Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorako‘lda hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga olindi

Qorako‘lda hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga olindi

Foto: Xabar. uz

Mahalla fuqarolar yig‘ini hududi fuqarolariga xizmat qilishi belgilangan qator «hokim yordamchi»larining turli manzillarda turli vajlar bilan pora olib, qo‘lga tushishayotgani oddiy holga aylanib qolayotgandek. O‘ziga belgilangan hudud aholisi o‘rtasila ishsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarga kredit mablag‘lari ajratish yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va ularga tavsiyanomalar berish, aholiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit mablag‘lari olishda ko‘maklashish hamda ularning bandligini ta’minlashda yordam berish kabi shunga o‘xshash boshqa vazifalar hokim yordamchilarining zimmasiga yuklatilgan. Bu tizim O‘zbekistonda katta maqsadlar bilan yo‘lga qo‘yilgan. Afsuski, bu tizimda turli tuman hokimiyat vakillarining ta’siri bilan lavozim kursisiga «tanish-bilishchilik» va «hachchavozlik»ning aralashgani layoqatsiz va bilimsiz shaxslarning ham «o‘tirishi»ga turtki bo‘lgan.

Qorako‘l tuman hokimining «Do‘rmon» mahallasi bo‘yicha yordamchisi lavozimida ishlab kelib, o‘zganing mulkini aldash hamda ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgan, arzimas pul evaziga mansabini suiste’mol qilgan F.X.ning xatti-harakatlarini qanday baholash mumkin?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudida ko‘rib chiqilgan ushbu sud hujjatlariga ko‘ra, hokim yordamchisi hududdagi tadbirkorga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14.09.2023 yildagi «Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, garovsiz kredit mablag‘lari ajratilishida ko‘mak berishini va’da qilgan.

Tadbirkorga yirik miqdordagi garovsiz kredit mablag‘ini qo‘lga kiritishning o‘zi bo‘lmasligini, hujjatlarni tez kunlar ichida tayyorlab berishni va’da qilgan. Evaziga «xizmati» uchun «rozi» qilishini aytgan. Shunday bo‘lgan ham. Kredit olishiga umidvor tadbirkor hokim yordamchisi qo‘ng‘iroq qilib chaqirganida, tuman hokimligi ma’muriy binosi oldiga kelgan. «Xizmati haqi» 200 dollar bo‘lishini aytgan hokim yordamchisiga tadbirkor 100 AQSh dollari bergan va qolganini ertaga berishini aytgan.

Ertasi kuni F.X. tadbirkorga qo‘ng‘iroq qilgan va «xizmati»ning qolgan qisminiyam keltirib berishini talab qilgan. O‘z tashvish va muammolari bilan yurgan tadbirkor hokim yordamchisiga bergan «va’da»si esidan chiqib qolganini, kun kechigacha yetkazishini bildirgan. Biroq, hokim yordamchisi tadbirkorni qiyin-qistovga qo‘yib, kun davomida yana bir necha bor ustma-ust qo‘ng‘iroq qilib, 100 dollarni yetkazib berishini so‘ragan. Hafsalasi pir bo‘lgan tadbirkor huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Tuman notarial idorasi binosi oldida hokim yordamchisi va tadbirkorning uchrashuvi F.X.ning «pora» yozuvi tushirilgan 100 AQSh dollari bilan qo‘lga olinishiga sabab bo‘lgan. Holat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Qorako‘l tuman bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati Olot tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar orqali rasmiylashtirilgan.

Hokim yordamchisi aybiga iqror bo‘lgan. Shu yerda haqli savol tug‘iladi: hokim yordamchilari faoliyatidan aholi nechog‘li foydalana olyapti? Ular tomonidan o‘zlariga birkitilgan va amalga oshirilmay qolayotgan ishlar, «uxlab yotgan» muammolar talay. Bu mansabdor shaxslarning ayrimlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan zarur choralar ko‘rish vaqti kelmadimikin?

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 25- (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) hamda 168- (Firibgarlik) moddalari bilan ayblangan hokim yordamchisi 2 yil muddatga barcha davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot muassasalarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilindi. Ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga tayinlandi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring