Qimmatbaho ziravorni yetishtirish muddati ikki baravar yaxshilandi

Saudiyalik tadqiqotchilar za’faron (shafran) yetishtirishning innovatsion usulini ishlab chiqishdi. Bu usul bilan giyohning gullash davri uch haftadan 10 kunga qisqaradi, deb yozdi Saudi Press Agency (SPA).
Yangicha yondashuv tik (vertikal) qishloq xo‘jaligi tizimlari va iqlim nazorati texnologiyalarini o‘z ichiga oladi. Bunda o‘simlikni yetishtirish davri sezilarli ravishda qisqaradi: za’faron an’anaviy usulda yetishtirilganda vegetatsiya davri to‘rt haftadan olti haftagachani tashkil etadi (shundan uch haftasi gullash davriga to‘g‘ri keladi).
Yangi usul, shuningdek, ekologiya va iqtisodiy tomondan afzalliklarga ega: havoning ifloslanishi kamayadi, suvdan unumli foydalaniladi va hosildorlik oshadi.
Za’faron — dunyodagi eng qimmatbaho qishloq xo‘jaligi ekinlaridan biri. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning jahon bozoridagi qiymati 372,9 mln AQSh dollarini tashkil etmoqda va 2030-yilga borib 756 mln dollargacha oshishi kutilmoqda. Yuqoridagi singari nazorat qilinuvchi qishloq xo‘jaligi usullari boshqa o‘simliklar hosildorligini hamda mahsulot sifatini oshirishda ham keng qo‘llanilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter