Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishki mavsumda buxoroliklar: metan «zapravka»lar, ko‘mir, gaz va elektr

Qishki mavsumda buxoroliklar: metan «zapravka»lar, ko‘mir, gaz va elektr

Bugun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shaxobchalarida  navbat kutib, turnaqator turgan avtomashinalar oldidan befarq o‘tib keta olmaysiz. Haydovchilarning sovuq havoda tuni bilan bunday shoxobchalardagi navbatlarda qolib ketishayotgani ham bor gap.

«Xabar.uz» muxbiri Buxoro aholisining ayrim vakillari bilan qishki mavsumdagi tayyorgarlik va bugungi muammolari to‘g‘risida, mutasaddilar bilan esa ularning yechimlari haqida suhbatlashdi.

«Tonggi soat 03:30 larda navbat olgandim. Mana, soat 09:32. Soat 10:00 da metan «zapravka»ni yopadi. Navbatimgacha hali, kamida 200 ta mashina bor. Men yana bir kecha-kunduzni o‘tkazishim kerak navbatimni kutib. Havoning sovuqligini-ku, aytmay qo‘ya qolay. Shu kecha yo‘l chetida olov yoqib, isinishga majbur bo‘ldik. Bu ovoragarchiliklar ortidan navbat kelsa ham mayli edi. Aksiga ishga ham kechikdim», – deydi Romitan tumanidagi Mirishkor qishlog‘i fuqarosi Odilbek Hasanov.

Ikkinchi suhbatdosh esa navbat tig‘izlashib, metan gaz «kamyob»ga aylanib borayotgan bo‘lsa ham uning narxi o‘zgarishsiz qolayotgani, ya’ni 2 600 so‘m evaziga sotilayotgani, biroq ayni paytda, qimmat bo‘lsa ham sotib olishga tayyor bo‘layotganini, kasalxonada otasi og‘ir ahvolda yotganini bildirgan.

«Ob-havoning keskin pasayib ketgani bois, tabiiy gaz metan «zapravka»lardan «tortilib», aholiga yetkazib berilishi choralari ko‘rilayotgani aytilgandi. Ayrim hududlarda tabiiy gaz bosimi tushib ketgani ham aytilyapti. Ayrim joylarda esa odamlar allaqachon ko‘mir va o‘tin bilan uy isitishga o‘tgan», – deydi Buxoro shahrida yashovchi Mirjalol Tohirov.

«Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan keyingi suhbatdosh metan gaz shoxobchalaridagi tanqislik sabab yo‘nalishli taksilar narxi ham keskin oshib ketganini aytadi.

«7 ming so‘mlik masofali manzilga yetib borish narxini taksi haydovchilari 20-25 ming so‘mga ko‘tarishdi. Tabiiyki, zapravkalarda navbatning oxiri ko‘rinmasa ham narxi oshirilmadi. Taksichilarning vaqtdan unumli foydalanib olishga urinishayotgani xafa qiladi odamni. Axir bu tanqislik vaqtincha bo‘lsa...

Sinovli vaziyatlarda sabringni sinayotganlardan ranjiysan-da, odam», – deydi Ashura Boboyeva.

«Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali direktori O‘tkir Fayziyevning so‘ziga ko‘ra, haqiqatan ham ushbu sinovli davr odamlarni ancha tashvishga solib qo‘ygan. Biroq, shu qisqa vaqt ichida qator ishlar ham amalga oshirildi.

«Bugungi kunda Buxoro viloyatida 74 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari mavjud. Eng qiyin vaziyatlardayam viloyatdagi birorta shoxobchada xizmat to‘xtatilmadi. Faqat xizmat ko‘rsatish vaqtlari ma’lum soatlarga qisqartirildi, xolos. Avvaliga soat 06:dan 10:00gacha xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, joriy yilning 9 dekabridan boshlab ikki soatga, soat 06:dan 12:00 gacha uzaytirildi. Bu, albatta, tizimda vaqtincha yuzaga kelgan nosozliklarning bosqichma-bosqich bartaraf etilgani bilan bog‘liq», – deydi O‘tkir Fayziyev.

O‘tkir Fayziyevning bildirishicha, ushbu vaqt mobaynida «Hududgazta’minot» AJ tomonidan gaz to‘ldirish shoxobchalari quvvatini oshirish maqsadida 6 dona gaz quyish kalonkalari, 3 dona kompressor va 3 dona gaz haydash nasoslari ajratilgan va barcha uskunalar o‘rnatilib, qayta foydalanishga topshirilgan.

«Iste’molchilarga mas’ul xodimlar tomonidan 2022-2023 kuz-qish mavsumida sifatli suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida maishiy gaz ballonlardagi og‘ir qoldiqlar to‘kib olindi. Va ularni saqlash uchun qo‘shimcha 4 dona og‘ir qoldiq saqlash sig‘imlari keltirilib, gaz to‘ldirish shoxobchalariga o‘rnatildi. Ushbu uskunalarning ishga tushirilishi bilan suyultirilgan gazni sig‘imlarga to‘kib olishda sarflanadigan vaqt qisqartirildi. Buning natijasida esa iste’molchilarga belgilangan muddatlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilishiga erishilmoqda», – dedi «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali direktori.

Buxoro metan gaz «zapravka»laridagi uzilishlarda 21 va 29 km gaz quvurlarining rekonstruksiya qilingani ham sabab qilib ko‘rsatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 507,5 km gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirilgan, bo‘yoqlangan. Tasdiqlangan rejadan tashqari, 9,423 km gaz quvurlari ta’mirlanib, 806 dona gaz maromlash punktlari esa demontaj qilingan.

«Bu bilan esa viloyatdagi 94 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 40 635 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minotining yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, 15 ta mahallaning jami 7,6 km gaz tarmoqlari ta’mirlanib, 20 dona gaz taqsimlash qurilmalari to‘la texnik taftishdan o‘tkazildi. Viloyat bo‘yicha jami 19 km.dan ortiq gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan. Amalda esa 22 km.ga yaqini rekonstruksiya qilindi. Jumladan, Buxoro shahri, Buxoro, Jondor, Kogon, Qorovulbozor va Olot tumanlarida qilingan sa’y-harakatlar bugun iste’molchilarga muammosiz tabiiy gazning yetkazib berilishi uchun muhim omil hisoblanadi», – deydi O‘tkir Fayziyev.

Romitan tumangaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulovga ko‘ra, endi viloyat markazidan salkam 300 km olisda joylashgan Gugurtli va Qizilravot ovuli aholisi hamda mavjud ijtimoiy ob’yektlar ham gaz balloni bilan ta’minlanadi.

«Har 30-35 kunda gaz ballonlari tarqatiladi. Kuni kecha umumiy hisobda 2 160 litr suyultirilgan gazga to‘ldirilgan 109 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi», – dedi Aziz Rasulov.

«Isindim olovingga, ko‘r bo‘ldim tutuningga... »

Qish fasli kirib kelishi bilan, aksariyat aholi o‘rtasida uylarni isitish uchun qo‘lbola pechlarda ko‘mir bilan yoki elektr bilan muammolar urchidi. Bu ayniqsa, qishloq aholisi uchun qiyinchilik tug‘diradi. Va bu borada shikoyat, ariza va murojaatlar soni oshib ketadi.

«Covuq tushdi, deguncha, tashvishimiz ortadi. Qishbo‘yi tezak yoqib, yetti jon bir xonada kun o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi. Tomorqadagi ancha-muncha daraxtlarni tarasha qilib, yoqib bo‘lganimizga ikki-uch yil bo‘ldi. Bir zumda yonib tugaydigan ko‘mirdan esa pechlar yoqib, uning taftidan kun bo‘yi foydalanib bo‘lmasa. Yozda ta’mirdan chiqqan uylarimiz qishda azbaroyi tutunlar zahmidan qorayib, bir ahvolga kelib qoladi. Elektr pechlardan foydalanmoqchi bo‘lsak, elektr energiyasi ta’minoti ham o‘ziga yarasha», – deydi qorako‘llik Islom ota Ibragimov.

Suyultirilgan gazga moslashmagan manzillar aholisi qish chillasi uchun tayyorgarlikni issiq kunlardan boshlashadi. Yozbo‘yi tappi yopib, qishda tezak yoqishadi. Yetmaganiga ko‘mirdan foydalanishadi. Fuqarolarning so‘ziga ko‘ra,  «D» markali Qozog‘iston ko‘mirlari «B» markali Angren ko‘mirlaridan juda farqli. 1 tonna Angren ko‘miri 300 ming 300 so‘mga teng, Qozog‘iston ko‘miri esa 1 mln 700 ming so‘m narxda sotilmoqda. O‘z-o‘zidan Angren ko‘miriga ehtiyoj baland. Biroq, fuqarolar sifati past bo‘lsa-da, bu ko‘mir yoqilg‘isini arzonligi bois, xarid qilishga majbur bo‘lishayotganini bildirgan.

«Ko‘mirning issiq olovida isinsak-da, achchiq tutunidan ko‘zlarimiz ko‘r bo‘layozadi! Eng qizig‘i, sotib olayotgan ko‘mirlarimizning yarmi kukun. «Telejka»larda keltirishsa, tanish-bilishchilik qilib bilganlar ko‘mirning oldi sifatliroqlaridan xarid qilishga ulgurishadi. Yo‘qsa, ko‘mirning kukuniga qarab qolaverasan, kishi», – deydi Jondor tumanining Do‘qqi qishlog‘ida yashovchi Sattor Mirakov.

«Ko‘mir ta’minot» MChJ Buxoro viloyat filiali rahbari Ulug‘bek Kazimov esa aholiga ko‘mir mahsulotlarini vaqtida uzilishlarsiz, sifatli darajada yetkazib berish bo‘yicha aniq chora tadbirlar ishlab chiqilganini bildirdi.

«Filialning Kogon, Vobkent, G‘ijduvon, Jondor, Qorako‘l va Olot kabi 6 ta omborxonalari orqali ijtimoiy soha ob’yektlariga va aholiga ko‘mir mahsulotlarini sotish tashkil etilgan. 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun filial tomonidan 53 299,0 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, joriy mavsum davomida 38 000,0 tonna mahalliy ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, o‘tgan yil (23000,0 tonna)ga nisbatan 161 foizga oshirilishiga erishildi. Hozirgi kunda 27 656 tonna mahalliy ko‘mir olib kelinib, 24 069 tonnasi aholiga sotildi. Ko‘mir omborlaridagi zaxirasi 3 587 tonnadan ortiqroqni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan aholiga sotish uchun 7 151 tonna import ko‘mir mahsulotlari olib kelinib, 4 951 tonnasi aholi tomonidan sotib olindi», – deydi Ulug‘bek Kazimov.

Bildirilishicha, viloyat hokimligi tomonidan ham 6000 nafarga yaqin kam ta’minlangan xonandonlarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3 200,0 tonna ko‘mir mahsulotlari bepul tarqatilgan.

«Ko‘mir-ku, bor, chiroq-chi... »

Qish mavsumida elektr chiroqlari o‘chib turmaydigan joylar juda kam. Bu ne’matdan foydalanib, ham xonani  yoritish, ham isitish va hatto, ovqat ham pishirish mumkin. Bu ishlar elektr energiyasidan foydalanib, bajariladigan ming turli ishlardan faqat ayrimlari, xolos. Aytish o‘rinliki, ko‘mir yoqilg‘isi yoxud tabiiy gaz ballonlarining ko‘pming sonli aholiga yetkazilishidagi yuqoridagi singari holatlar o‘z-o‘zidan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi.  Vaholanki, elektr energiyasi har bir aholi manziliga yetib borgan.

«Gaz yonmasa yonmasin, ammo elektr bo‘lmasa, qishda odamlar ahvoli chatoq bo‘ladi», – deydi aholi.

To‘g‘ri, hozir qishloq aholisining qariyb uchdan birida generator bor. Ammo, unga har kuni benzin yetkazib bo‘ladimi?! Agar har ikki kunning birida bir litr benzin sarflansa ham bu qishloq aholisi cho‘ntagiga ziyon emasmi?!

«Juda ko‘p manzillar suyultirilgan gazga moslashtirilgan. Shuningdek, ko‘mir bor, yetarlicha. Elektr energiyasi esa juda ko‘p  o‘chiriladi. 95 yoshdaman, bolam, arz qilsak, keksayib qolganga chiqarishadi. Hech bo‘lmasa, shu chiroq, degani o‘chirilmasa», – deydi qo‘rg‘ontepalik Malik bobo Po‘lotov.

«Buxoro viloyat elektr ta’minoti» aksionerlik jamiyati rahbari o‘rinbosariga murojaat qilganimizda: «Elektr energiyasida ta’minotida hududidan qat’iy nazar, bir kunda faqatgina 2 soatgacha o‘chirib qo‘yilishi mumkin. Viloyatning barcha manzillari bir kunda  22 soat elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlanadi», – degan javobni oldik.

Mavzuga qaytamiz.

Laylo HAYITOVA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring