Qog‘ozbozlik tilanchilikka qarshi — Shvetsiya
Shvetsiyaning Eskilstuna shahrida tilanchilikka qarshi kurashishning yangi usulini o‘ylab topishdi: «passiv pul yig‘imi» bilan shug‘ullanmoqchimisiz, marhamat, avval politsiyadan ruxsatnoma oling! Bu haqda shahar hokimligi saytida xabar berildi.
Eskilstunada «tilanchilik biznesi» bilan shug‘ullanish uchun litsenziya narxi 250 shved kronasi (25 yevro) turadi va uni politsiya beradi. Ariza beruvchi mamlakatda qonuniy yashayotgan va Shvetsiya ijtimoiy sug‘urta raqamiga ega bo‘lishi shart. Yangi qoida 1-avgustdan kuchga kirdi.
Mahalliy «Eskilstuna-Kuriren» nashri yozishicha, hali biron kimsa tilanchilikka ruxsatnoma so‘rab politsiyaga kelmagan.
«Maqsadimiz qog‘ozbozlikni kuchaytirish orqali tilanchilik qilishni qiyinlashtirish», — «Eskilstuna-Kuriren» shahar ma’muriyati vakili Jimmi Yansondan shunday iqtibos keltirdi.
Mavzuga oid: Endi tilanchilik uchun jarimaga tortilish yoki qamalish mumkin
Tilanchilik Shvetsiyada davlat darajasida taqiqlanmagan, har bir hudud o‘z xohishidan kelib chiqib biron chora qo‘llaydi. Ilgari tilanchilikni butunlay taqiqlashga uringan ayrim shved shaharlari ma’murlari shundoq ham arang kun kechirayotgan odamlarning huquqlarini toptovchilar sifatida jamoatchilikning g‘azabiga duchor bo‘lishgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter