Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qidiruvdagi shaxslar kechirilib, ozodlikka chiqariladi

Qidiruvdagi shaxslar kechirilib, ozodlikka chiqariladi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum xatolar tufayli jinoyat yo‘liga kirib qolgan va adashgan fuqarolarni afv etish, chet elga qochib ketganlarini Vatanga qaytarish bo‘yicha alohida topshiriq bergan edi.

Mazkur vazifa yuzasidan butun respublika bo‘ylab maxsus ishchi guruh tashkil etilib, prokuratura, ichki ishlar organlari mas’ullari ishtirokida jinoyat yo‘liga kirgan gumondorlar va qidiruvda bo‘lgan fuqarolarning ota-onalari, yaqinlari va oila a’zolariga ularni afv etish, oilasiga qaytarish bo‘yicha amaliy tadbirlar boshlanib ulgurdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 17-may kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman ichki ishlar boshqarmasida ana shunday tadbirlardan yana biri bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyev, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev, boshqa mas’ul shaxslar, ota-onalar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari S.Berdialiyev o‘zga yurtda yurgan va qidiruv e’lon qilingan fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish, amnistiyaga tushirish, qidiruvni olib tashlash, shartli ravishda qamoqdan ozod qilish va erkinlikka chiqarish tartiblarini tushuntirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda Toshkent shahri bo‘yicha 2 ming nafardan ziyod fuqaro qidiruvda bo‘lib, ularning 203 nafari kam ahamiyatli, 606 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanishmoqda. 151 nafariga esa amnistiya akti qo‘llanilishi mumkin.

Foto: «Xabar.uz»

Zalga yig‘ilganlar — kimningdir ota-onasi, kimningdir farzandi, yoru birodari yoki aka-ukasi qidiruvda yurgan jigarlarining taqdiri haqida o‘kinib gapirdilar. Qidiruvni bekor qilish yoki amnistiyaga tushirish, shuningdek, o‘ta og‘ir jinoyat qilganlikda gumonlanayotganlarni shartli ravishda ozodlikka chiqarish haqidagi gaplar ularning qalbida umid uchqunini yoqdi.

Amnistiyaga tushirish va qidiruvni bekor qilish qanday amalga oshirilishi haqida alohida maqola e’lon qilamiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring