Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qaysi zamonda yashayapmiz? Yoxud «Kommuna»ga eltayotgan avtobuslar

Qaysi zamonda yashayapmiz? Yoxud «Kommuna»ga eltayotgan avtobuslar

Til – millat oynasi. Odamlarning ushbu hikmatga qanday amal qilayotgani ko‘cha-ko‘yda bitilgan yozuvlarning nechog‘liq imlo qoidalariga rioya qilingani ham ko‘rsatadi. Chunki, har bir yozuv odamlarning savodxonlik darajasini anglatib turadi-da.

Hamma joyda bo‘lgani kabi Urganch shahridagi reklama, e’lon va boshqa qaydnomalar xato va «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga zid ravishda yozilayotganining sirligi joyi yo‘q.

Shahar ichidagi va shaharlararo avtobuslarning yo‘nalishlarini ko‘rsatib turuvchi yozuvlarda sobiq ittifoq davridagi hududlar nomlar hamon aks etib turganiga nima deysiz?! «Kommuna», «1 may», «Sputnik», «Raysentr», «Vodnik» kabi nomlar yangisiga aylantirilganiga salkam 30 yil bo‘layapti. Biroq avtobuslarda o‘sha eski nomlar hanuzgacha tashib yurilibdi.

Kommunistlar «dahosi» V.I.Lenin haykallari 70 mobaynida maydonlarda qo‘r to‘kib, «Kommunizm o‘sha yoqda!» degandek qo‘lini cho‘zib turdi. Urganch bekatlardagi ayrim avtobuslar o‘sha, allaqachon kuni bitgan  kommunizmni izlayotganmikan, degan xayolga borasan kishi.

- Ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlar to‘g‘riligini nazorat qiladigan idora va tashkilotlar bormi o‘zi? – deydi urganchlik o‘qituvchi S.Polvonboyeva. – Bolalar shu yozuvdan andoza olmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Insho va diktantlarda o‘sha ko‘ziga singib qolgan yozuvdagi so‘zlarni ishlatishadi. Xato yozibsan, desang, ustoz, siz yanglishyapsiz, bu yozuv Urganchdagi falon joyda shunday bitilgan, deydi.

Xo‘sh, bu yozuvlar to‘g‘riligiga kim mas’ul? «Tasviriy oyna» ijodiy uyushmasimi? Yoxud Ma’naviyat va ma’rifat markazi? Balki Yozuvchilar uyushmasidir? Kim yoki qaysi idora va tashkilot mas’ul bo‘lgan taqdirda ham birinchi navbatda bu yozuvlarni bitib, xalqning ko‘z o‘ngida osib qo‘yayotganlar bosh aybdor sanaladi.

Bo‘ldi-da endi?!

E. Baxt

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring