Qizga gap otgan yigitlardan birini urib jarohatlagan fuqaroga jinoyat ishi ochildi

2020-yilning 3-noyabr kuni soat 01:00 da 40 yoshli Odil M. Namangan shahar 5-kichik tumanda joylashgan do‘konda savdo qilayotganida, do‘kondan xarid qilib tashqariga chiqqan 25 yoshli Sevara A.ga «Matiz» rusumli avtomashinada bo‘lgan Jahongir U., Murod T. va Yusuf S.lar gap otishadi. Buni ko‘rgan Odil M. ularga ketishlarini aytib, o‘zaro janjallashib qoladi va do‘konda bo‘lgan yog‘och bitani tashqariga olib chiqib, Yusuf S.ning bosh qismiga urib tan jarohati yetkazadi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, dastlabki tibbiy ma’lumotnomada: jabrlanuvchida bosh miya ochiq shikasti, bosh miyani og‘ir darajali lat yeyishi, bosh miyani chap yarim sharlari o‘tkir epidural gematomasi hisobiga ezilishi va boshqa jarohatlar borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Odil M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «ye» bandi (bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter