Qor yog‘ganidan keyin dovonda 4ta mashina YTHga uchradi

Bugun, 6 oktyabr kuni soat 6:20larda Qamchiq dovonining 199-kilometrida «Vodiy-Toshkent» yo‘nalishida harakatlangan «Spark» rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqqa urilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, «Spark» ortidan kelayotgan «Jentra», «Kobalt» va «Jentra» rusumli avtoulovlar ham yo‘l-transport hodisasiga uchragan.
«Qamchiq» MQYoQB qutqaruvchilari, tez tibbiy yordam, yo‘l-patrul xizmati, «Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar jarohat olgan fuqarolarni avtomashinalar ichidan chiqarib olishgan.
«Spark» avtomobili salonida haydovchi va bir nafar yo‘lovchi bo‘lib, yo‘lovchi tan jarohati olgan, shuningdek, «Kobalt» avtoulovi haydovchisi o‘ng qo‘l sinishi bilan Angren shahar markaziy shifoxonasiga yuborilgan. Qolgan avtoulovdagi yo‘lovchi va haydovchilar yengil tan jarohati olgani sababli ularga shu joyning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Avtomobil haydovchilari noqulay ob-havo sharoitini (tunda Qamchiq dovonida qor yog‘gan) inobatga olmay, tezlikni oshirib haydashi oqibatida ushbu yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter