Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qibrayda  «O‘zbektelekom» AK an’anaviy o‘quv kurslari bo‘lib o‘tmoqda (video, foto)

Kecha, 18-yanvar kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida «O‘zbektelekom» AK an’anaviy maxsus o‘quv kurslari boshlandi. 18-23-yanvar kunlariga belgilangan o‘quv kurslarining tinglovchilari — kompaniya va filiallari rahbarlari, shuningdek, bosh hisobchilari.

2021-yilgi o‘quv kurslari «Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni va ahamiyati, zamonaviy menejment, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash — taraqqiyot garovidir», «Buxgalteriya hisobi va soliq qonunchiligi» mavzularida bo‘lib o‘tadi.

O‘quv kurslarida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov qatnashdi. 

O‘quv kurslari mavzulari:

  • Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini o‘rganish;
  • Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash;
  • Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangicha mexanizmlari;
  • «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasi;
  • O‘zbekistonda axborot jamiyatining shakllanishi: siyosiy-huquqiy asoslar;
  • Mehnat sohasida ijtimoiy hamkorlik asoslari;
  • Rahbar kadrlar kreativ fikrlash ko‘nikmalarini oshirishning innovatsion usullari;
  • Shaxsiy samaradorlikni va vakolatlarni uzatish mahoratini oshirish;
  • Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish;
  • Yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga 2021-yil 1-yanvardan kiritilayotgan o‘zgarishlar;
  • Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini qo‘llash muammolari va boshqalar.

Alisher Zufarov, «O‘zbektelekom» AK bosh direktorining tijorat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:

«Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zbektelekom» AK rahbar-xodimlar va buxgalteriya yo‘nalishidagi rahbar-xodimlar uchun har yili o‘quv kurslarini o‘tkazishi urf bo‘lib qolgan.

O‘quv kurslari davomida kompaniya oldida turgan muhim vazifalar, xususan, 2020-yil sarhisobi qilinadi, erishilgan yutuqlar bilan birga, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tiladi.

Katta amaliy tajribaga ega, bu yo‘nalishda ijobiy natijalarga erishgan ustozlar, professorlar-o‘qituvchilar o‘quv kurslariga jalb etilgan. Kurslar davomida rahbarlar ham o‘z filiallari tajribalarini boshqalar bilan o‘rtoqlashadi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot juda muhim masalaga aylandi. Kompaniyamiz aholiga telekommunikatsiya xizmatlarini to‘liq va yuqori sifatda ko‘rsatish bo‘yicha juda ko‘p ishlarni amalga oshiryapti. Jumladan, ijtimoiy soha bilan bog‘liq ob’yektlarda yuqori tezlikdagi internet va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish birinchi navbatdagi vazifalarimizdan hisoblanadi.

2020-yilda onlayn ta’lim, onlayn ish yuritishga juda katta e’tibor qaratildi. Telekommunikatsiya xizmatlariga talabning oshib ketganini inobatga olgan holda o‘z ish faoliyatimizda, ishga yondashuvimizda juda katta o‘zgarishlarni amalga oshirish zaruriyati tug‘ildi. Shundan kelib chiqib, telekommunikatsiya xizmatlarini joylarga kengroq yetkazish va barcha ijtimoiy soha ob’yektlari (mahala fuqarolar yig‘inlari, maktablar, maktabgacha tarbiya va sog‘liqni saqlash muassasalari)ga yuqori tezlikdagi optik tolali aloqa liniyalarini yetkazish hamda ularga hamyonbop narxlarda xizmatlar ko‘rsatish masalalari dolzarblik kasb etdi. O‘quv kurslarida  bu mavzuda ham o‘zaro fikr almashilib, jahon tajribasi o‘rganildi».

Kurslarda rahbar kadrlarning stressga bardoshliligini shakllantirish treninglarida interaktiv usullar orqali stressli vaziyatlarni tahlil qilish masalalari, ulardan chiqish yo‘llarini qo‘llash, kasbiy stresslarni bartaraf etish malakasi rivojlantiriladi.

 

O‘z imkoniyatlari va resurslaridan maksimal darajada foydalanish, ish vaqtini samarali rejalashtirish va tashkillashtirish hamda mehnat va xordiq o‘rtasida muvozanatni topish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida self-menejment bo‘yicha turli xil rolli o‘yinlar, keyslar va interfaol usullar shaklida trening mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan kompaniyaning moliyaviy holati, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, tarmoqda amalga oshirilayotgan loyihalar, kompaniya filiallarining telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.  

Tinglovchilar kurs davomida Toshkent shahridagi IT-park hamda Toshkent shahridagi INHA universitetining IT-inkubatsiya markazida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishadilar. 2021-yilning 23-yanvar kuni tinglovchilarga sertifikatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring