Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qodirov zanjiri». Yana bir sobiq prokurorga nisbatan jinoyat ishi ochildi

«Qodirov zanjiri». Yana bir sobiq prokurorga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Foto: «Anons.uz»

«Xabar.uz»ga paydar-pay kelib turgan xabarlarga ko‘ra 2018-yilning 22-fevral kuni hibsga olingan O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov jarayonida «zanjir reaksiyasi» ro‘y bermoqda. Tovlamachilik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olishda gumon qilinayotgan O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori ortidan bir qator huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq vakillari qo‘lga olingan.

Hibsga olingani aytilayotganlar ro‘yxatida Rashidjon Qodirovning sobiq o‘rinbosari, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Sunnatov, Qodirovning kuyovi, Surxondaryo viloyati Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi tergov bo‘limining sobiq rahbari Nodir To‘raqulovlar borligi haqida xabar bergan edik.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, Rashidjon Qodirov qo‘lga olingani haqida rasman ma’lumot berilgan kuni Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi, Toshkent viloyatining sobiq prokurori, adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziyev ham qo‘lga olingan va unga nisbatan ham jinoyat ishi ochilgan. Hozircha u qaysi jinoyatlar bo‘yicha ayblanayotgani bo‘yicha ma’lumotga ega emasmiz. Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bu ma’lumotni tasdiqlashmadi ham, inkor ham etishmadi.

Jamshid Fayziyev qachon va qayerda tug‘ilgani, qayerda tahsil olgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Internetdagi ochiq manbalarda qayd etilishicha, u Bosh prokuraturaning korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining o‘ta muhim masalalar bo‘yicha katta tergovchisi, so‘ngra ushbu boshqarmaning boshqarma boshlig‘i bo‘lgan. 

2013-yilning mart oyigacha o‘sha paytdagi O‘zbekiston Bosh prokurori Rashidjon Qodirovning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2013-yilning 18-martida O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangan. Biroq mazkur postda u atigi 9 oygina faoliyat yuritgan va matbuotga noma’lum sababga ko‘ra lavozimidan chetlashtirilgan edi.

Shundan so‘ng ancha vaqtgacha jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan Fayziyev 2017-yili hech kutilmaganda Toshkent viloyati prokurori kursisini egallagandi. Bunda avvalgi aloqalarining yordami bo‘lgani taxmin qilinadi.

U Prezident Shavkat Mirziyoyevning bir necha bor qahriga uchragan edi. Xususan, 2017-yil 8-yanvarda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari uni kinoya bilan «janob Fayziyev» deb chaqirgan. 2017-yilning iyul oyida Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida Prezident prokuror Jamshid Fayziyevni qattiq tanqid qilgan edi:

«Toshkent viloyatida ahvol nihoyatda og‘ir. Hech bir viloyatda bo‘sh turgan 590 ta bino yo‘q. Men nima uchun prokurordan noroziman? Nima uchun bir marta chaqirib, o‘zi kengash o‘tkazib, sen noinsof nima qilyapsan, deb talab qilmaydi? Nima uchun? Qonun ijrosini ta’minlovchi eng katta idora kim? Kim, o‘rtoq Fayziyev?

Davlat formasini kiyish iftixor. Hech kimga davlat formasini kiyib g‘o‘ddayishiga yo‘l qo‘ymayman. Senlarning hidlaring odamlarga yoqishi kerak, ko‘rib havas qilishi kerak. Senlarni esa ko‘rgan odam qo‘rqadi. Biz prokuraturani shunday sharmanda qilganmiz, ayrim noinsoflar rahbarlik qilgan paytda. Hech kimga harom yo‘l bilan topilgan narsa buyurmaydi, shuni bilinglar. Asta-cyekin hammasini joy-joyiga qo‘yamiz, faqat vaqt kerak!», degan edi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, o‘tgan yilning 2-avgustida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham prokurorlarni «eng katta o‘g‘rilar» deb atab, «o‘g‘ri tizimdan qolganlar»ni oxirigacha tozalashini ta’kidlagan va Fayziyevga vaziyatni o‘nglash uchun 10 kun muhlat bergandi. Ammo oradan bir necha oy o‘tib, aniqrog‘i 30 oktyabr kuni Jamshid Fayziyev ishdan olingan, bunga sabab qilib, viloyatda paxta hosiliga qo‘shib yozilgani ko‘rsatilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Jamshid Fayziyev 2002-yilning 28-avgustida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga muvofiq «Jasorat» medali bilan taqdirlangan. O‘shanda u Bosh prokuraturaning korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining o‘ta muhim masalalar bo‘yicha katta tergovchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlayotgan vaqtida, ya’ni 2008-yili II darajali «Shon-sharaf» ordeniga sazovor bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring