Qirg‘iz parlamenti O‘zbekiston bilan chegarani belgilashga oid bitimni ma’qulladi
Jogorku Kenesh deputatlari O‘zbekiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimni uch o‘qishda ma’qulladi.
Birinchi o‘qishda kelishuvni yoqlab 64 nafar deputat ovoz berdi, 19 nafar deputat qarshi chiqdi. Ikkinchi o‘qishda 62 nafari yoqlab, 21 nafari qarshi chiqdi.Uchinchi o‘qishda esa 64 nafari yoqlab, 19 nafari qarshi chiqdi. Deputatlarning umumiy soni 83 nafarni tashkil etdi.
Jogorku Kenesh yig‘ilishida Kampirobod suv ombori bo‘yicha alohida ovoz berish bo‘ldi.
Unga ko‘ra, mazkur suv omboridan birgalikda foydalanishni yoqlab – 65 nafar, qarshi bo‘lib esa 18 nafar deputat ovoz bergan.
Imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston 4 485 gektar, Qirg‘iziston 19 699 gektar yer oldi.
Qirg‘iziston olgan yerlar hamda O‘zbekistonga o‘tgan hududlar haqida avvalroq ma’lum qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonunlar, taomilga muvofiq, prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi esa bu hujjatlar ratifikatsiyasi bo‘yicha qarorini 14-noyabr kuni qabul qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter