Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorao‘zakda yangi pochta aloqasi bo‘limi ochildi: AKT vaziri tuman pochta va telekommunikatsiya xodimlari bilan uchrashdi

Qorao‘zakda yangi pochta aloqasi bo‘limi ochildi: AKT vaziri tuman pochta va telekommunikatsiya xodimlari bilan uchrashdi

Foto: «Mitc.uz»

Bugun, 22-fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida, Qorao‘zak tumanida yangi pochta aloqasi bo‘limining ochilish marosimida qatnashdi hamda telekommunikatsiya bog‘lamalari faoliyati bilan tanishdi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ Qoraqalpoq filialining Qorao‘zak tumanida joylashgan pochta aloqasi bo‘limi binosi mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi: endi aholiga zamonaviy va qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatiladi.

«Bog‘lama-mijoz» tartibida pochta jo‘natmalarini markazdagi saralash bo‘limidan olib manzilgacha yetkazib berish amaliyotini joriy etish doirasida tuman pochtachilari elektroskuterlar bilan ta’minlandi.

Hozir tuman aholisi va mehmonlari uchun ushbu pochta bo‘limi tomonidan xat-xabarlar tarqatish, pul o‘tkazmalari, jo‘natmalar, davriy nashrlarga obuna qilish va tarqatish, barcha turdagi kommunal to‘lovlarni qabul qilish, shuningdek, davlat, bank, va kurerlik xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Sherzod Shermatov «O‘zbektelekom» AKning Qorao‘zak tumanida joylashgan telekommunikatsiya aloqasi bo‘limi va uning qoshida tashkil etilgan IT-markaz faoliyati bilan ham tanishdi.

Uchrashuvlarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va AKT sohasiga yoshlarni ko‘proq jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring