Qoraqalpog‘istonda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda yagona bo‘lgan sayt ochildi
Bugun, 27-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi Yoshlar markazi binosida Salamat Avezovning yangi sayti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Qoraqalpog‘istonda yangi ochilgan «mehrtilsimi.uz» sayti o‘z yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda yagona deb aytish mumkin, deya xabar bermoqda «Kruz.uz».
Saytda asosan imkoniyati cheklangan insonlar hayoti haqida maqolalar chiqadi.
Hozirgi vaqtda saytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va butun O‘zbekiston bo‘yicha imkoniyati cheklangan ammo qalbi shijoatga to‘la, qo‘lida hunari bor insonlar haqida maqolalar mavjud.
«Avvallari, mehr-muruvvat desak faqat mehribonlik uylari, qariyalar uylarini, ulardan borib xabar olishni tushunardik. To‘g‘ri, ular mehrga muhtoj, doim ularning holidan xabar olinadi. Bunday tashkilotlar anchani ham tashkil qiladi. Ammo chekka hududlardagi nogiron, imkoniyati cheklangan insonlar haqida kim bilardi? Kim ularni olib chiqardi? Hech kim! «Mehrtilsimi.uz» aholining mana shu qatlami bilan bizni bog‘lab turuvchi ko‘prik sanaladi», — deydi Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi o‘rinbosari I.Abdikalikov.
Sayt muallifi II-guruh nogironi Salamat Avezov jurnalistlar va yosh reportyorlarning savollariga nutqidagi nuqsoni bois elektron shaklda javob qaytargan. Nashr elektron shakldagi nutqidan ayrimlarini keltirib o‘tgan:
«Hayotda juda ko‘p yiqildim, juda ko‘p. Ammo har safar turaverdim!»
«Saytni ochishda qiyinchilik bo‘lgani yo‘q. Nima uchun, bilasizmi? Ko‘nglimda ezgulik, o‘zimda harakat bor edi. Bu meni hayotiy formulam.»
«Dadam mening – qo‘lim, dadam mening – oyog‘im, dadam mening – ko‘zim! Ular bo‘lmaganda bu saytni ocholmas edim.»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter