Qatortolda talonchilik sodir etildi
2021-yil 18-aprel kuni soat 04:30larda noma’lum shaxslar Toshkent shahri Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida joylashgan «Qatortol savdo markazi» qarshisida turgan 28 yoshli M.Ulug‘bekning yoniga kelgan. Ulardan biri go‘yoki gaplashib olish uchun deb «Iphone 7» rusumli telefon apparatini so‘rab olgan. So‘ng ushbu telefon apparati va g‘ilofining ichida bo‘lgan 500 AQSh dollar pullarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, «Nexia-3» rusumli avtomashinaga o‘tirib hodisa joyidan yashiringanlar.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni 19 yoshli F.Husniddin, voyaga yetmagan 17 yoshli B.Ziyomuhammad va J.Jahongirlar sodir etganliklari aniqlanib, ulardan M.Ulug‘bekka tegishli telefon apparat ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan F.Husniddin, B.Ziyomuhammad va J.Jahongirlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «v» bandi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida, jabrlanuvchiga yetkazilgan 500 AQSh dollar miqdoridagi moddiy zarar qaytarilgan.
Hozirda dastlabki tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ta’kidlashicha, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter