Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qoraqalpog‘istonga katta mablag‘ yo‘naltiramiz» — Prezident

«Qoraqalpog‘istonga katta mablag‘ yo‘naltiramiz» — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni Mo‘ynoq shahriga bordi.

Ma’lumki, bu yer mamlakatimizning olis hududlaridan biri. Eng yaqin shahar – Qo‘ng‘irotgacha 100, Qoraqalpog‘iston markazi – Nukusgacha 200 kilometr masofa bor. Bu kommunikatsiyada qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy.

Shu bois mo‘ynoqliklarning hayoti, sharoitlariga davlatimiz rahbarining e’tibori boshqacha. Bu hududni rivojlantirish bo‘yicha ikkita qaror qabul qilinib, manzilli dasturlar amalga oshirilgan. Prezidentimizning o‘zi ham Mo‘ynoqqa ikki marta – 2018 va 2019 yillarda tashrif buyurgan.

O‘shanda bu yerda transport kommunikatsiyalarini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Shunga muvofiq, avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Mo‘ynoq aeroporti yangilanib, ishga tushirildi.

Bu «havo porti 1947 yilda qurilgan bo‘lib, ilgari kichik samolyotlarni qabul qilgan. Keyinchalik umuman ishlamay ham qolgan edi. Bugun hayotga qaytgan bu aeroportga ilk bor O‘zbekiston Prezidentining samolyoti kelib qo‘ndi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Aeroportda 50 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va maydonchalar ta’mirlangan. Majmua atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan.

Prezident shu yerda mo‘ynoqlik yoshullilar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar bilan uchrashdi.

— Oxirgi besh yilda ko‘p narsani o‘rgandik, ilgari ishonilmagan narsalarga ishondik. Men birinchi kelganimda «madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi» degandim. Shunday bo‘layapti. Mana shu aeroport ham bir misol. Endi Toshkent - Mo‘ynoq - Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrifdagi yana bir yangilik — Orolbo‘yini birgalikda  rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari muayyan viloyatlarga biriktirilgan. Prezident buning sababi va ahamiyatini tushuntirib berdi.

— Orolbo‘yida ahvol yomon deb ko‘pchilik gapiradi. Lekin hamma ham bu yerga kelib ko‘rmagan. Orolning havosidan nafas olishi, sharoitni ko‘rib, adolatli baho berishi uchun bu yerga butun respublikadan rahbarlarni yubordim. Qoraqalpog‘iston rivojiga katta mablag‘ yo‘naltiramiz, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Mo‘ynoqdagi dolzarb masalalar, kelgusi ishlar bo‘yicha aholi fikrini so‘radi.

— Bu yerda qiyinchiliklarda toblangan, mehnatkash odamlar yashaydi. Faqat ularga ishlash uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Lekin qanday korxona quramiz? Nima ishlab chiqaramiz? Uning bozori nima bo‘ladi? Samolyot kelgani bejiz emas. Endi mahsulotlarni tashish osonlashadi. Shuning uchun sizlardan iltimosim: achchiq, asosli, manfaatli gaplarni aytinglar. Birgalikda yaqin ikki yilga aniq rejalarni belgilab olishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jamoatchilik vakillari hududdagi muhim masalalar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Prezidentimiz ularni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bilan birga xizmat turlarini kengaytirish, xususan, ko‘ngilochar o‘yinlar uchun soliq imtiyozlari berish zarurligini ta’kidladi. Bu ichki turizm rivojiga, ish o‘rinlari ochilishiga xizmat qiladi.

Mo‘ynoq tumaniga Toshkent viloyati biriktirilgan. Uchrashuvda ushbu viloyat tadbirkorlari tomonidan Mo‘ynoq tumanida amalga oshiriladigan ishlar haqida aholi vakillari oldida taqdimot o‘tkazildi. Qayd etilganidek, bu yerda istirohat bog‘i quriladi, qo‘shimcha quvur tortib kelinadi. Keksalar sanatoriy, bolalar oromgohlarga yuboriladi. Davlatimiz rahbari aholi salomatligi masalasiga alohida e’tibor qaratib, bu yerga kelib ishlaydigan shifokorlarga oylik ustamalar berish, uy bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring