Qoraytirilgan oynali avtotransport. Sharoit barchaga teng bo‘lishi kerak
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish choralari to‘g‘risida»gi qaror loyihasiga munosabat bildirdi.
Xabaringiz bor, shu yilning 30-aprel kuni O‘zbekistonda avtomobillar oynasini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi jamoaviy murojaat «Mening fikrim» portalida joylashtirilgan edi. 2018-yilning 15-iyuliga qadar mazkur murojaatni qo‘llab 12 ming 400 dan ziyod fuqarolar ovoz berdilar. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga yuborilgan murojaat fuqarolarning kamida 10 000 ta ovozini to‘plasa belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Parlamentga taqdim etilishi lozim.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish choralari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilib, 2018-yilning 28-iyun kuni regulation.gov.uz saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ta’kidlanishicha, hujjat loyihasi – transport vositalari haydovchilari, jumladan respublika hududida mehmon bo‘lib turgan sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalanishni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Darhaqiqat, O‘zbekistonning issiq iqlim sharoitini, xususan yilning o‘rtacha 300 kuni quyoshli bo‘lishini inobatga olganda holda, transport vositalarida qoraytirilgan oynalardan foydalanish o‘rinli va ko‘plab qulayliklarga ega. Jumladan, transport vositasi salonidagi yo‘lovchilarga ultra binafsha nurlarning zararli ta’sirini qaytarish, issiq va oftob urishidan himoya qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri va boshqa transport vositalarining chiroq nurlaridan ko‘z toliqishini oldini olish hamda transport vositasi salonidagi mato va qismlarning oftob nuridan zararlanishining oldi olinadi.
Shuningdek, qoraytirilgan oynali transport vositasining saloniga oftob va issiqlik nurlari kirishining qisqarishi bilan yilning issiq fasllarida salqinlikni saqlashga imkoniyat beradi. Natijada transport vositasining sovutish tizimidan foydalanish zaruriyatini keskin kamaytiradi va bu bilan yonilg‘i tejalishi, atrof-muhitni ifloslantirish darajasi sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.
Bundan tashqari, agar transport vositasi oynalariga maxsus plyonka koplamasi tortilsa, avtohalokat paytida ham mazkur oynalar uqalanmaydi va natijada to‘qnashuv paytida shisha bo‘laklaridan jarohatlanish holatining oldi olinadi. Shuningdek, maxsus plyonka yopishtirilgan oynalarni sindirish qiyinligi transport vositalaridan o‘g‘irlik va talonchilik jinoyatlarining oldini olishga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, barcha transport vositalarining old, yon va orqa tomondagi oynalarining yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foiz bo‘lishi shartligi belgilangan. Bunday normaning qo‘llanilishi uchun jamoat tartibi va xavfsizlik nuqtai nazardan qandaydir asoslar bo‘lishi mumkin, lekin fuqarolarga noqulayliklar tug‘diradi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Tusi o‘zgartirilgan oynalarga ega bo‘lgan transport vositalari ishtirokida sodir etilgan yo‘l transport hodisalari haqida ma’lumot bormi, oynaning tusi o‘zgartirilganligi haydovchiga qanday ta’sir o‘tkazadi? Bu borada, afsuski, asoslantirilgan javob va ma’lumot mavjud emas.
Qayd etish joiz, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanishga ruxsat berishni tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Bugungi kunda mazkur qaror loyihasi internet tarmog‘i foydalanuvchilarining qizg‘in bahs va munozaralariga sabab bo‘lmoqda. Birgina regulation.gov.uz portalida fuqarolardan 100 dan ortiq savol va takliflar kelib tushgan.
Tahlillar natijasida mazkur hujjat loyihasi yuzasidan quyidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalar aniqlandi:
- transport vositasi oynasi tusin o‘zgartirish uchun ruxsat berish uchun to‘lov amalga oshirilishi, ya’ni bu xizmat bepul emasligi;
- tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositasidan foydalanish uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorining o‘ta yuqoriligi va foydalanish muddatining qisqaligi.
- Ma’lumot uchun, hujjat loyihasiga ko‘ra, ushbu xizmatdan foydalanish uchun to‘lov miqdori:
- jismoniy shaxslarga eng kam oylik ish haqining 90 baravari, ya’ni 16 587 000 so‘m;
- yuridik shaxslarga EKOIHning 120 baravari, ya’ni 22 116 000 so‘m;
- chet davlatlarning yuridik shaxslariga EKOIHning 140 baravari, ya’ni 25 802 000 so‘m miqdorida qilib belgilash taklif etilgan.
O‘z navbatida, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan taklif etilayotgan tartibning joriy etilishi fuqarolar tomonidan e’tirozlar keltirib chiqishini mukinligi haqida fikr beradi. Jumladan, aholining barcha qatlamlari ushbu xizmatdan moliyaviy sabablar natijasida birdek foydalana olmasligiga olib keladi. Xususan, belgilangan to‘lov miqdori o‘rtacha 2 mln. so‘m oylik maosh oluvchi o‘qituvchi, shifokorlar yoki boshqa budjet tashkiloti xizmatchisining 9 oylik maoshining miqdoriga to‘g‘ri keladi. Pensionerlar esa bu xizmatdan deyarli foydalana olmadi.
Normativ hujjat loyihasi avvalida ta’kidlanganidek, hujjat avvalo transport vositalari haydovchilari va mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilmoqda. Shu o‘rinda ushbu to‘lov miqdori va muddatini belgilashdan ko‘zlangan maqsad, to‘lov qiymatini asoslovchi omillar, qo‘llanish ko‘lamining tavsifi va yana boshqa tabiiy savollar tug‘iladi.
Shuningdek, yilda bir marotaba tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun ruxsatnoma olish uchun murojaat qilish – navbatdagi byurokratiya omillarining paydo bo‘lishiga olib kelmaydimi?
Ushbu masalani yanada kengroq tahlil qilish maqsadida xorijiy davlatlar tajribasi bilan tanishish mumkin. Qator rivojlangan davlatlar, xususan, orqa va yon orqa oynalari 100 foiz tusi o‘zgartirilgan transport vositalaridan foydalanishga Buyuk Britaniya, Germaniya va Ispaniyada ruxsatnoma raqamiga va oyna tusi kim tomonidan o‘zgartirilganligi hakidagi ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish sharti bilan, Belgiya, Chexiya, Fransiya, Italiya, Polshada esa tusi o‘zgartirilgan oyna sertifikatlangan bo‘lishi sharti bilan bepul ruxsat etiladi.
Bu holat yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi sabab va omillar sifatida umuman qaralmaydi. Aksincha, transport vositasiga kiradigan quyosh nurlaridan himoyalanishga, orqadan kelayotgan transport vositasining chiroq nurlarini qaytarishga qulay bo‘lib, ko‘zga salbiy ta’sir o‘tkazmaydi, ko‘rish imkoniyati cheklanmaydi.
Pullik ruxsat berish tizimi mavjud bo‘lgan mamlakatlardan qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida transport vositasi orqa va yon orqa oynalarini tusini o‘zgartirishga ruxsat olish uchun to‘lov 200 AQSh dollariga teng miqdorda hamda Tojikiston Respublikasida 310 AQSh dollariga teng miqdorda undirilishi belgilangan.
Bu esa O‘zbekistonda taklif etilayotgan to‘lov miqdori bilan taqqoslaganda Qirg‘iziston Respublikasidan deyarli 20 baravarga, Tojikiston Respublikasidan qariyb 7 baravarga qimmat degani.
O‘zbekistonda tusi o‘zgartirilgan oynalardan foydalanish, eng avvalo, issiq iqlim sababli majburiyat yuzasidan transport vositasi foydalanuvchilariga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotganligini inobatga olish lozim. Shu nuqtai nazardan, ushbu xizmat barcha uchun qulay, ijtimoiy tenglik tamoyilidan kelib chiqib, adolatli amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Oynalarni qoraytirishga to‘lov evaziga ruxsat berish asoslantirilgan va lozim topilgan taqdirda ham ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun barchaga teng sharoit yaratish maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun belgilanadigan to‘lov qiymatining yuqoriligi iqtisodiy jihatdan ushbu xizmatdan foydalanishdan kelib tushadigan mablag‘ miqdorining kamayishiga olib keladi. Aksincha, to‘lov miqdorini kamaytirgan holda, xizmatdan foydalanuvchilar sonini oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Markaz ekspertlarining fikricha, mazkur hujjat kuchga kirishi bilan tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositasidan ruxsatnomasiz foydalanganlik uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish lozim. Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘z.R. MJtKning 136-moddasida ko‘zgusimon hamda tegishli standartlarni buzgan holda tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar o‘rnatilgan transport vositasidan foydalanganlik uchun huquqbuzar eng kam oylik ish haqining bir baravari, jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida sodir etilganda EKOIHning ikki baravari miqdorida ma’muriy jarimaga tortilishi belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter