kun.uz»

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida bemorning mast qarindoshi «tez yordam» shifokorini do‘pposlab, unga jiddiy tan jarohati yetgazgani haqida kun.uz nashri xabar bergandi. Holat yuzasidan SSV matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Joriy yil 17 oktyabr kuni soat 00:30lar chamasi Paxtaobod tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasi dispetcher xizmatiga shu tumanning «Ma’rifat» mahallasidan murojaat kelib tushadi.

Chaqiruv manziliga navbatchi shifokor Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam brigadasi yuboriladi. Biroq chaqiruv bo‘lgan xonadon egasi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro B.T. shifokorlarning yetib borishini kutmay, bemor onasi  G.U.ni o‘z shaxsiy avtomashinasida «tez yordam» shoxobchasiga olib boradi.

O‘sha kuni tuman tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasida navbatchilik qilayotgan boshqa bir shifokor, 1994 yilda tug‘ilgan Shohruh Zokirov bemor G.U. ning qon bosimi, yurak urishini o‘lchab, unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatadi.

O‘z vaqtidagi muolajalar sababli bemor G.U. ning qon bosimi me’yorlashib, umumiy holati yaxshilanadi. Ammo fuqaro B.T. onasiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmasdan shifokorlarni haqorat qiladi va o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan yana bir shifokor – M. Dehqonovning yoqasidan olib, uni bo‘g‘a boshlaydi. Shu payt hamkasbini ajratish uchun borgan Sh. Zokirovning yuziga musht tushiradi. B.T. musht zarbidan yerga yiqilgan Sh. Zokirovning yuzi va tanasining turli joylariga urib, unga jiddiy jarohat yetkazadi.

Shundan so‘ng, olgan tan jarohatlari bilan Sh. Zokirov Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqiziladi.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala ko‘z qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qo‘yilgan.

Hozir ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan  B.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring