Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishki olimpiadaga tayyorlanish bo‘yicha prezident qarori imzolandi

Qishki olimpiadaga tayyorlanish bo‘yicha prezident qarori imzolandi

Shavkat Mirziyoyev «2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan.

Unga ko‘ra, quyidagilar O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlashning ustuvor vazifalari etib belgilangan:

  • ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish orqali hududlarda zarur infratuzilmani yaratish;
  • qishki sport turlari bo‘yicha nodavlat sport-ta’lim muassasalari, klublar va to‘garaklar tarmog‘ini kengaytirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish;
  • mavjud salohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqib, hududlarni qishki olimpiya va paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda qishki sport turlarini rivojlantirish;
  • qishki sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolarini shakllantirish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda ularning ishtirokini ta’minlash.

Shuningdek, 2023-2025 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida:

  • figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey va parakyorling bo‘yicha professional sportchi, malakali trener va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida zamonaviy muz saroyi barpo etish;
  • Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chimyon qishlog‘ida fristayl, tog‘ chang‘isi, snoubord, paratog‘ chang‘isi, parasnoubord, paraxokkey, parakyorling kabi sport turlarini rivojlantirish maqsadida sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qarashli «Paxtakor» sport bazasi negizida qishki sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari uchun 60 o‘ringa mo‘ljallangan Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;
  • Toshkent shahrida Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan:

  • qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha 29 ta dasturda ishtirok etish hamda 7 ta sport turi bo‘yicha 8 ta litsenziyani qo‘lga kiritish, shu jumladan, 3 ta istiqbolli olimpiya sport turi (chang‘ida yugurish, fristayl va kyorling) bo‘yicha 10 ta dasturda ishtirok etishni;
  • qishki Paralimpiya o‘yinlari bo‘yicha 4 ta dasturda ishtirok etish hamda paratog‘ chang‘isi bo‘yicha 2 ta litsenziyani qo‘lga kiritish, shu jumladan, paraxokkey bo‘yicha dasturda ishtirok etish.

Bundan tashqari:

  • Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri figurali uchish, xokkey, short-trek, kyorling, paraxokkey, parakyorling sport turlariga;
  • Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li hududlari tog‘ chang‘isi, snoubord, fristayl, ski-alpinizm, paratog‘ chang‘isi, parasnoubord sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
  • ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni jalb qilgan holda salohiyatli hududlarda zarur infratuzilmani yaratish, bu borada investorlarni jalb etish, ularga bo‘sh yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish va qurilish ishlariga ruxsat beriladi;
  • tog‘li hududlarda joylashgan sport-ta’lim muassasalarida tog‘ chang‘isi va ski-alpinizm bo‘yicha bo‘limlar tashkil etiladi va ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi;
  • muz saroylari mavjud hududlarda figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey, parakyorling bo‘yicha bo‘limlar ochilib, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlanadi;
  • qishki sport turlari bo‘yicha nodavlat sport-ta’lim muassasalari tashkil qilinib, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlanadi;
  • qishki sport turlari bo‘yicha hududlar kesimida milliy terma jamoa a’zolari shakllantiriladi va 2023 yildan boshlab respublika musobaqalarida ularning ishtiroki to‘liq moliyalashtiriladi;
  • mavjud salohiyat va imkoniyatdan kelib chiqib, hududlarda qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash bo‘yicha homiylar biriktiriladi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring