Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qora ro‘yxatdagi qahramon. U haqda yozish tugul, hatto nomini tilga olish ham xavfli edi...

Qora ro‘yxatdagi qahramon. U haqda yozish tugul, hatto nomini tilga olish ham xavfli edi...

Ma’rifatparvar Saidnosir Mirjalilov, muftiy Sadriddinxon Sharifxo‘jayev va toshkentlik talaba. Istanbul, 1918 yil.

12 dekabr kuni atoqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Naim Karimov 90 yoshga to‘ldi. Umrini jadid ma’rifatparvarlari hayotini tadqiq etishga bag‘ishlagan zahmatkash olim ayni tabarruk yoshga to‘lgan kuni «Abdulla Qodiriy zamondoshlari» asari uchun birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Mustamlaka davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish yo‘lida hali ham hormay-tolmay qalam tebratib kelayotgan ustozga sihat-salomatlik va ijodiy g‘ayrat tilagan holda, «Xabar.uz» o‘quvchilariga uning salmoqli tadqiqotini taqdim etmoqdamiz. «Tafakkur» jurnalining 2022 yil 3-sonida chop etilgan maqola istiqlol uchun kurash tarixida o‘chmas iz qoldirgan milliy qahramonlardan biri muftiy Sadriddinxon Sharifxo‘jayev (1878–1946) haqida.

GUMON VA IMON

Sho‘ro davlati nafaqat XX asrning 30-50-yillarida, balki tashkil topgan ilk kezlardanoq milliy respublikalarda, jumladan, O‘zbekistonda mustamlakachilik siyosatini olib borib, «aksilinqilobchi», «millatchi», «bosmachi», «zararkunanda» degan ayblar bilan o‘n minglab vatandoshlarimizni qirib tashladi. Zulmga qarshi bosh ko‘targan vatanparvar, erkparvar o‘g‘lonlar «xalq dushmani»ga chiqarildi, ularning nainki o‘zi, oila a’zolariyu xizmatdoshlari ham borsa-kelmas joylarga surgun qilindi. 30-yillardan boshlab esa ommaviy qatag‘on sho‘ro siyosatining tarkibiy qismiga aylandi. Atoqli rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin SSSRni «GULAG arxipelagi» deb atagani bejiz emas.

Toshkentning markaziy maydonida o‘ttiz yildan beri mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turgan bo‘lsa-da, biz shu vaqtgacha o‘z yurtini tark etishga majbur bo‘lgan vatandoshlarimiz manglayiga bosilgan «Vatan xoini» degan mudhish tamg‘ani olib tashlashga jur’at qilmay keldik...

Buni qarangki, ajab xushnud kunlar ham kelar ekan!

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022 yil 6 yanvardagi ochiq majlisida shunday vatandoshlarimizdan 120 nafariga oqlov hukmi e’lon qilindi. Bu kun ozod O‘zbekiston tarixiga adolatni tiklash kuni sifatida kirdi. Oqlangan vatandoshlarimiz orasida Sadriddinxon Sharifxo‘jayev va unga yaqin besh kishining ham borligi bizni, qatag‘on davri tadqiqotchilarini, ayniqsa, quvontirib yubordi.

Sadriddinxon kim bo‘lgan?

Ma’lumki, sovet davrida ism-sharifi NKVDning qora ro‘yxatiga tushgan kishilar to‘g‘risida yozish, hatto biror davrada ular nomini tilga olish ham xavfli edi. Shu bois mustaqillikning dastlabki yillarida ham bu unutilmas shaxslar haqida matbuotda yozib chiqishga biror tarixchi jur’at etmadi. Faqat 2008 yildagina «Hidoyat» jurnalida taniqli tarixchi va adabiyotshunos olim Sirojiddin Ahmedovning shunday vatandoshlarimizdan biri haqida «Sadriddin muftiy» degan maqolasi chop qilindi.

Biz mazkur maqola orqali Sadriddinxonning 1878 yil Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Mergancha mahallasida, Muhammad Sharifxo‘ja qozi xonadonida dunyoga kelganidan xabar topdik. «Sadriddinxon dastlabki ta’limni o‘z uyida olgan, so‘ng rus-tuzem maktabida o‘qigan, – deb yozgan edi S.Ahmedov. – Keyin esa Eshonquli dodxoh madrasasida ta’lim olgach, otasi uni Buxoroga, Mir Arab madrasasiga yuborgan. Buxoroda uzoq muddat ilm olib qaytgan Sadriddinxon oldiniga qozixonada ishlaydi. 1920 yil oxirigacha mudarrislik qi­ladi. Muftiy unvoniga sazovor bo‘ladi. 1921 yil martigacha sho‘ro xalq sudyalari raisi vazifasini bajaradi» (Ahmedov S. Sadriddinxon muftiy. «Hidoyat» jurnali, 2008 yil, 7-son, 28-bet).

Sadriddinxon va davradoshlarining Davlat xavfsizlik xizmati arxividagi hujjatlari bilan tanishish asnosida u haqdagi tasavvurimiz yanada kengaydi. Oqlov jarayonida uning «jinoiy ishi» bilan tanishgan kishilardan biri, «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi direktori Baxtiyor Hasanovning yozishicha, Sadriddinxon 1916 yildayoq – ulamolik to‘nini yechmay turib, siyosiy kurash sahnasiga chiqqan. U shu yili Chor Rusiyasini larzaga keltirgan mardikorlik qo‘zg‘olonini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, 1917 yil mart oyida Munavvar qori tashabbusi bilan tuzilgan «Sho‘roi islom» jamiyatiga birinchilar qatorida a’zo bo‘lib kirgan.

Sadriddinxon siyosiy-ijtimoiy faoliyatining oliy nuqtasi – maslakdoshlari Orif Karimiy, Yusufbek Qurbonov va Muhammadyor Muhammadumarov bilan birgalikda Buyuk Britaniya va Yaponiya rahbarlariga «milliy ittihod»chilarning vatanparvarlik kurashida amaliy yordam so‘rab xatlar yozganidir (1921). Afsuski, maktublar tegishli shaxslar qo‘liga borib yetmadi. Ularni kuzatib kelayotgan ChK xodimlari Sadriddinxon va maslakdoshlarini qamoqqa oldi.

Yo‘qsilning hasbi holi

Biz, aslida, Mahmud Oyqorli nomini keyinroq tilga olmoqchi edik. Negaki, biz bahs yuritayotgan davrda u hali dunyoga kelmagan edi.

Hayotning g‘aroyiboti shundaki, dastlab bir-birini ko‘rmagan, hatto turli shaharlarda tug‘ilgan kishilar jonajon do‘st yoki xundor dushman bo‘lib qolishi hech gap emas. Boya qayd etib o‘tganimizdek, Sadriddinxon 1878 yili Toshkentda tavallud topgan bo‘lsa, maqolamiz «eshigi»ni chertib turgan Bahrom Ibrohimov 1908 yili Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. Demak, u qahramonimizdan 30 yosh kichik. Agar muftiy 1934 yilda vafot etgan bo‘lsa, B. Ibrohimov yorug‘ dunyo bilan 1978 yilda vidolashgan. Ular o‘rtasidagi farq shuncha katta. Lekin bu ikki tarixiy shaxs shunday ajabtovur zamonda yashadiki, bu zamon ulardan birini ikkinchisiga bamisoli soya qilib qo‘ydi.

Dala-qirda yashab yurgan baxmallik ota farzand ko‘rgach, «O‘g‘lim mening o‘rnimni bosadi, qo‘y-qo‘zi boqadi», deyishni yaxshi ko‘rar edi. Falakning gardishini qarangki, besh yoshga to‘lganida, ota hayotdan ko‘z yumib, yetim bola amakisi Otajon akaning uyida o‘sadi. Otajon aka Bahromni dastlab Jomboydagi, keyin esa Samarqanddagi maktab-internatga beradi. Ilgarilari maktab bitiruvchilari Turkiyadagi o‘quv yurtlariga yuborilardi. Bahrom maktabni tugatganida Turkiyaga safar taqiqlangan, ammo Ozarbayjonning Ganja shahrida o‘qish imkoniyati tug‘ilgan edi. U Ganjadagi bilim yurtida bo‘lajak mashhur ozar shoiri Samad Vurg‘un bilan do‘stlashadi. O‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach esa Samarqandga qaytib, O‘zbekiston Oliy Soveti Markaziy ijroiya qo‘mitasining raisi Yo‘ldosh Oxunboboyevning kotiblaridan biri bo‘lib ishlaydi.

Zamondoshlar Bahrom Ibrohimov o‘tgan asrning 20-yillarida Yo‘qsil taxallusi bilan she’rlar yozganini eslaydilar. Lekin 30-yillarning boshlarida u bexosdan g‘oyib bo‘lib qolgan (o‘sha yillarda bunday ajabtovur holatlar ko‘p kuzatilgani vajidanmi, hech kim uning taqdiri bilan qiziqmagan). Uning nomi oradan qirq yillar o‘tib tilga olina boshlagan. «Toshkent oqshomi» gazetasining 1967 yil 27 iyul sonida adabiyotshunos Muhsin Zokirovning B. Ibrohimovga bag‘ishlangan bir sahifali materiali e’lon qilingan. «Revolyusiyadan keyin Jomboy qishlog‘ida ochilgan bolalar uyida boshlang‘ich ta’limni oldi, – deb yozgan edi muallif. – 1923 yilda Samarqandga kelib, bilim yurtiga o‘qishga kirdi va uni tamomladi. Ozarbayjonga o‘qishga ketib, 1930 yilda u yerdagi pedagogika institutini bitirdi. Shu yili Samarqandga kelib, pedakademiyada o‘zbek adabiyoti kafedrasining mudiri vazifasida ishlay boshladi».

M.Zokirov garchand ma’lumotlarni Yo‘qsilning o‘zidan olgan bo‘lsa ham, maqoladagi ayrim faktlar bizda shubha uyg‘otdi. Gap shundaki, Ganjadan qaytgan Yo‘qsilning pedakademiyada kafedra mudiri bo‘lib ishlagani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘sha sahifada Yo‘qsilning «Zafar kunlari» degan kattagina she’ri ham berilgan. Keling, shoir ijodi borasida tasavvurga ega bo‘lish uchun uning ayrim parchalari bilan tanishaylik:

Tip-tiniq, chiroyli, yop-yorug‘ yuzlar,

To‘lqinli dengizday dahshatli ko‘zlar

Nurini, husnini qora tun emdi,

Malohat totini qora sir shimdi...

Yomon emas-a! O‘qishda davom etaylik:

Ozod, yayrolmagan po‘lat gavdalar,

Ko‘karmoq istagan yashil navdalar

Ustiga yopilgan soyadan bezdi,

Silkinib qutulish paytini sezdi.

«Qutulish», «najot» deb oqdi tovushlar...

Poetik fikrning «najot» motivi bilan uzviy bog‘langanini qarang!

Yana davom etamiz:

Shimoldan cho‘zilgan quvvatli bir qo‘l

Qahhorlar zulmini tubdan yemirdi.

Zolimlar zulmiga so‘ng berdi bir yo‘l,

Jallodlar boshini sherlar kemirdi.

Shimol qahramoni bellardan suyab,

Qutulish, ozodlik kuyin kuyladi.

Shimol – Rossiya obrazi. Yo‘qsil bu obraz vositasida o‘zbek xalqi ruslar yordamida najot yo‘liga chiqdi, ozodlik, baxt va saodatga erishdi degan fikrni ilgari surgan. Mazkur motiv 20 – 30-yillardagi boshqa o‘zbek shoirlari ijodida ham uchraydi. Bu satrlar o‘ziga Yo‘qsil (Proletar) taxallusini olgan shoir dunyoqarashining mohiyatini ifodalagan desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

Zamondoshlarining naql qilishlaricha, Bahrom Ibrohimov Ganjadan butunlay boshqa odam bo‘lib qaytgan. Zamon noziklashib qolganiga qaramay, u ko‘pchilik oldida partiya va davlat rahbarlari haqida salbiy fikr aytishdan hayiqmagan, hatto boshqalarni ham shunga undagan. U keyinchalik qanchalik afsonavor shaxslardan biriga aylangan bo‘lmasin, biz uning 20 – 30-yillardagi faoliyatidan ozmi-ko‘pmi xabardor, 60-yillarda esa uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilardanmiz.

«Milliy ittihod»chilarning maktublari

Buyuk Yaponiya hukumatining G‘uljadagi vakili muhtaramina!

O‘rtaosiyolik Turkiston aholilari yarim asr muddat ichinda Rusiya hukumati zolimonasi ta’siri ila hunar taraqqiysidan mahrumiyat chuqurida qolib, ruslik millati savqi ila ruslashduruv siyosati ostinda ezilib, turk va islom millatlari huquqi siyosatdan chetka qolib, zulm va jabr ichinda umrguzar edilar. Bu o‘rtada Turkiston aholisi hukumatning bu siyosatidan norozi bo‘lib, istiqlol yo‘lini izlab, Milliy istiqloliyat qo‘mitasini tuzib, sho‘’balari ila butun Turkistonni qopladi. Nihoyat, hukumatning bu siyosati zolimonasig‘a toqat etolmasdan 1916-sanada isloh quti ila o‘z huquqlarini himoya etdi. Oqibat qizil inqilob ila bir oz umumiy ozodlik sohiliga chiqqan bo‘lib, huquqi milliyalarni yangidan tirgizmak orzuiga kirganda, 1917-sana oktyabr voqeasidan so‘ngra sovet hukumatining boshinda hukmron bo‘lgan Leninning (manifest) va’dasi har bir millat uchun milliy ozodlik va hurriyat e’loniga binoan Turkistonning eski poytaxti bo‘lgan Xo‘qand shahrida O‘lka muxtoriyatini e’lon etib, turkistonli turklar ma’qul bir hukumat tashkil qilgan holda, millatchi bolsheviklarning zolimona hujum va berahimona harakatlari ila shaharlar buzilib, qonlar to‘kilib, xotun va bolalar kesilib, xonalar va mollar talon-toroj etilib, hukumat arboblari otilib-osilib, hukumat tarqatildi va shul ona qadar otuv-kesuvlar davom etmakdadir.

«Osiyo – osiyoliklarningdur» degan shiorni lozim tutgan Siz, muhtaram Yaponiya hukumatidan iltimos qilinurkim, qardosh, vatandosh osiyolik Turkiston aholisining bu qadar zulm ostinda umr kechirmoqig‘a rozilik ko‘rsatmay, saloh va pul va o‘zga darkor bo‘ladirgan rejalar ila yordam qo‘lin uzatmog‘ingizni Vatan va qardoshlik nomindan o‘tinamiz. Bu haqda so‘zlashuv uchun ushbuni topshiruvchi tom huquqli tubanda ismlari yozilgan a’zolarini yuboradir:

Farg‘ona kray milliya askari boshlug‘i: Shermuhammadbek

Buxoro hukumati istiqloliya qo‘mitasining raisi: Muzaffariddin

Xiva hukumati istiqloliya qo‘mitasining raisi: Annaqulov

Turkiston Markaziy umumiy milliy ittihod qo‘mitasining raisi: muftiy Sadriddinxon.

Buyuk Britaniya hukumatining Koshg‘ar vakili hazrati oliylarina!

Siz muhtaram amniyat va huquqi bashariyat ustozi Buyuk Britaniya hukumatidan iltimos qilinurkim, Turkiston aholisining bu qadar zulm ostida yashab va Turkiston madaniyati, sanoi nafisalari botil va xarob o‘lmakig‘a rozilik yuzin ko‘rsatmay, sipoh va o‘zga zarur ashyo-la yordam qo‘lin etmog‘ingizni huquqi insoniyat nomindan o‘tinamiz...

Bu ikki xat millat taqdiriga kuyungan vatanparvarlar tomonidan yozilgan, ammo ular sho‘ro hokimiyati yillarida aksilinqilobchilik va sotqinlikda ayblandi. Holbuki, shu vaqtgacha yashirib kelingan xatlarda dastlab Chor Rusiyasi, keyin bolsheviklar Rossiyasi tomonidan ezilgan xalqning dardu alamlari bitilgan, bolsheviklarning mudhish jinoyatlari fosh etilgan.

Bu xatni kim yozgan o‘zi? Munavvar qori Moskvadagi Butirka turmasida yozgan xotiralarida uni Sadriddinxon bitgan, deydi. Bizningcha ham ana shu fikr to‘g‘ri. Sadriddinxon uni insho etishda imzo sohiblari bilan maslahatlashgan, xolos. Agar mazkur xat asosida Sadriddinxonning siyosiy portretini chizishga urinsak, u jasur, e’tiqodiga sodiq, bolsheviklar Rossiyasining zulm-zo‘ravonlikka tayangan davlat ekanini teran anglagan, butun hayotini ona yurtining mustaqilligiga bag‘ishlagan kishilardan biri bo‘lgani ayonlashadi. Uzoqni ko‘ra bilgan bunday ziyolining XX asrda, ayrim siyosatchilar va tarixchilar yozganidek, tarix qa’rida qolgan Turon musulmonlar feodal davlatini tiklash uchun kurashgan shaxs sifatida talqin qilinishi hech qanday asosga ega emas.

Taqdirmi yo tasodif?

Sadriddinxonning Avliyoota yaqinida ChK xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, Mashhadga qochib ketgunigacha bo‘lgan hayoti tasodifiy baxtli voqealarga shu qadar boyki, uning Meksikaga borib, surgunda yashayotgan Trotskiyni o‘ldirib kelgan kishilarni dog‘da qoldirganiga hatto ishongingiz ham kelmaydi. To‘g‘ri, Sadriddinxonning Yaponiya va Buyuk Britaniya hukumatiga yozgan xatlari manzilga yetib bormagan. Ammo shunday xatlarni yozgani va yetkazmoqchi bo‘lgani ChK yoki GPU xodimlarining ko‘ziga davlatga qarshi qaratilgan favqulodda katta qo‘poruv ishi bo‘lib ko‘ringan. Bunday jinoyat esa kechirilmagan.

O‘sha kezlar safdoshlarining qamoqqa olinganidan xabar topgan Sadriddinxon ularni ozod qilish uchun Toshkentga kelib, o‘z uyi atrofida to‘pponcha taqqan kishilarni ko‘radi. Toshkentdan qochib, dastlab Rahmonqul, keyin Shermat qo‘rboshiga boradi. Ulardan sado chiqmagach, Qo‘qonga, Hamdam hoji huzuriga yo‘l oladi. Hoji esa uni ikki qo‘llab ChKga topshiradi.

Sud mahkamasi 1921 yilning dekabrigacha davom etadi. Harbiy tribunal Qurbonboyevning yoshligini inobatga olib, unga oqlov, boshqalarga turli muddatli qamoq jazosi, Sadriddinxon Sharifxo‘jayev va Orif Karimovga esa oliy jazo berish haqida hukm chiqaradi. Ammo shu yillarda hammani dahshatga solgan tribunal Oktyabr inqilobining 4 yilligi munosabati bilan (1921 yilning dekabr oyida!) oliy jazoni 5 yillik qamoq jazosi bilan almashtiradi. Sud zalidan olib chiqib ketayotganlarida ikki mahbus soqchilar ko‘ziga bir-ikki kaft nos sochib qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Bu voqea 30-yillardagi qahramonlar g‘alabasi bilan tugagan yengil-yelpi sarguzasht filmlarni eslatadi. B. Hasanov bunday yozadi: «Turkiston hukumatidagi mahalliy arboblarning barchasining piri ustozi bo‘lgan muftiy Sadriddinxon va Orif Karimiy ko‘p o‘tmay Turkiston zaminidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Orif Karimiy keyinchalik Turkiyada olim bo‘lib yetishadi va keyingi faoliyatida o‘zini siyosatdan xoli tutadi. Muftiy Sadriddinxon avval Afg‘onistonga o‘tib, 1923 yil o‘rtalaridan Mashhad shahriga joylashadi va Turkiston ozodligi uchun kurashchi bo‘lgani tufayli yaxshi mavqe qozonadi».

Men bu voqealarni bir necha marta xayolan ko‘z oldimdan o‘tkazib, Sadriddinxon sovet maxsus xizmati topshiriqlarini bajarish uchun Mashhadga yuborilmaganmikan, degan xayolga ham bordim. Shu savol menga tinchlik bermay qo‘ydi... Davrga doir kitoblarni varaqlay boshladim. Nihoyat, xorijga qochib ketishga majbur bo‘lgan vatandoshlarimizdan biri – Ahad Andijonning «Turkiston uchun kurash» kitobidagi notanish ma’lumotlar meni qiynagan savolga oydinlik kiritgandek bo‘ldi. Muallifning yozishicha, 1923 yil o‘rtalarida Turkistondan Afg‘onistonga o‘tgan 49 kishiga Kobulga kirishga izn berilmagan, ulardan bu o‘lkani tark etish talab qilingan. Ularning bir qismi viza berilgani uchun Mashhadga yo‘l olgan. Sadriddinxon bilan birga «qo‘rboshi» Turobbek ham shu shaharda qo‘nim topgan.

«Muftiy Sadriddinxon jadidchilik harakatiga yordam bergan faol tashkilotchilardan biri edi, – deb yozadi olim. – U Toshkentga kelgan harbiy asirlardan biri – sobiq Bayburt hokimi Yusuf Ziyobey bilan birga Turkiyadagi «Ittifoq va taraqqiy» jamiyatining Buxoro bo‘limini ochadi. Undan so‘ngra tashkil etilgan O‘rta Osiyo milliy avomiy jamiyatlar ittifoqining boshlig‘i ham ayni shu muftiy Sadriddin bo‘lgan. Nuriy posho qo‘mondonligidagi turk o‘rdusi Bokuni egallaganida, mustamlakadan ozod qilinganida, Turkistondagi umumiy ahvolni Usmonli hukumatiga bildirish va ko‘mak uyushtirish maqsadida Istanbulga yuborilgan maxsus hay’at a’zolaridan biri ham muftiy Sadriddinxon edi. Ushbu hay’at a’zolari Istanbulda Usmonli imperiyasining vazirlari Tal’at posho, Anvar posho va xorijiya vaziri Nasimbey hamda umumiy markaz ulug‘lari bilan ham uchrashdilar. Muzokaralar natijasida Usmonli hukumatini boshqarayotgan «Ittihod va taraqqiy» rahbariyati Turkistondagi turumni anglatish uchun Ovrupoga bir hay’at jo‘natishga qaror qildi. Fuod Ko‘prili, qozi Abdurashid va Sadriddinxon bu hay’atga a’zo o‘laroq tayinlandi. Bu orada muftiy Sadriddinxonga Usmonli saltanatining pasporti ham berildi. Bu hay’at Shveysariyaga qarab yo‘lga chiqdi, ammo urush harakatlari tufayli Turkiyaga qaytishga majbur bo‘ldi. Muftiy Sadriddinxon bir muddat keyin yana o‘z vatanida milliy faoliyatini davom ettirdi. 1920 yilda Buxorodagi markaziy qo‘mita buyrug‘iga ko‘ra, Orif Karimiy va Yusufbeklar bilan birga bir hay’atga kiritildi, ularga Angliya va Yaponiya hukumatlariga Turkistondagi vaziyatni tushuntirish vazifasi topshirildi. Biroq yo‘lda, Sharqiy Turkistonga o‘tishda ChK tarafidan qo‘lga tushirildi va o‘lim jazosiga hukm qilindi. O‘sha paytlarda Turkistonda yurgan Jamol poshoning harakatlari tufayli o‘lim jazosi qamoq jazosiga almashtirildi» (Andijon Ahad. Turkiston uchun kurash. Birinchi kitob. Toshkent, 2017. 349-bet).

Ahad og‘aning bu so‘zlaridan keyin meni qurshagan shubha buluti tarqagandek bo‘ldi. Darhaqiqat, Sadriddinxon o‘z e’tiqodi yo‘lida dordan ham qo‘rqmaydigan zotlardan ekan!

Muhojirlikda

1917 – 1818 yillardan boshlab sovet davlatining zulmi oshgani, shuningdek, «quloqlashtirish» singari siyosiy kampaniyalar sababli o‘zbek xalqining ko‘plab vakillari Koshg‘ar, Eron, Afg‘oniston, Turkiya singari shahar va mamlakatlarga qochishga majbur bo‘lgan. Ular orasida sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan qo‘rboshilar, «Milliy ittihod» singari tashkilotlarning a’zolari ham oz bo‘lmagan. Ular xorijda boshpana topib, o‘rnashib olgach, sekin-asta sovet davlatiga qarshi guruh va tashkilotlar tuza boshlashi, bu guruh va tashkilotlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, kerak bo‘lsa, pul va qurol bilan ta’minlaydigan kuchlarning paydo bo‘lishi tabiiy edi. Angliya, Germaniya singari Yevropa davlatlari razvedkachilarining o‘yingohi bo‘lgan mamlakatlarga ko‘chib borgan o‘zbeklar sovet davlatiga qarshi qudratli kuchga aylanib, pirovardida O‘rta Osiyo respublikalarini SSSRdan ajratib olishi mumkin edi. Vaziyatning bunday tus olishidan xavotirlangan sovet davlati muhojirlikda yashayotgan o‘zbeklar yot g‘oya va rejalar ta’siriga tushib qolmasligi uchun mahalliy xalq vakillaridan josuslar jo‘nata boshlagan. Bahrom Ibrohimov – Yo‘qsil ana shunday razvedkachilardan biri bo‘ldi. U sovet davlati maxfiy idoralari topshirig‘iga binoan 1932 yilda Mashhadga yuborildi. Uning zimmasiga qo‘yilgan asosiy vazifa o‘zbek diasporasining sardorlaridan biri – Sadriddinxonning ishonchini qozonish, u rahbar bo‘lgan muhojirlar uyushmasi faoliyatini kuzatish va sovet davlatiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni bartaraf etish edi. Bahrom Ibrohimov maxfiy ishlarni bajarish asnosida, Markaz bilan kelishgan holda, turli taxalluslardan foydalandi. «Mahmud Oyqorli» – uning shunday taxalluslaridan biridir.

«Tez orada Erondagi bir choyxonada eski-tuski kiyingan, ammo bilimdon va chaqqongina bola paydo bo‘ladi, – deb yozadi jurnalist Xolnisa Rahmonqulova. – Buni payqagan muhojirlar raisi muftiy Sadriddinxonning odamlari unga O‘zbekistondan qochib kelgan zehnli bola haqida og‘iz ochishadi. Aslida, unga topshirilgan vazifa ham muftiy bilan yaqin bo‘lish edi. Muftiy Mahmudbekdan bu yerga nima uchun kelganini so‘raganida, qoidaga ko‘ra, «U yerda kofirlar ko‘payib ketdi. Kun ko‘rish uchun bu yerlarga keldim» degan javobni beradi. Sadriddinxon uni uyida saqlaydi. Halolligi va tarbiyasiga ishonch hosil qilgach, o‘ziga o‘g‘il qilib oladi» (Rahmonqulova X. Vatan uchun jonni tikkanlar. «Xalq so‘zi» gazetasi, 2019 yil 3 may).

Shu o‘rinda Sadriddinxonning uyi qayerda va qanday bo‘lgan degan savol tug‘ilmasligi uchun Oyqorlining josuslik faoliyatiga bag‘ishlangan asarlardan biri – «Ilon izidan» (A. Hakimov) qissasidagi quyidagi lavha bilan tanishaylik: «Odatda odamlar bir hayot va bir qiyofada yashasalar, muftiy Sadriddinxon bir necha hayot va turli qiyofada yuradigan ayyor edi. U Mashhadga kelib, bu xususiyatini yana takomillashtirdi. O‘z xo‘jayinlari – xorijiy davlatlarning razvedkalari irodasi bilan Mashhadga o‘tgan muftiy kuyitalik ingliz tabaasi Shayx Fayz Muhammadjon solgan sunniylarning yagona machitiga imom bo‘lib joylashdi. Bu machitga Hindistondan kelgan musulmon savdogarlar va Mashhaddagi ingliz konsulxonasining musulmon xizmatchilari ham qatnab namoz o‘qirdi. Muftiy Arka ko‘chasidagi machitning hujralaridan birida istiqomat qilardi. Aslida machit imomligi muftiy uchun bir niqob, haqiqatda u bu muqaddas joyni josusxonaga, chet el razvedkalarining rezidensiyasiga aylantirgan. Ammo mehrobda iblis imom bo‘lib olganini qavm, jumladan, sunniylar bilarmidi?..»

Hodisalar davomini A.Andijon talqinida o‘qisak: «Muftiy Sadriddinxon o‘zi o‘qigan, ilmli bir diniy arbob bo‘lgani bois, TMB (Turkiston milliy birligi – N.K.) a’zolariga yozgan xatlarida alam bilan eng ko‘p tilga olgan masalalardan biri Eronga o‘tgan muhojirlar orasida xat-savodli insonning kamligi va deyarli yo‘qligidir. 1932 yilning avgust oyida muftiyni juda xursand qilib yuborgan bir hodisa yuz berdi. Bahrom Ibrohimov degan o‘qimishli va, muftiyning so‘zlari bilan aytganda, «qo‘li qalam tutgan bir yosh» Turkistondan qochib chiqib, muftiy Sadriddinxonning yoniga keldi. Samarqandlik bu navqiron insonning taxallusi Yo‘qsil edi. Bahrom Ibrohimovning o‘z qo‘li bilan yozgan ma’lumotga ko‘ra, u ijodkor edi. 1930 yilda ba’zi yozuvchilar birgalikda tuzgan «Milliy istiqlol» jamiyatiga a’zo bo‘lgan (bu yolg‘on ma’lumot – N.K.). 1931 yilda yozgan kitobining nashr ishlari bilan shug‘ullanish uchun (bu ma’lumot ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi – N.K.) Toshkentga ketadi va ayni o‘sha paytda «Milliy istiqlol» jamiyatidagi o‘rtoqlarining qamalganini eshitib qoladi va Samarqandga qaytib bormasdan, to‘g‘ri Ashxobodga jo‘naydi. Ashxobodda chegaradan yashirincha narsa olib kelib sotadigan mahalliy turkmanlar bilan tanishadi va ularning yordami bilan Eronga o‘tadi.

Sadriddinxon Turkiston ichida yashayotgan tanishlari orqali Bahrom Ibrohimov yozgan va aytgan ma’lumotlarni tekshirtirib ko‘radi va yosh yigitning barcha gapi to‘g‘ri ekaniga qanoat hosil qiladi. Haqiqatan ham, shunday ismli ijodkor bor ekan: Yo‘qsil taxallusi bilan bitta kitobi ham bosilgan. Turkistondagi yashirin tashkilotlar bilan ham aloqasi bo‘lgan. Shunday qilib, Yo‘qsil muftiy Sadridddinxon bilan yonma-yon ishlay boshlaydi va qisqa vaqt ichida uning barcha ishlarini yuritadigan eng ishonchli odamga aylanadi».

Shunday qilib, Oyqorli Sadriddinxonning uyida yashay boshladi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, Sadriddinxon unga uchta birodaridan birining qiziga uylanishni taklif etadi. GPU Hamroqulbekning qiziga uylanishiga rozilik beradi. «To‘ydan so‘ng Mahmudbek Oyqorli Afg‘onistondagi sovet hukumatiga qarshi tuzilgan muhojirlar tashkilotidan biriga rahbar etib tayinlanadi», deb yozadi Xolnisa Rahmonqulova.

Sadriddinxon vaziyat o‘zgargani sababli Eronni tark etib, milliy ozodlik harakati boshlangan Sharqiy Turkistonga bormoqchi bo‘ladi. Turkiyaning Mashhaddagi konsuli Haqqibeydan turk pasporti, Kashmirga borish uchun esa ingliz konsulidan viza oladi. Ammo Sadriddinxonning TMBdagi maslakdoshi Mustafo Cho‘qay Eron, xususan, Mashhad katta strategik ahamiyatga ega shahar ekanini e’tiborga olib, shu yerda yana bir muddat yashashni maslahat beradi.

«Biroq 1932 yilning o‘rtalaridan siyosiy vaziyat yomon tomonga o‘zgardi, – deb yozadi Ahad Andijon. – Mashhad shahridagi turk konsulligining yopilish qarori chiqishi bilanoq konsul Haqqibey Turkiyaga qaytdi. Sadriddinxon esa shu paytgacha ko‘mak olib kelgan siyosiy tayanchdan mahrum bo‘ldi. Oktyabr oyida Eron hukumatining mas’ul idoralari Sadriddinxonga zug‘umni kuchaytirdilar. Chunki turkistonlik muhojirlar orasida yuritgan faoliyatlari, ular nomidan hukumatning turli idoralariga xatlar va talabnomalar yozishi hukumatning jig‘iga tegayotgan edi. Unga Eronda yashab turish vaqti tugagandan keyin viza berilmasligi bildirildi. Pasportiga ko‘ra u Turkiya vatandoshi hisoblanardi, shu bois Turkiyaga qaytishga majbur edi. Ammo bu pasportning muddati ham tugayotgandi. Muftiy Turkiyaning Tehrondagi elchixonasiga murojaat etib, pasporti muddatini uzaytirib berishlarini so‘radi. Biroq elchixonadagilar hujjatlarda ayrim nuqsonlar borligini ro‘kach qilib, muddatni cho‘zib berishmadi. Sadriddinxonning Turkiya elchisi Xusrav Garadaga yozgan xatlari ham javobsiz qoldi».

1933 yil ham shunday alg‘ov-dalg‘ov voqealar bilan o‘tdi. Sadriddinxonning masalani Turkiya elchisi yordami bilan hal qilishga urinishlari natijasiz yakunlandi. U Erondan chiqib ketishidan avval TMB va «Yosh Turkiston» guruhi aloqalari uzilmasligi uchun turli choralarni ko‘rdi.

Xuddi shu vaqtda turkman «bosmachi»si Annaquli o‘z lashkari bilan Turkmaniston hududlaridan o‘tib, Mashhadga keladi. Eron hukumati ularga qurolsizlanishni taklif qiladi. Ammo lashkar qurolsizlantirilgach, sovet davlatiga qaytarib yuborilishi mumkin edi. Masala shu nozik nuqtaga kelib taqalganda, Sadriddinxon afg‘on hukumatidan izn olib, Annaquli va uning lashkarini Afg‘onistonga o‘tkazib yubordi. Bu voqea Eron hukumatining sabr kosasini to‘ldirdi: Sadriddinxonga, 1934 yilning mayida ham Mashhadda qolgudek bo‘lsa, qamalishi ma’lum qilindi. Sadriddinxon 1934 yil 8 iyul kuni kechasi kotibi bilan birga Mashhadni bir umrga tark etdi.

«Yashirin tashkilotlarda ishlayverib pishib ketgan Sadriddinxon qachon va qayga ketishini hech kimga, hatto kotibiga ham aytmagan, rejasidan o‘zidan boshqa hech kimning xabari yo‘q edi, – deb yozadi Ahad Andijon. – Bir necha turkistonlik milliy shaxslarning sovet josuslari tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va sho‘roga topshirilgani eslansa, muftiyning bu harakati, ya’ni og‘zi mahkamligi balki uning hayotini saqlab qolgandir. Ikkovlon ikki kun yo‘l yurib, chegaradan o‘tib, Afg‘onistonga kirdilar. Ularni shaxsan Hirot voliysi kutib oldi va juda katta hurmat-e’tibor ko‘rsatdi. Muftiy va kotibi bu yerda yigirma kuncha mehmon bo‘ldilar. So‘ng ularga bir harbiy yo‘ldosh tayinlandi va birgalashib Hirotdan Kobulga qarab yo‘lga chiqishdi».

Sadriddinxon va Mahmud Oyqorli 1935 yil 31 iyulda Kobulga omon-eson yetib borishdi. Muftiy Kobuldan Parijdagi do‘stlari Mustafo Cho‘qay va Abdulvahob O‘qtoyga bir necha xat yozdi. Xatlarning birida bunday so‘zlar bor edi: «Mahmud Shavkat (Esandal) bilan ko‘rishdim. U zot Turkiya elchisidir. Shaxsan suhbat qildim... Turkiyadagi vaziyat bizning maqsadlarimizga, faoliyatimizga unchalik uyg‘un ko‘rinmayapti. Bizga bir sohada yordamlari tegishi mumkin, ya’ni u yerda tahsil olmoq istagan yoshlarimizga imkoniyat beriladi. Men ham bu afandilarimiz bilan munosabatda ana shu mavzulardan chetga chiqmaslikka intilaman. Ana shu niyatda bugun Yo‘qsil bilan Turkiyaga boramiz deya turk pasporti oldik. Yo‘l uchun moddiy imkonlarni hal etsa, Yo‘qsilni Mashhad taraflarga yuborishni mo‘ljallab turibman. Sizdan bir tilagim – moddiy yordamni iloji boricha tezroq jo‘natsangiz. Mashhadga borsa, Sizning maslahat va tavsiyangizga ko‘ra u yerda ishlarni bajaraveradi...

...Koshg‘arga o‘z paytida juda tezlik bilan o‘tib ketish kerak edi, endi esa kech. Izn berilsa, bu yil qishni Kobulda o‘tkazsam deyman. Shu hafta ichida buning ham natijasi chiqib qoladi. Xo‘janiyoz Koshg‘arda istiqlol fikridan voz kechib, yuzini muxtoriyatga buribdi. Chin hukumati qo‘mondoni Koshg‘arga kiray deb turibdi... Istiqlolchi lashkarlardan bir bo‘lagi Pomir tog‘larida, Toshqo‘rg‘on tarafda mingdan ortiq qo‘zg‘olonchi bor. Boshlig‘i Mahmud Yusuf degan zot. Avvalgi paytlarda Shermuhammadbek qo‘li ostidagi qo‘rboshilardan bo‘lgan, hozirda ham ixlosi baland... Bu taraflarga yuboriladigan jurnallar sonini orttirish kerak. Bu foydalidir. Bizga jo‘natiladigan mablag‘ni Kobul milliy banki Turkiston ashhami (Turkiston hujjatlari bo‘limi – N.K.) vositasida olishimiz mumkin».

Kamina Sadriddinxonning ushbu samimiy so‘zlarini yozayotganimda «Ilon izidan» qissasi muallifining boya keltirilgan aybnomasi yodimga tushdi. Sadriddinxon haqidagi bu ikki nuqtai nazarni qiyoslab bo‘ladimi?!

«Yo‘qsil muftiyning barcha aloqalarini hal etadigan, jurnal tarqatadigan va xabarlashishni uyushtiradigan odamiga aylangan edi, – deya davom etadi Ahad Andijon. – ...Bu chog‘da muftiy, bir tarafdan, Andxo‘y, Aqcha, Mozori Sharif va Xonobod kabi shaharlarda TMB nomidan ish yuritadigan kishilarni tanlash va tayyorlashni, ikkinchi tomondan esa, bosmachilar va rahbarlari bilan uchrashib, vaziyatni tahlil qilishni boshlab yuborgan edi. Shunga qaramay, Sadriddinxon Sharqiy Turkistonga bog‘liq rejasidan ham voz kechmagan edi. U yerlarga borib, milliy mustaqillik kurashida qatnashishni istardi. Shu sababli u Yaponiya elchixonasi xodimlari bilan aloqa o‘rnatib, Sharqiy Turkistonga bog‘liq ishlari uchun zamin hozirlamoqqa kirishdi».

Sadriddinxon yaqin safdoshi sotqin bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa ajab emas. Maxfiy rejani esa 1934 yilda amalga oshirishga kirishildi. «Hattoki ichkaridan xabar olish og‘irlashib qolgani uchun Sharqiy Turkistonga o‘tib olish niyatida 6 iyunda Afg‘oniston xorijiya vazirligiga viza uchun murojaat etgan edim, – deb yozadi Sadriddinxon Mustafo Cho‘qayevga yo‘llagan xatlaridan birida. – Vazir huzuriga chaqirtirib, sovet hukumatining mendan qattiq g‘azablanganini bildirib, yaxshisi, inglizlardan (Hindiston yo‘li orqali) viza olishni tavsiya qildi. Ertasiga ingliz elchixonasiga bordim. Hindiston vizasi berishlarini talab etdim. Elchilikdagilar markazdan so‘rashlari kerakligini aytib, kutasan, dedilar. Shu payt hech kutilmaganda, 17 iyun kuni meni shahar mirshabxonasiga olib borib, ...ikki kun ichida chegaradan o‘tkazib, Mashhadga kuzatish borasida amr borligini ta’kidlashdi... Eronga qaytib yuborishsa sharmandali ish bo‘ladi... Go‘yo tashkilot qurib, sovet Rusiyasiga qarshi ish qilibmanmish. Bu holat menga va Turkiya elchixonasidagi o‘rinbosarga xorijiya vazirligi tarafidan ochiq aytildi... Uzoqboylar (yaponlar) bilan aloqa yurishib ketsa ham yomon bo‘lmasdi. Qani edi imkon topilsa!..

Xudoga shukrki, Mahmudning shoshadigan joyi yo‘q. Zotan, Mahmud bu yerda qolib, bir yordamchisi bilan xizmatingizga hozirdir. Muhtaram Mustafobek, bundan keyin Mahmud bilan doim xabarlashib turishingiz kerak... Shak yo‘qki, endigi sovet hukumatiga qarshi ish qilish imkoni bizda qolmadi. Yagona umid shuki, balki istiqbolda yangi bir inqilob yoki urush chiqib qolar... O‘shanda millatimizga, tayyormisan, deyish uchun hozirdan chora ko‘rish lozim...»

Xiyonat qurboni bo‘lgan muftiy Sadriddinxon Qandahor shahrida g‘ariblikda vafot etadi. Qahramonimiz yuragidagi Vatanga muhabbat, erk va ozodlikka e’tiqod alangasi sho‘rolar Turkistonida yashagan vatandoshlarimizning yuraklarida ham yonib-porlaganida, tarix g‘ildiragi qay tomon aylanar edi deng!..

R.S. O‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekiston kompartiyasi MQ birinchi kotibi tegishli idoraning iltimosiga ko‘ra, «birinchi o‘zbek razvedkachisi» va «o‘zbek razvedkachilik maktabi asoschisi» Bahrom Ibrohimovga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini berish masalasida Moskvaga murojaat etgan. Markaz hujjatlarni o‘rganib chiqqach, uni xizmatlariga yarasha «Qizil Yulduz» ordeni bilan taqdirlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring