Kobulda portlash. Qurbonlar bor
Payshanba kuni kechqurun Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida namoyishlar paytida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda «Frans-press» agentligi xabar bermoqda.
Payshanba kuni kechqurun hudkush hujumchi politsiyachilar va namoyishchilar to‘planib turgan maydonda portlovchi qurilmani ishga tushirishi natijasida portlash sodir bo‘ldi hamda 11 kishi vafot etdi va 25 kishi jarohatlandi. Mamlakat ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Nusrat Rahimiyning xabar berishicha, «namoyishchilar xavfsizligini ta’minlash uchun kelgan politsiyachilar va namoyishchilar to‘planib turgan maydonda hudkush hujumchi qurilmani ishga tushirgan».
Shuningdek, Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi Vohid Majruh «hozircha 11 kishi vafot etgani va 25 kishi jarohatlangan»ini ma’lum qildi. «Qurbonlar soni yana ortishi mumkin, chunki tez yordam mashinalari hamon voqea joyida o‘z vazifalarini o‘tamoqdalar», deya qo‘shimcha qilgan u.
Xavfsizlik xizmatidagi manbaning aytishicha, portlash natijasida 20 kishi halok bo‘lgan va yana shuncha kishi jarohatlangan. Ammo bu xabarni tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan.
Ushbu hujumni hozircha biror bir guruh o‘z bo‘yniga olmagan.
Nomi sir qolishini so‘ragan rasmiylardan birining aytishiga qaraganda, Kobuldagi ushbu namoyishlar politsiya tomonidan spirtli ichimliklar va narkotik savdosiga qarshi o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida bir savdogarning vafot etishi munosabati bilan o‘tkazilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter